Foto: Vindzorda shahzoda Filipp bilan vidolashuv marosimi o‘tkazildi

Jahon 12:19 / 18.04.2021 15834

Buyuk Britaniyada Yelizaveta IIning turmush o‘rtog‘i, Edinburg gersogi, shahzoda Filippni dafn etish marosimi bo‘lib o‘tdi. Televideniyeda marosim jonli translatsiya qilindi. Gersogning tanasi solingan tobut qirollik xonadonining Vindzor qal'asi yaqinida joylashgan shaxsiy ibodatxonasi - avliyo Georgiy butxonasiga olib borildi. Dafn marosimi vaqtida tobut ortidan saroydagi yuqori martabali amaldorlar hamda qirollik oilasi a'zolari yurib borishdi: gersogning farzandlari shahzoda Charlz, Endryu, Edvard va malika Anna, shuningdek, gersogning katta nabiralari shahzoda Uilyam va Harri.

Qirolicha Bentley State Limousine avtomobilida ortdan bordi.

Butxonaga tobut Land Rover Defender 130 avtomobilida olib borildi. Gersog shaxsan uni dafn marosimlari uchun moslashtirgandi. Britaniyadagi Land Rover kompaniyasi Defender 130 avtomobilini 2003 yilda ishlab chiqargan. O‘sha yilda gersog uni o‘z dafn marosimi uchun moslashtirishga kirishgan. U dizaynga so‘nggi o‘zgartirishni 2019 yilda kiritgan. Xususan, gersogning iltimosiga ko‘ra, avtomobil «armiyacha» yashil rangga bo‘yalgan, uning kuzovi ochiq qoldirilgan va tobut tashish uchun maxsus tayanch o‘rnatilgan.

Gersog bilan vidolashuv marosimida yuzlab harbiy xizmatchilar ishtirok etishdi. Ular orasida shahzoda Filipp xizmat qilgan Buyuk Britaniya qirollik harbiy-dengiz floti vakillari, shuningdek, Shotlandiya gvardiya polklari hamda qirollik harbiy-havo kuchlari vakillari bor edi.

Qirollik otliq artilleriyasi marosim vaqtida to‘plardan o‘q uzdi. Shahzodaning tobuti ustiga uning shaxsiy shtandarti (bayrog‘i), qilichi va flotdagi furajkasi qo‘yildi.

Jonathan Brady / Reuters / Scanpix / LETA

Koronavirus pandemiyasi tufayli cherkovdagi marosimda faqat 30 kishi ishtirok etishiga ruxsat etildi. Vindzor dekani va Kenterberiy arxiyepiskopidan tashqari, ishtirokchilar orasida faqat marhumning oila a'zolari va yaqin do‘stlari bor edi.

Marosimda gersogning nabiralari (haddan tashqari kichik bo‘lgani uchun) va shahzoda Harrining rafiqasi Megan Markl (homiladorligi tufayli shifokorlar unga AQShdan uchishga ruxsat berishmadi) qatnasha olmadi. Janozadan keyin gersogning tanasi solingan tobut qirollik hilxonasiga qo‘yildi.

Shahzoda Filipp 9 aprel kuni 99 yoshida vafot etgandi. U o‘zining yuz yillik yubileyini ko‘ra olmadi (bunga ikki oy vaqt qolgandi). Uning o‘limidan keyin mamlakatda sakkiz kunlik umummilliy motam, qirollik xonadoni a'zolari uchun esa 14 kunlik motam e'lon qilindi. Shahzoda Filipp vafot etgan kun Britaniyadagi telekanallar o‘z dasturini o‘zgartirdi. «Bi-bi-si»ga gersogning vafoti keng yoritilgani uchun rekord darajada shikoyat kelib tushgan — 100 mingdan ortiq britaniyaliklar efir faqat bir mavzu bilan to‘lib ketganidan norozi bo‘lishgan.

Ko‘proq yangiliklar: