Nukusdagi temir yo‘l ustida qurilgan piyodalar ko‘prigi talab darajasidami?

Jamiyat 12:22 / 18.04.2021 4337

U 2021 yilning mart oyiga kelib foydalanishga topshirildi. Bu haqida mahalliy televideniyada ham xabar berilgandi (https://t.me/qaraqalpaqstan_telekanali/464). Qayd etilishicha, uning qurilishiga 300 mln so‘m ajratilgan. Ammo ishlar to‘liq yakuniga yetkazilmagan. Ko‘prikning ustki qismi yopilmagan.

Ko‘prikdan o‘tayotgan o‘quvchilarning so‘zlariga ko‘ra, ko‘pchilik ushbu ko‘prikdan  o‘tishga qo‘rqishadi. Sababi temir yo‘l ustidagi ko‘prik ba'zi holatlarda qimirlab turadi. Tagidan poyezd o‘tganda ham qimirlashi aytilmoqda.

«Anavi joylarida yoriqlar bor. Ko‘prik o‘rtasida katta odam sakrasa, qimirlab ketadi. Onam ko‘prikka chiqmang, temir yo‘ldan o‘tavering, jarima solmaydi, deydi. Ko‘prik qimirlab turgani uchun shunday deydi. Anavi katta bolalar ham qo‘rqqanidan pastdan (temir yo‘ldan) o‘tishadi. Birovlar bilmaydi, shuning uchun ko‘prikdan o‘tishadi. Bizlar bilamiz. Navro‘z bayramidan oldin ham ko‘prik ochiq edi. To‘liq ishlanmagan. Chala bo‘lsa ham bizlarni ko‘prikka chiqarib qo‘yishdi. Ko‘prikning tepasi yopilishi kerak edi. Ana u joylari teshik bo‘lib yotibdi, ko‘rdingizmi?» - deydi ko‘prikdan o‘tib, maktabga qatnayotgan o‘quvchi qizlar.

Ko‘pchilik ko‘prikdan emas, temir yo‘lning o‘zidan kesib o‘tishmoqda. Ammo bunga belgilangan tartibda jarima bor. Ko‘prikning qimirlashidan qo‘rqqan odamlar temir yo‘lni jarima evaziga kesib o‘tishga ham tayyor.

Undan 22-, 27-, 34-, 41-maktab o‘quvchilari va 22-,23-kichik tuman, «Qo‘sko‘l-3» MFY ahli o‘tib qaytishadi. Ko‘prikning asosiy qismlarida yoriqlar paydo bo‘lgan. Elektr simlar to‘liq yopilmagan. Xavfsizlik talablari to‘liq ta'minlanmagan.

Oldinroq Nukus dehqon bozori qarshisidagi osma ko‘prik 2-3 kun ichida ishga tushishi haqida xabar bergan edik (https://t.me/kunuzqoraqalpogiston/3006). 28 martdan beri 10 kun o‘tdiki, ko‘prik haliyam ishga tushmadi.

Ko‘proq yangiliklar: