Shavkat Mirziyoyev Samarqanddagi turizm markazini borib ko‘rdi

O‘zbekiston 19:11 / 15.04.2021 9635

Majmua Samarqand tumanidagi eshkak eshish kanali bo‘yida, 212 gektar maydonda qurilmoqda. Loyihaga ko‘ra, bu yerda 10 ta inshoot, jumladan, kongress xoll, mehmonxonalar, dam olish maskanlari bo‘ladi.

Ayni paytda kongress xoll, “Abadiy shahar” karvon saroyi va 8 ta mehmonxona bunyod etilmoqda. Mehmonxonalarning ikkitasi 22 qavatli, besh yulduzli, qolganlari to‘rt yulduzli bo‘ladi. Ayni paytgacha 726,3 mlrd so‘mlik qurilish ishlari amalga oshirilgan.

Ma'lumki, Samarqandda mehmonxonalar ko‘p bo‘lishiga qaramay, sayyohlar ko‘p kelganda o‘rinlar yetishmay qoladi. Masalan, 2019 yilda shahardagi barcha otellar band bo‘lgan. Turizm rivojiga imkoniyat yaratilayotgani, 90 ga yaqin mamlakat fuqarolariga vizasiz rejim joriy qilingani turistlar oqimini ko‘paytirmoqda.

Rasmiylarga ko‘ra, qurilayotgan markaz turistik xabga aylanadi. Bu yerda xalqaro anjumanlar o‘tkazish uchun ham keng sharoit bo‘ladi. Uni 2022 yilda foydalanishga topshirish mo‘ljallangan.

Prezidentga mazkur yangi sayyohlik markazi imkoniyatlari, turistlarga ko‘rsatiladigan xizmatlar haqida ma'lumot berildi. Davlat rahbari markaz boshqaruvini samarali tashkil etish, turizm sohasida mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha topshiriqlar berdi.

«Xorijlik sayyohlarga bu loyihalarni chiroyli taqdim qilish kerak. Loyiha bitishini kutish kerak emas, ko‘p sonli mehmonlar kelishiga hozirdan tayyorgarlik ko‘rishimiz kerak. Ular O‘zbekistonning shunday salohiyatini bilsin. Nafaqat bu yerdagi sharoit, balki uchib kelib-ketishlari uchun aeroport, logistika bo‘yicha ham qulayliklar yaratish lozim», – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shu yerda bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov Samarqandning turizm infratuzilmasini rivojlantirish loyihalarini taqdimot qildi.

Samarqand shahrida ilk bor gastronomik ko‘cha, Samarqand tumani “Konigil” mahalla fuqarolar yig‘inida O‘zbekistondagi birinchi turizm qishlog‘i tashkil etildi. Bunday maskanlar sayyohlarning viloyatda qolish vaqtini uzaytirish bilan birga, hudud infratuzilmasini rivojlantirish, aholiga daromad manbayi yaratishga xizmat qilmoqda.

Davlat rahbari mazkur turistik markazni shahar bilan bog‘laydigan yo‘l o‘tkazgichni borib ko‘rdi, Usta Umar Jo‘raqulov va Afrosiyob ko‘chalarida amalga oshirilayotgan obodonlashtirish ishlarini ko‘zdan kechirdi.

Ko‘proq yangiliklar: