Tomorqa - daromad manbai

O‘zbekiston 09:29 / 17.04.2021 4266

“Dehqon xo‘jaligi to‘g‘risida”gi va “Tomorqa xo‘jaligi to‘g‘risida”gi qonunlarning tub mohiyati dehqon xo‘jaliklari a'zolari va yer egalarining ijtimoiy muhofazasini, shuningdek, ularning mulkiy huquqlari himoyasini kuchaytirishga qaratilgan.

Mazkur qonunlar aholining tomorqaga bo‘lgan munosabatini ijobiy tomonga o‘zgartirmoqda. Aholida bunday ko‘nikmani shakllantirish uchun mutlaqo, yangi tizim asosida, uyma-uy yurib, tomorqaga ekin eqishni targ‘ibot qilish ishlariga keng jamoatchilik jalb qilinyapti. Bunda mutaxassislar, tajribali dehqonlarning ilg‘or tajribalarini ommalashtirish va tomorqa yerlaridan foydalanish samaradorligini oshirishga e'tibor qaratilyapti.

Hududlarda asosiy vazifasi dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalariga qishloq xo‘jalik mahsulotlarini yetishtirish va sotishda amaliy yordam ko‘rsatadigan “Tomorqa xizmati” mas'uliyati cheklangan jamiyatlari tashkil etildi. Bular aholiga ko‘rsatayotgan amaliy yordam miqdori va sifati kun sayin oshib bormoqda.

Bugungi kunda Buxoro viloyatida 401327 ta dehqon xo‘jaligi va tomorqa yer egalari mavjud. Ularning ixtiyorida 43101 gektar ekin yerlari bor. Demak, asosiy ekin maydonlari aholi ixtiyorida ekan, tomorqa egasida ushbu imkoniyatdan oqilona va samarali foydalanish ko‘nikmasini shakllantirish zarur.

Viloyatda dehqonlarga berkitilgan jami 6234 gektar yerning 2656 gektariga o‘tgan yilning sentyabr–oktyabr oylarida, 3577 gektariga esa noyabr–dekabr oylarida to‘qsonbosti usulida sabzavot ekilgandi.

Barcha tuman hokimliklari tomonidan 2021 yil aholi xonadonlarida ekinlarni joylashtirish va mahsulot yetishtirish prognoz hajmlari belgilab olindi. Joriy yilda dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer uchastkalarida 36867 gektar yerga bahorgi qishloq xo‘jalik ekinlari ekish belgilangandi. Hozirgi kunga qadar 32252 gektar (87,5 foiz), shundan 20647 gektar sabzavot, 5002 gektar kartoshka, 386 gektar poliz, 5919 gektar yerga boshqa ekinlar ekilishi yakuniga yetkazilmoqda. Aholi tomorqalarida ekin ekilishini tashkil etishda yordamga muhtoj xonadonlarga alohida e'tibor berilmoqda. Ularning yerlarini ekishga tayyorlashda 4200 ta xonadonga salohiyatli fermer xo‘jaliklar berkitilib, qishloq xo‘jalik ekinlari ekilishiga ko‘maklashildi.

Viloyatda tashkil qilingan tomorqa xizmat mas'uliyati cheklangan jamiyatlari tomonidan joriy yilda 20945 gektar tomorqa yerlari haydab berildi. Shuningdek, aholi xonadonlariga zarur urug‘liklar, mevali daraxtlar va uzum ko‘chatlari yetkazib berildi.

Bundan tashqari, tomorqa xizmatlari tomonidan tomorqa yer egalari xonadonlariga 2400 ta yengil konstruksiyali ixcham issiqxonalar qurib, foydalanishga topshirildi. 2018–2021 yillarda fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan 27 mlrd so‘m resurs ajratilib, 1200 ta xonadonga kengash huzuridagi “Tomorqa xizmati” mas'uliyati cheklangan jamiyatlari tomonidan issiqxona, parrandachilik, asalarichilik, quyonchilik, urug‘ va ko‘chatchilik, dala do‘konlari qurish xamda suv ta'minoti og‘ir bo‘lgan hududlarda artezian quduq qazish va boshqa loyihalar uchun imtiyozli kreditlar rasmiylashtirib berildi.

 Davlatimiz rahbarining Buxoro viloyatiga kilgan tashrifi davomida viloyatni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda mavjud muammolar va ularni hal etish yuzasidan amalga oshirilishi zarur bo‘lgan chora-tadbirlar belgilab olingandi. Shu maqsadda viloyatda aholi tomorqalarida ko‘kat, piyoz, sarimsoqpiyoz va serdaromad sabzavot ekinlarini ekish va aholi daromadini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi hamda viloyat hokimligi tomonidan kelishilgan holda tasdiqlanib, shu asosda ishlar amalga oshirib kelinmoqda.

Viloyatda “Tomorqa xizmati” mas'uliyati cheklangan jamiyatlari negizidagi 6 ta klasterga 23 mlrd so‘m fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘laridan ajratilishi rejalashtirilgan. Bu klasterlar aholi tomorqasida mahsulot yetishtirish uchun urug‘lik, ko‘chatlar yetkazib berishdan boshlab, yetishtirilgan mahsulotni xarid qilish va undan yakuniy mahsulot ishlab chiqarishgacha bo‘lgan to‘liq jarayonni o‘z ichiga qamrab olgan ishlab chiqarish korxonalaridir. Ishlab chiqarishning bunday to‘liq ko‘lamda tashkil qilinishi orqali yangi ish o‘rinlari ham yaratilmoqda.

Bir so‘z bilan aytganda, dehqon xo‘jaliklari va tomorqalarda o‘zi yetishtirayotgan mahsulotlarni qayta ishlab, bozordagi talab va taklifdan kelib chiqqan holda qulay takliflar berish, loyihalarini amalga oshirish, dehqon xo‘jaliklari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash asosiy vazifalarimizdan biridir.

Askar Nozimov,
Buxoro viloyat fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi.

Ko‘proq yangiliklar: