«O‘zbeklarning yangi avlodi ona tilini bilmaydiganlardan iborat bo‘lishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi» - Alisher Qodirov

O‘zbekiston 14:44 / 15.04.2021 6094

Yangi tahrirda ko‘rilayotgan “Davlat tili haqida”gi qonun loyihasining 18-moddasida “O‘zbekistonda yashovchi shaxslar tarbiya va ta'lim olish tilini tanlash huquqiga egadirlar” deb belgilanmoqda. Bu haqda “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi markaziy kengashi raisi Alisher Qodirov xabar berdi.

Alisher Qodirov Rossiya prezidenti Vladimir Putinning gapidan iqtibos keltirib, u rus milliy manfaatlari nuqtayi nazaridan to‘g‘ri fikr ekanini ma'lum qildi.

“Rossiyada muhojirlarning farzandlari amalda rus tili va madaniyati muhitiga, imkoni boricha rus milliy qadriyatlariga to‘liq singib ketishiga erishish kerak” V.Putin.

Bu rus milliy manfaatlari nuqtayi nazaridan hurmat qilinishi kerak bo‘lgan, to‘g‘ri fikr. Qayerda yashasang o‘sha yerga moslashasan. Yumshoqroq bo‘lsang singib ham ketasan, albatta.

Biz esa yuz yildan beri rus vatandoshlarimizga o‘zbek tilini o‘rgata olmaymiz. Aksincha, o‘zbeklar farzandini rus tilida ta'lim olishga yo‘naltirayotgani odatiylashib bormoqda. Toshkent shahrida o‘zbek tilida o‘qitilmaydigan maktablar soni ko‘payib ketdi. Achinarlisi, bunday maktablarning 90 foizdan ko‘p o‘quvchilari o‘zbeklardir.

Bu qonunchilikdagi xato bilan bog‘liq masala”, deydi Alisher Qodirov.

Ta'kidlanishicha, yangi tahrirda ko‘rilayotgan “Davlat tili haqida”gi qonun loyihasining 18-moddasida “O‘zbekistonda yashovchi shaxslar tarbiya va ta'lim olish tilini tanlash huquqiga egadirlar” deb belgilanmoqda.

“Bu huquq amaldagi qonunda ham bor bo‘lib, faqat ta'lim tiliga tegishli edi, endi tarbiya ham qo‘shilmoqda. Bu norma mohiyatan boshqa millat vakili bo‘lgan vatandoshlarimizning ona tilida tarbiya ko‘rish va ta'lim olish huquqini ta'minlashga qaratilgan edi. Buni qarangki, o‘zbek oilalari “farzandim rus tilini yaxshi bilsin” degan niyat bilan bog‘chadan yoki 1-sinfdan boshlab farzandi uchun tamoman begona bo‘lgan tilni tanlashmoqda.

Fojia faqat bunda emas. E'tibor bering, bolalar 5-6 sinfgacha butun diqqatini rus tilini anglash uchun (!) sarflaydi. Tabiiy ravishda boshqa muhim fanlarni rus tilida tushunmagani uchun o‘zlashtira olmaydi. Bu vaqtga kelib ikkinchi shok boshlanadi: yuqori sinflarda aniq fanlarni rus tilida o‘qitadigan pedagoglar yo‘q hisobi. Endi bola matematika va fizikani o‘zbek tilida o‘qishga majbur bo‘ladi, lekin o‘zbek tilini tushunmaydi.

Bola shu ikkita shok bilan, rus tilini “sudrab”, milliy qadriyat, vatan, ma'naviyat degan so‘zlarga nafrat bilan maktabni bitiradi.

Marhamat, o‘zbek yoshlaridan iborat ishchilar guruhi. Bu holatda ularning juda ko‘pi uchun yagona yo‘l Rossiyada qora mehnat bo‘lib qoladi”, deb yozmoqda Alisher Qodirov.

Uning aytishicha, shu sababli "Milliy tiklanish" partiyasining fraksiyasi ushbu normani "O‘zbekistonda yashovchi shaxslarga o‘z ona tilida tarbiya va ta'lim olish uchun sharoit yaratiladi" shaklida o‘zgartirishni tashabbus qilmoqda.

Eslatilishicha, Konstitutsiyada O‘zbekistondagi barcha millatlarning tillarini rivojlantirish uchun sharoit yaratishga va'da berilgan.

“Bu va'da oshig‘i bilan bajarilmoqda, bajarilishi ham kerak. Lekin, bag‘rikengligimiz oqibatida o‘zbeklarning yangi avlodi o‘zligini anglamaydigan, ona tilini bilmaydiganlardan iborat bo‘lishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi.

O‘zbekning bolasi o‘zbek qadriyatlari bilan tarbiya ko‘rsin, savodini o‘zbek tilida chiqarsin, 7-sinfdan boshlab istagan xorijiy tilni o‘rgansin, bu millat rivoji uchun zarur.

Boshqa millat vakillari bo‘lgan vatandoshlar ham ona tillarida tarbiya ko‘rsinlar, savod chiqarsinlar, lekin xorijiy tillar bilan bir qatorda, vatan tili sifatida o‘zbek tilini ham o‘rganishlari kerak.

“O‘zligiga begona insondan baxsizroq yana kim bo‘lishi mumkin?” - F.Dostoyevskiy”, deya o‘z fikrini yakunlagan “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi markaziy kengashi raisi.

Bundan oldin, Rossiya prezidenti Vladimir Putin ushbu davlat maktablarida migrantlarning farzandlari soni ko‘payib ketmasligi kerakligini aytgandi.

Ko‘proq yangiliklar: