«Ijtimoiy dasturlar doirasida 15,3 mlrd so‘m o‘zlashtirilmagan» – Zoyir Mirzayevning tadbirkorlarga murojaati

O‘zbekiston 20:27 / 15.04.2021 5167

14 aprel kuni Qashqadaryo viloyat rahbarlari 2021 yilning birinchi choragida tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar va yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar bo‘yicha jamoatchilikka murojaat qildi.

Tadbirlarda 8 aprel kuni prezident Sh.Mirziyoyev boshchiligida o‘tkazilgan selektor majlisidada qo‘yilgan vazifalarga alohida to‘xtalib o‘tildi. Ushbu majlisda berilgan topshiriqlardan, tanqidlardan xulosa chiqargan holda viloyatning barcha o‘sish ko‘rsatkichlarini kamida 30 foizga oshirishni maqsad qilib qo‘yilgani ta'kidlandi.

Tadbirkorlar va jamoatchilik

Kun.uz muxbiri xabariga ko‘ra viloyat hokimi Z.Mirzayev o‘z chiqishida tadbirkorlikni rivojlantirish uchun viloyatdagi imkoniyatlar, ajratilayotgan mablag‘lar, qilingan ishlar haqida to‘xtalgan. Aholini hamda tadbirkorlar muammolarini hal etishda jonbozlik ko‘rsatmagani uchun mas'ullarni, ayniqsa, xalq deputatlari hududiy Kengashlari deputatlari faoliyatini tanqid ostiga olgan.

«O‘tgan vaqt oralig‘ida birorta deputat o‘z xizmat vakolatidan foydalanib tadbirkorning bank mablag‘i masalasini hal qilganini eshitmadim. Mas'ullar ham tadbirkorning muammosini hal etishda jonbozlik ko‘rsatmayapti. Tadbirkor yozma murojaat qiladi, xat rahbarlar orasida yuradi, oxirida bankka borib «qotadi». Masala hal bo‘lmaydi. Endi boshqacha ishlaymiz – har bir rahbar kunlik 2–3 soat vaqtini tadbirkorning muammosini hal etishga ajratadi. Kichik iqtisodiy zonalarda bo‘ladi. Ish izlab yurganlarga bo‘sh ish o‘rni yo‘q deb qaytaraverish oson. Lekin har kuni bitta tadbirkorning muammosini hal etsak, yangi ish o‘rinlari yaratiladi-ku. Bu bilan ishsizlik muammosi ham hal bo‘ladi», — dedi Z.Mirzayev.

Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputatlari

Shuningdek, viloyat hokimi murojaatida ta'kidlashicha, viloyatda jami 57 483 ta kichik tadbirkorlik sub'yekti davlat ro‘yxatidan o‘tgan. Kichik biznesning yalpi hududiy mahsulotdagi ulushi 69,9 foizni tashkil etmoqda. Viloyat mahalliy budjetida soliq tushumlaridagi ulushi 55 foizni tashkil etmoqda.

2021 yilning 1-choragida viloyatda 6415 ta yangi ish o‘rni tashkil etilgan, ularning 99,5 foizi (6384 ta) kichik biznes hissasiga to‘g‘ri keldi.

Zoir Mirzayev Qashqadaryo viloyatida tadbirkorlikni rivojlantirishda imkoniyatlar yetarliligini, lekin quyidagi xomashyolardan foydalanish darajasi pastligini aytib o‘tdi:

12 mln kub metr qum-shag‘al zaxirasi bor – foydalanish darajasi 20 foiz;

Oyna ishlab chiqarish uchun dolomit va kvars qumi zaxirasi 33,3 mln tonna – 7 foiz;

Devorbop toshlar 9,5 mln kub metr – 4 foiz;

Tsement xomashyosi 261 mln tonna – 84 foiz;

Gips va angidrit 19 mln tonna – 48 foiz;

Ko‘mir zaxirasi 5,4 mln tonna – 0 foiz;

Keramzit xomashyosi 19 mln kub metr – 5 foiz;

Tabiiy pardozbop toshlar 16 mln kub metr – 3 foiz.

Viloyatda mavjud asosiy xomashyo resurslari va ulardan foydalanish darajasi

«2020 yilda tijorat banklari tomonidan, ijtimoiy dasturlar doirasida ajratilgan bank mablag‘lari resurslaridan 15,3 mlrd so‘m o‘zlashtirilmasdan qolgan. Xususan, Agrobankda 6,4 mlrd so‘m, Xalq bankida 5,3 mlrd so‘m, Mikrokreditbankda 3,6 mlrd so‘m o‘zlashtirilmagan. Bu yil bunaqa bo‘lmasligi kerak. Joriy yilning birinchi choragida tadbirkorlik sohasiga jami 1,5 trln so‘m mablag‘ ajratildi», — dedi Z.Mirzayev.

Qashqadaryoda 46 ta kichik sanoat zonasi faoliyat yuritmoqda. Ularga 156 ta loyiha joylashtirilib, shundan 47 tasi ishga tushirilgan, 109 tasida qurilish-montaj hamda asbob-uskunalarni o‘rnatish ishlari olib borilmoqda.

Bugungi kunda KSZlarda 62 gektar yer maydoni foydalanilmasdan turibdi. Xususan, G‘uzorda 10 gektar, Chiroqchida 9 gektar, Nishonda 8 gektar, Qarshida 5,3 gektar, Dehqonobodda 5 gektar, Yakkabog‘da 3,5 gektar va Qarshi shahrida 4,5 gektar bo‘sh turibdi.

«2021 yilda 54 gektarga 26 ta yangi kichik sanoat zonasi tashkil etilishi belgilangan. Topshiriqqa 6 oy o‘tgan bo‘lishiga qaramasdan, KSZlarning bosh rejalari, loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish hamda ekspertiza xulosasini olish oxiriga yetkazilmagan. Natijada, respublika budjetidan tashqi muhandislik va kommunikatsiya ishlariga 26 mlrd so‘m mablag‘ ajratish kechikmoqda.

Kichik sanoat zonalarini rivojlantirish rejasi

Yuqoridagi ahvoldan ko‘rinib turibdiki, prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida 8 aprel kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda qayd etilgan e'tirozlar hamda berilgan jazolar o‘rinli», — deydi Z.Mirzayev.

Z.Mirzayev 2021 yilning ikkinchi choragida bajariladigan ish rejasini 30 foizga ko‘paytirish orqali kamchiliklarni bartaraf etishni, ko‘proq yoshlarni ish bilan band qilib, kichik sanoat zonalari sonini ko‘paytirish lozimligini ta'kidladi. Mas'ullar va bank rahbarlari bilan kichik biznes tashkil etmoqchi bo‘lgan aholini qo‘llab-quvvatlash, ularga imtiyozlar va ajratilayotgan subsidiyalar haqida ma'lumot yetkazish, kichik sanoat zonalarida birlashtirish masalalariga kelishildi

Ikkinchi chorakda ko‘proq tadbirkorlik sub'yektlarini tashkil etgan holda aholini ish bilan band qilish, tadbirkorlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash uchun bank mablag‘lari ajratish, vaqtincha faoliyatini to‘xtatgan korxonalarni o‘rganib chiqish, ro‘yxatdan o‘tmasdan faoliyat yuritayotgan fuqarolarga tushuntirish ishlarini olib borish rejalashtirildi.

Qishloq xo‘jaligi yo‘nalishida davlat tomonidan beriladigan subsidiya va imtiyozlar

«Mavjud kichik sanoat zonalarini to‘liq quvvatda ishga tushirish, u yerda faoliyat yurituvchi sub'yektlarga har tomonlama ko‘maklashish, hududida kichik sanoat zonasi mavjud bo‘lmagan sektor rahbarlari bir hafta muddatda yangi kichik sanoat zonalarini tashkil etish bo‘yicha o‘z takliflarini berishi kerak.

Yaqinda Qarshi shahrida aeroport hududidan 132 gektar maydon shahar hokimligi zaxirasiga olindi. U yerda erkin iqtisodiy zonasi tashkil etiladi», — dedi Z.Mirzayev.

Qashqadaryo viloyati hokimi Zoyir Mirzayev

2018–2020 yillarda bank mablag‘lari ajratilib ishga tushmagan 280 ta loyiha hamda chetdan olib kelib o‘rnatilmagan texnologik uskunalarni ishga tushirishni tashkillashtirish, ishga tushmaslik sabablarini aniqlash va bu orqali zaruriy yordam ko‘rsatish choralari ko‘riladi.

Shundan so‘ng viloyat prokurori Erkaboy Tojiyev va IIB boshlig‘i Shuhratjon Satvoldiyev axborot berdi.

Erkaboy Tojiyev, Qashqadaryo viloyati prokurori
Shuhratjon Satvaldiyev, Qashqadaryo viloyat IIB boshlig‘i

Sektor rahbarlarining murojaatlaridan so‘ng, tadbirkorlarning muammolari ham tinglandi.

Murojaatchi tadbirkorlar

Ishtirok etgan 500 ga yaqin tadbirkorlardan 36 nafari tadbirkorligini rivojlantirishda muammolarga duch kelayotganini bildirdi. Shundan, 17 nafar tadbirkorning muammosiga joyida yechim topilgan bo‘lsa, 11 tasi ijroga yo‘naltirildi. 8 ta murojaat bo‘yicha qo‘shimcha o‘rganish olib borilishiga kelishildi.

O‘raljon Kamolov, Kun.uz muxbiri

Ko‘proq yangiliklar: