Ombudsman matbuot xizmatining ma'lum qilishicha, 1600 o‘ringa ega bo‘lgan Respublikada yagona ayollar jazoni ijro etish muassasasida hozirda 500 nafardan ortiq mahkumalar saqlanmoqda, ularning 3 nafari voyaga yetmagan qizlar.
Ma'lum qilinishicha, yotoqxonalarda mahkumalar uchun yaratilgan shart-sharoitlar talab darajasida, suhbatda ham hech bir mahkuma muassasa sharoiti yoki xodimlar muomalasidan shikoyat qilmagan.
Mahkumalar buyurtmaga qarab 400-700 ming so‘mgacha oylik ish haqi olishadi. Kasal va yoshi katta mahkumalar ishga jalb qilinmaydi, kasb-hunarga o‘rgatilgan ayollarga sertifikatlar beriladi.
Muassasadagi 2ta bolalar uyida 21 nafar ona 3 yoshgacha bo‘lgan farzandlari bilan 24 soat davomida birga bo‘lishi mumkin. Bolali mahkumalar majburiy ishga jalb qilinmaydi, lekin ixtiyoriy ravishda ishlash istagini bildirsa, farzandlarini tarbiyachi yoki hamshiralarga qoldirishi mumkin. Uzoq muddatga ozodlikdan mahrum etilgan mahkumalarning farzandlari 3 yoshdan keyin yaqin qarindoshlari yoki mahkumaning roziligiga asosan bolalar uyiga topshiriladi.
O‘rnatilgan tartibga ko‘ra, mahkumalar har 2 oyda bir marta ko‘rishga keluvchilar bilan, ularning qarindoshlik darajasiga qarab uzoq va qisqa muddatda uchrashishi mumkin.
Shuningdek, ombudsman o‘rganishlari davomida tibbiyot xodimlarining oylik maoshlari kamligi sababli muassasadagi 8ta shifokor o‘rni vakant ekani, oshxonalardagi idish-tovoqlar almashtirilishi kerakligi aniqlangan.
Muassasa hududida mahkumalar mehnat bilan band bo‘lishlari uchun shu oy oxirigacha yangi tikuv sexi qurilib, foydalanishga topshirilishi rejalashtirilmoqda.