Milliy antidoping agentligi shtati kengaytiriladi

O‘zbekiston 10:31 / 15.04.2021 1403

Prezidentning “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Milliy antidoping agentligi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Qaror bilan Vazirlar Mahkamasi, Moliya vazirligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Milliy antidoping agentligi va Milliy olimpiya qo‘mitasining:

  • agentlik boshqaruv xodimlari cheklangan sonini 2 baravarga ko‘paytirish;
  • 2021 yil 1 apreldan boshlab yagona tarif setkasi bo‘yicha mehnatga haq to‘lashning tasdiqlangan razryadlariga ko‘ra agentlik xodimlari lavozim maoshlarini belgilashda tarif koeffitsiyentlarini (1,5 baravar miqdorda) qo‘llash;
  • agentlik bosh direktorining maqomi, mehnatga haq to‘lash, moddiy rag‘batlantirish va tibbiy xizmat ko‘rsatish shartlariga ko‘ra vazir birinchi o‘rinbosariga tenglashtirish to‘g‘risidagi takliflari ma'qullandi.

Agentlikning yangilangan tuzilmasi tasdiqlandi. Bosh direktorga agentlik tasdiqlangan tuzilmasiga xodimlar belgilangan umumiy cheklangan soni va mehnatga haq to‘lash fondi doirasida o‘zgartirishlar kiritish huquqi berildi.

Agentlikka:

a) Butunjahon dopingga qarshi agentligi talablaridan kelib chiqib bir oy muddatda:

taqiqlangan moddalardan foydalanish borasida sportchilar ariza va hujjatlarini o‘rganib, xulosa chiqarish bilan shug‘ullanadigan Terapevtik istisno bo‘yicha komissiya;

antidoping qoidalari buzilishi holatlarini o‘rganib, qaror chiqarish bilan shug‘ullanadigan Axloq bo‘yicha komissiya;

Terapevtik istisno bo‘yicha komissiya xulosasi va Axloq bo‘yicha komissiya qaroridan norozi tomon arizasini o‘rganib, qaror chiqarish bilan shug‘ullanadigan Apellyatsiya bo‘yicha komissiya faoliyatlarini samarali tashkil qilish, ularni malakali mutaxassislar bilan to‘ldirish choralarini ko‘rish;

b) ikki hafta muddatda ushbu qaror mazmun-mohiyatini Butunjahon dopingga qarshi agentligiga yetkazish choralarini ko‘rish topshirildi.

Moliya vazirligiga:

  • agentlik markaziy apparati uchun 2ta maxsus avtotransport vositasini xarid qilish va saqlash uchun limit ajratish;
  • ushbu qaror ijrosini ta'minlash yuzasidan agentlik xarajatlari uchun asoslangan hisob-kitoblar bo‘yicha 2021 yilgi davlat budjeti parametrlari doirasida mablag‘ ajratish va 2022 yildan boshlab zarur budjet mablag‘larini nazarda tutish topshirildi.

Vazirlar Mahkamasiga bir hafta muddatda agentlikni zarur shart-sharoitlarga ega bo‘lgan binoga joylashtirish choralarini ko‘rish topshirildi.

Ko‘proq yangiliklar: