«O‘sh va Chimkentdagi aeroportlar yiliga 1,3 mln yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatadi, Samarqand aeroporti esa – 165 ming» - Abduhakimov

O‘zbekiston 23:01 / 17.04.2021 13862

Prezidentning Samarqandga tashrifida turizm asosiy mavzulardan biri bo‘ldi, soha rivojiga doir yangi loyihalar taqdim etildi.

Ma'lumotlarga ko‘ra, 2019 yilgi mavsumda bu shahardagi mehmonxonalarda bo‘sh joy bo‘lmagan. 2021 yilning mart oyida esa, pandemiya bo‘lishiga qaramay, Registon maydoniga 150 ming kishi tashrif buyurgan.

Bosh vazir o‘rinbosari, turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov jurnalistlarga bergan intervyusida Samarqandning turizm salohiyatidan yaxshiroq foydalanish uchun nimalar qilinayotgani haqida ma'lumot berdi.

«Biz Samarqand turizm salohiyatining 5 foizidan ham foydalana olmayapmiz. Mana, Samarqand aeroportini olaylik. 2021 yilda bu aeroportdan 165 ming yo‘lovchi foydalanishi rejalashtirilgan. Misol uchun, qo‘shni davlatlarning poytaxt bo‘lmagan O‘sh, Chimkent kabi shaharlari aeroportlaridan yiliga 1,3–1,5 mln yo‘lovchi foydalanyapti.

Prezidentimiz bu borada topshiriq berdilar, Samarqand aeroporti yo‘lovchilar hajmini 7–10 marotaba oshirishimiz lozim. Buning uchun biz «ochiq osmon» tamoyilini yo‘lga qo‘yyapmiz. Hozirda dunyoning 15–20 ta yirik aviakompaniyalari parvozlarni yo‘lga qo‘yishga tayyor turishibdi. Ularga tezkor xizmat ko‘rsatish, yoqilg‘i narxini arzonlashtirish, aeroport to‘lovlarini kamaytirish kabi yengilliklar beriladi.

Turistlar oqimini oshirish uchun arab davlatlari bilan hamkorlikni kuchaytiryapmiz. Qatar, Kuvayt kabi davlatlar fuqarolari ziyorat turizmi uchun kelishadi va boshqa hududlardagi sayyohlardan farqli ravishda bir necha kunlab qolishadi», – dedi bosh vazir o‘rinbosari.

Aziz Abduhakimov «Samarqand turizm markazi»da bo‘lib o‘tgan taqdimot chog‘ida ma'lum qilishicha, 2020 yilda shahardagi mehmonxonalar soni 160 ta bo‘lgan bo‘lsa, 2025 yilga borib ular 296 taga, mehmonxonalardagi jami o‘rinlar esa 6700 tadan 20700 taga yetkazilishi reja qilingan.

Shuningdek, 2021–2022 yillar davomida jami qiymati 7,18 trln so‘m bo‘lgan 210 ta loyiha amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.

Eslatib o‘tamiz, Samarqand viloyati markazi Gulobod qo‘rg‘oniga ko‘chirilib, shahar hududi kengayishi, natijada aholisi 1 millionni tashkil etishi kutilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: