«Ijtimoiy g‘alayonlar umidsiz odamlarning, ayniqsa yoshlarning radikallashuviga zamin yaratadi» - Tanzila Norboyeva 

O‘zbekiston 07:50 / 16.04.2021 4395

Oliy Majlis Senati delegatsiyasi a'zolari Rossiyaga tashrif doirasida “COVID-19 pandemiyasi sharoitida global xavflar va tahdidlar. Terrorizm va zo‘ravonlikka da'vat etuvchi ekstremizm” mavzusida xalqaro parlament konferensiyasida qatnashdi.

Konferensiyada so‘zga chiqqan Senat raisi Tanzila Norboyeva COVID-19 pandemiyasi jahon hamjamiyati uchun jiddiy xavfga aylanganini, barcha mamlakatlarning milliy iqtisodiyoti va sog‘liqni saqlash tizimi izdan chiqishiga olib kelganini, shuningdek jamiyatning eng dolzarb muammolarini ochib berganini ta'kidladi.

— Ijtimoiy g‘alayonlar umidsiz odamlarning, ayniqsa yoshlarning radikallashuviga zamin yaratadi, — dedi Senat raisi T.Norboyeva. — Terrorizm ham virus kabi davlat chegaralarini tan olmaydi va barcha mamlakatlar uchun bir xil darajada xavf tug‘diradi. Terrorizm va zo‘ravonlikka da'vat etuvchi ekstremizmning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar, albatta, mamlakat qonunchiligiga asoslanishi hamda inson huquqlari sohasidagi xalqaro standartlarga muvofiq bo‘lishi kerak. Bunda milliy qonunchilikda bunday jinoyatlarning tasnifi keng jamoatchilik uchun tushunarli bo‘lishi kerak.

O‘zbekistonda mazkur yo‘nalishda olib borilayotgan ishlarni qayd etib, O‘zbekiston parlamenti yuqori palatasi rahbari T.Norboyeva quyidagilarni ta'kidladi:

— So‘nggi yillarda parlamentlararo aloqalar rivojlanib borayotgani juda muhimdir, bu ko‘plab sohalarda, shu jumladan terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashishda muammolarni samarali hal etish imkonini beradi. Bu masalada faoliyati nafaqat ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish uchun zarur qonunchilik bazasini yaratishga, balki jamiyatda bunday hodisalarga murosasizlik muhitini shakllantirish, ularga jamiyat e'tiborini qaratishning preventiv mexanizmlarini joriy etish bo‘yicha keng qamrovli faoliyat olib borishga qaratilgan parlamentning o‘rni muhimdir. Tahdidlarning xalqaro transchegaraviy xususiyatini hisobga olsak, davlatlararo hamkorlik omili muhim ahamiyat kasb etadi. O‘zbekiston bu yo‘nalishda hamkor mamlakatlar birgalikda yanada ko‘proq faoliyat olib borishi tarafdori.

Shuningdek, tashrif doirasida Tanzila Norboyevaning MDH PA a'zo davlatlari parlamentlari rahbarlari bilan ikki tomonlama uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi.

Jumladan, Moldova parlamenti raisi Z. Grechaniy bilan uchrashuvda O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlar, mamlakatning asosiy nuqtayi nazarlari to‘g‘risida batafsil ma'lumot berildi. Parlamentlararo hamkorlik, gender tenglik, yoshlar siyosati masalalari, pandemiya sharoitida ko‘rilayotgan chora-tadbirlar, shuningdek, iqtisodiyot, madaniyat va boshqa sohalarda hamkorlikni davom ettirish masalalari ko‘rib chiqildi.

O‘zbekiston parlamenti yuqori palatasi rahbari ikki mamlakat parlamentlarining do‘stlik guruhini tuzish, mintaqalararo darajada aloqalar o‘rnatishni taklif qildi.

Shu kuni Senat raisi T.Norboyeva Armaniston Milliy majlisi raisi A.Mirzoyan bilan uchrashdi.

Tomonlar savdo-iqtisodiy, madaniyat, ta'lim sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildi.

Uchrashuv chog‘ida tomonlar ikki mamlakat parlamentlarining faoliyat ko‘rsatayotgan do‘stlik guruhi ishini qayd etdi, mintaqaviy parlamentlar doirasida tajriba almashish, qonun ijodkorligi bo‘yicha ixtisoslashgan qo‘mitalar o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish to‘g‘risida kelishib oldilar.

Shundan so‘ng O‘zbekiston parlamenti yuqori palatasi rahbari Ozarboyjon Milliy majlisi raisi S.Gafarova bilan uchrashdi.

Uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlik, O‘zbekiston-Ozarboyjon parlamentlari hamkorligini chuqurlashtirish, shuningdek, o‘zaro munosabatlar yangi istiqbollarini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Parlamentlararo hamkorlik bo‘yicha guruhlar faoliyatini rivojlantirish zarurligi qayd etildi.

Tomonlar O‘zbekiston parlamenti huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti hamda Ozarboyjon parlamenti huzuridagi tahliliy-huquqiy tuzilmalar o‘rtasida aloqa o‘rnatish, xalqaro parlament tashkilotlari doirasida o‘zaro qo‘llab-quvvatlash, Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi parlament tuzilmalari doirasida tajriba almashish, sayyohlik va boshqa sohalarda hamkorlikni rivojlantirishga doir ishlarni davom ettirish, ikki davlat rahbarlari o‘rtasida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishga ko‘maklashish to‘g‘risida kelishib oldilar.

Ko‘proq yangiliklar: