Mustamlakachilar zulmi, oqposhsho farmoni va korrupsioner hokimlar. Fransuz tadqiqotchisi – 1916 yilgi Jizzax qo‘zg‘olonining sabablari haqida

O‘zbekiston 17:00 / 17.04.2021 22525
Markaziy Osiyo Rus imperiyasi uchun paxta manbasiga aylangandi.

2019 yilda Buyuk Britaniyaning Manchester universiteti nashriyotida «1916 yilgi Markaziy Osiyo qo‘zg‘oloni: Urush va inqiloblar davrida imperiyaning qulashi» nomli kitob chop etilgan edi.

Bu qo‘zg‘olon Markaziy Osiyoda yashovchi o‘zbek, tojik, qirg‘iz, qozoq va boshqa xalqlarning rus istilochilariga qarshi eng yirik isyoni sifatida qolgan. Ingliz tadqiqotchilari kitobida qo‘zg‘olonning turli jihatlari tahlil qilinadi. Bu oxirgi 60 yil ichida shu mavzuda ingliz tilida chop etilgan birinchi to‘plam hisoblanadi.

BBC o‘zbek xizmati kitob muallifi va muharrirlaridan biri fransiyalik olima Kloye Driyu bilan suhbat qildi.

— 1916 yilgi Markaziy Osiyo qo‘zg‘oloni haqida ko‘p kitob yozilmagan, yozilganlariga ham ancha vaqt bo‘lgan. Siz va hamkasblaringiz yozgan bu kitob avvalgilaridan nimasi bilan farq qiladi, qanday yangi topilmalar bor unda?

— 1916 yilgi Markaziy Osiyo qo‘zg‘olonini tahlil qilgan ilk kitobni Aleksandr Sokol 1950-yillarda chop qilgan. Demak, uning chiqqanidan beri ancha vaqt o‘tdi. Sokolning kitobi ham ancha yaxshi, u 1916 yilgi qo‘zg‘olon sabablarini tahlil qilgan. Ammo, Sovet Ittifoqining ilk yillarida va keyinroq 50-yillar va undan keyin bu mavzu juda siyosiylashtirilgan edi. 1930-yillardan keyin bu qo‘zg‘olonni tadqiq qiluvchi boshqa kitoblar chiqarilmay qo‘ygandi. Chiqqanlarining ham aksari arxiv materiallari to‘plamlari bo‘lgan. Ya'ni u asosan xom material edi va uni tahlil qilish juda qiyin, chunki juda ko‘p turli mavzularni o‘z ichiga olgan. Agar tarixchi bo‘lmasangiz, bu ma'lumotlar bilan ishlash osonmas. Biz nashr etgan kitobimizga esa ko‘plab tarixchilarni jalb qildik, unga Aleksandr Morrison, Aminat Chokobayeva va men muharrirlik qildik, va yana 10dan oshiq mualliflar maqolalarini qo‘shdik. Ular dunyoning turli burchaklaridan – O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Germaniya, Fransiya, Britaniya va boshqa joylardan.

Biz kitobda ham o‘troq va ham ko‘chmanchi hududlardagi qo‘zg‘olonlarning turli tafsilotlari haqida fikrlar bildirganmiz.

20-asr boshida Markaziy Osiyoga rus aholi ko‘chirib olib kelingan.
Foto: Getty Images

— Siz bu kitobda Jizzax qo‘zg‘oloni haqida bir bobni o‘zbekistonlik tarixchi bilan birgalikda yozgansiz. Qo‘zg‘olon sabablari haqida bizda kam o‘qitilgan, ammo bilganlarimiz mahalliy aholidan rus aholiga yerning olib berilishi, umumiy bosim bilan bog‘liq. Sizningcha, uning asosiy sabablari nima edi?

— Nafaqat men Akmal Bozorboyev bilan yozgan maqola, balki kitobdagi boshqa maqolalarda ham 1916 yilgi qo‘zg‘olon sababi 1916 yilgi imperator farmoni bo‘lmagani aytiladi. Ya'ni, mahalliy aholining urushda mardikorlik qilish uchun olib ketishga safarbar etilishi haqidagi farmon asosiy sabab emas edi. Asosiy sabab mustamlakachilik tuzumining o‘zi edi.

Masalan, Jizzax misolida Akmal izohlaydiki, u yerda yerga egalikning isloh qilinishi, yer kategoriyalashtirilishi, undan foydalanish yo‘lidagi mustamlakachilik dasturi xalq ko‘tarilishiga asosiy sabab bo‘lgan. Chunki aholining yerga egalik va foydalanish odati boshqacha edi.

Shuningdek, biz Jizzax viloyatining qayerlarida qo‘zg‘olon bo‘lgani va qayerlarida bo‘lmaganiga e'tiborni qaratdik. Va asosiy muammo shundaki, Qirg‘iziston bo‘ladimi yo O‘zbekiston, bu hodisani milliylashtirishga urinishlar bo‘lgan va biz ana shu milliy talqinlardan uzoqroq turishga urindik.

— Albatta, siz aytgan davlatlar chegaralari u vaqtda hali yo‘q edi, va bu kitobda Turkistonning turli qismlari, Semireche, Jizzax, Xo‘jand va boshqa hududlar haqida gap ketadi. O‘sha hududlarda yuz bergan qo‘zg‘olonlar o‘zaro muvofiqlashtirilganmidi yoki butkul ayri edimi?

— Sovet tarixchilari bu qo‘zg‘olon o‘ta yirik bo‘lgani va butun Markaziy Osiyoga yoyilganini ko‘rsatishga uringanlar. Ular bir o‘choqni ikkinchisiga ulashga harakat qilishgan. Lekin biz kitobimizda Akmal Bozorboyev bilan birgalikda, har bir qo‘zg‘olonning mohiyati o‘ta mahalliy bo‘lganini ko‘rsatishga urindik.

Mening maqsadim, Markaziy Osiyodagi 1916 yilgi qo‘zg‘olonlarni mikroanaliz qilish. Albatta, turli isyonlar o‘rtasida qandaydir bog‘liqlik bo‘lgan, ammo juda kichik ko‘lamda. Ayniqsa, o‘troq hududlarda. Ko‘chmanchi aholi biroz farq qiladi, ular ancha serharakat va ayniqsa Semirecheda butun hudud bo‘ylab ko‘chganlar. Ya'ni, voqeaning ikki xil rivojini ko‘rsa bo‘ladi – o‘troq joylardagi zo‘ravonliklarning episentri Jizzax bo‘lgan.

Jizzax viloyatidan 10 mingdan oshiq erkak Birinchi jahon urushiga yuborilish uchun ro‘yxatga olingan.
Foto: CENTRAL ASIAN REVOLT 1916

— Siz qo‘zg‘olonga asosiy sabab mahalliy erkaklarni urushda mardikorlikka olib ketish haqidagi imperator farmoyishi bo‘lmagan dedingiz, ammo maqolangizda Jizzaxdan qancha erkaklar olib ketilishi, har bir volost yo qishloqdan qanchasi, umumiy hisobda 10 mingga yaqin erkak safarbar qilinishi ro‘yxati berilgan. Va aynan shu ro‘yxatlar tuzila boshlaganda, qo‘zg‘olon ko‘tarilgan. Demak, bu asosiy sabab bo‘lmasa-da, asosiy turtki bo‘lgan deyish mumkinmi?

— Ha, bu yerda aniqlashtirish lozim – erkaklarni armiyaga urushda jang qilishga emas, balki unda mehnat qilishga, masalan okoplarni qazishga olib ketish uchun yig‘a boshlaganlar. Ruschasida bu rekvizitsiya deb atalgan. Darhaqiqat, bu rekvizitsiyani amalga oshirishni buyurgan imperator farmoyishi qo‘zg‘olonga asosiy turtki bo‘lgan, ammo asosiy sabab emas. Asosiy sabab – mustamlakaning o‘zi. 1905 yildan keyin rus aholi kelib, bu yerlarga joylasha boshlagan va, masalan, Semirecheda ular yerlarni va buloqlarni qonuniy va noqonuniy tarzda o‘zlashtira boshlaganlar.

Yana bir sabab – ma'muriy tizim edi. Mustamlakachi hokimlar orasida korrupsiya keng tarqalgandi.

— Urushga olib ketishdan norozilik haqida gapirsak, xalq aynan nimadan norozi edi?

Qo‘zg‘olon uyushtiruvchilari va ishtirokchilari deya gumonlangan mahalliy aholi vakillari ayovsiz jazolangan.
Foto: Getty Images

— Bu farmoyish yoz mavsumida e'lon qilingan, O‘zbekistonda bu vaqt qishloq xo‘jaligi uchun o‘ta muhim davr sanaladi. Nafaqat paxta yetishtirishda, balki butun ziroat sohasida. Aynan qishloq xo‘jaligi va daladagi mehnat nuqtayi nazaridan, bu farmoyish o‘ta noqulay va omadsiz davrda chiqarilgan.

Undan tashqari, o‘sha vaqtda mahalliy aholi ro‘za tutayotgandi, Ramazon oyi edi. Mahalliy rus administratsiya bularni hisobga olmagan, hech qanday tayyorgarlik ko‘rmagan, u o‘ta samarasiz edi. Undan tashqari, rus imperiyasi bu joylarni ishg‘ol qilganida mahalliy aholiga ularning erlari urushda qatnashish yoki urushda mehnat qilish uchun olib ketilmasliklarini va'da qilgandi. Ammo, Birinchi jahon urushida bu kelishuvdan voz kechilib, ruslar mahalliy musulmonlarni urushga jalb qilishga ahd qilishgan, chunki ularga ishchilar kerak edi.

Markaziy osiyolik erkaklar urushga bizni jang qilishga olib ketishadi, bizni nasroniylikni qabul qilishga majburlashadi, cho‘chqa go‘shtini yedirtiradi deya vahima va mish-mishlar ichida qolishgan.

— Kitobingizda rus generallari qo‘zg‘olondagi islomiy omilni bo‘rttirib ko‘rsatishgan deyiladi. Sizningcha, qanchalar kuchli edi islomiy omil?

Musulmon aholining sadoqatiga ishonmagan Rus imperiyasi musulmonlarni armiya safiga qo‘shmaslik va'dasida turmadi.
Foto: Getty Images

— Bu savolga javob berish qiyin. Avvalo aytish kerak, barcha mustamlakachilar – Fransiya imperiyasi, Britaniya imperiyasi, Rus imperiyasi – islom tahdididan qo‘rqqanlar. Shunday ekan, arxivda Panislamizm va Panturkizm haqida juda ko‘p yozilganini ko‘ramiz, chunki ularda qandaydir islomiy isyon haqida paranoya bor edi. Lekin, asl vaziyat bunday emas edi. O‘zbekiston va Qirg‘izistondagi arxivlarni titkilasangiz, u yerdagi ma'lumot asosan mustamlakachilarning o‘zidan qolganini ko‘rasiz, ya'ni asosan harbiylar tilidan yozilgan. Ammo, ular asl vaziyatni va Islom rolini uncha yaxshi tushunmaganlar. Ulardagi asossiz vahimani va u vaqtda mavjud bo‘lmagan Islom tahdidini sezish mumkin. Mening nazarimda, bunday tahdid bo‘lmagan. Jihod degan so‘z u vaqtda keng tarqalmagandi.

Jizzaxliklar orasida kichik islomiy omilni sezish mumkin, masalan g‘azavot so‘zi qo‘llangan va u kofirlarga qarshi kurashda birlashish uchun bir shior sifatida ishlatilgan. Ammo, u omil qanchalar chuqur ekanini arxivdan aniqlash qiyin.

— Bugun 1916 yilgi qo‘zg‘olon haqida gapirish nega kerak? Undan nima saboq chiqarish mumkin?

— Bu murakkab savol. Agar Markaziy Osiyoni ancha kengroq jahon tarixiga, Birinchi jahon urushi va mustamlakalar tarixiga qo‘shmoqchi bo‘lsak, Markaziy Osiyo tarixini chuqurroq o‘rganishimiz kerak. Aytaylik, Fransiyada Markaziy Osiyoni umuman tilga olishmaydi. Fransuz tarixchilari ko‘proq Fransiya va Britaniya imperiyalarini solishtiradi, Rus imperiyasi esa chetda qoladi. Afsuski, shunday. Shu sabab men Markaziy Osiyoni mustamlakachilik tarixi borasidagi kengroq bahs-u munozaralarga qo‘shishni istayman.

— Saboq haqida so‘raganimning sababi, sizga ma'lum bo‘lsa kerak, Germaniya 20-asr boshida bugungi Namibiya aholisini qirganini tan oldi va ularga qanday tovon to‘lash borasida muzokaralar olib boryapti. Agar qirg‘iz, qozoq, o‘zbeklar ham bu tarixni chuqur o‘rganib, o‘sha davrda aholining qatliom etilgani va yerlari tortib olingani haqida ko‘proq gapira boshlasa, bu ham qandaydir tovon talablariga yo‘l ochib berishi mumkinmi?

— Menimcha, Germaniyaning tovon to‘lashi rasmiylashtirilsa, juda yaxshi bo‘lardi, chunki u Fransiya va Britaniya kabi boshqa mustamlakachilarni ham seskantiradi. Fransiyada mustamlakachilik davri va, aytaylik, Jazoir urushi masalasi hali ham juda og‘riqli mavzu. O‘zbekistonda esa 100 yil o‘tib ham 1916 yilgi qo‘zg‘olon Rossiya va O‘zbekiston munosabatlari kontekstida ko‘rilayotgani juda qiziq. Bu haqda ko‘p gapirilmaydi, ammo siyosat o‘zgargan vaqtda tanqidiy fikrlar chiqib qoladi. Bu kayfiyatga bog‘liq. Bu xalqaro munosabatlarga bog‘lanib qolgan.

Ko‘proq yangiliklar: