Turkiyadagi vaziyat: hukumat yangi to‘lqinni jilovlashga urinmoqda va yanada qat'iy cheklovlardan ogohlantirmoqda

Jahon 23:21 / 14.04.2021 13817

«Ayniqsa yirik shaharlarda kasallanish va o‘lim ko‘rsatkichlari oshishi bizni yana virusga qarshi choralarni qat'iylashtirishga majbur qilmoqda», degan Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an hukumat yig‘ilishidan keyingi matbuot anjumanida.

So‘nggi bir haftada mamlakatda kunlik kasallanish holatlari 50 mingdan pastga tushgani yo‘q.

«Bizning maqsadimiz - dastlabki ikki haftada [Ramazonning] yangi kasallanish holatlari va o‘lim holatlari sonini jiddiy qisqartirishga erishishdir. Agar biz bunga erisha olmasak, yanada qat'iy choralar qo‘llashga to‘g‘ri keladi», deya qo‘shimcha qilgan prezident. U qat'iy choralar sifatida ko‘chaga chiqish taqiqlanadigan to‘liq lokdaunni nazarda tutgan.

Chorshanba kuni Turkiya ichki ishlar vazirligi komendantlik soati va shaharlararo harakatlanishga taqiq muddati uzaytirilganini ma'lum qildi, shuningdek, sport zallari va basseynlar yopiqligicha qoladi, to‘ylarga taqiq saqlanib qolinadi, maktablarda onlayn ta'lim davom etadi.

Jamoat transportida o‘rinlarning yarmi bo‘sh qoldiriladi, 65 yoshdan katta kishilar uydan chiqishi cheklanadi - faqat soat 10:00dan soat 14:00gacha ko‘chaga chiqish mumkin.

Cheklov choralari mamlakatning barcha provinsiyalarida kuchaytirilgan, hatto koronavirusga chalinish ko‘rsatkichlari past darajada bo‘lgan hududlarda ham.

Haddan tashqari erta ochilish

JSST ma'lumotlariga ko‘ra, Turkiyada kasallanish darajasi o‘cishi mart oyi o‘rtalarida boshlangan. 31 mart kuni kunlik kasallanish ko‘rsatkichi dekabr oyidagi darajadan (33 ming) oshgan va 37 mingga yetgan.

Bir hafta oldin kunlik kasallanish ko‘rsatkichi 49 mingga chiqdi, keyingi kuni esa 54 ming kishida kasallik aniqlandi va shundan keyin kunlik ko‘rsatkich 50 mingdan pastga tushmadi. Turkiyada bugungi kunga kelib koronavirus tufayli qayd etilgan o‘lim holatlari soni 34 mingdan oshgan.

Shu bilan birga, mamlakatda aholini emlash jarayoni keng ko‘lamda olib borilmoqda. O‘tgan yakshanba kuni Turkiyada 18 milliondan ortiq fuqaro koronavirusga qarshi emlangan, ularning katta qismi - Xitoyning Sinovac firmasi vaksinasi bilan.

Kasallanish darajasi keskin o‘sishini mart oyi boshida kafelar va restoranlar ochib yuborilishi bilan izohlashmoqda, o‘shanda hukumat iqtisodni tiklash uchun shunday yo‘l tutgandi. Mart o‘rtalariga kelib Erdo‘g‘an hukumat karantin choralarini qat'iylashtirmoqchi emasligini aytgandi.

Muxolifat va ayrim shifokorlar o‘tgan haftadayoq qat'iy lokdaun joriy etishga chaqira boshlagandi. Istanbul meri Akrom Imomo‘g‘li BBC bilan suhbatda shaharda bir kunda jamoat transportidan foydalanayotgan insonlar soni bir million atrofida ekanini qayd etgandi. U shahar bo‘ylab harakatlanayotganlar sonini «aql bovar qilmas» deb atagandi.

Shifoxonalardagi vaziyat
Qoidaga ko‘ra, kasallanish darajasi tezlashganida asosiy yuklama shifoxonalarga tushadi. Avvalroq ayrim turkiyalik ekspertlar pandemiya mamlakat sog‘liqni saqlash tizimida kollaps yuzaga keltirishi mumkinligini aytishgandi.

«Har kuni yangi holatlar soni o‘smoqda. Har kuni - o‘limlar soni o‘smoqda. Jonlantirish bo‘limlarida - xavotirli vaziyat», - degandi o‘tgan haftada Turkiya intensiv terapiya bo‘limlari uyushmasi rahbari Ismoil Sinel.

«Afsuski, biz karantin choralarini yumshatdigu, vaksinatsiyani tezlashtira olmadik», - dedi Hurriyet gazetasiga bergan intervyusida mamlakat sog‘liqni saqlash vaziri Faxriddin Xo‘ja.

«Hozirda muammolar yo‘q. Ammo yana uch-to‘rt hafta shu holat davom etsa, muammolar tug‘iladi», - deya shifoxonalardagi vaziyatga baho bergan vazir. U ayni vaqtda mamlakatdagi shifoxonalar 55 foizga to‘lgani, reanimatsiya bo‘limlari esa - 67,4 foizga band ekani haqida ma'lumot bergan.

«Britancha» shtamm hammayoqda
Vazir Faxriddin Xo‘janing so‘zlariga ko‘ra, Turkiyadagi epidemiyaning alohidaligi - yangi kasallanish holatlarining 85 foizi o‘tgan yil kuzida Britaniyada aniqlangan yangi shtamm bilan bog‘liqligidadir.

Oson va tez yuquvchanligi bilan ajralib turgan bu shtamm Britaniya ma'lum vaqt davomida Yevropaning qolgan qismidan ajralib qolishiga sabab bo‘lgandi. Avvalroq britaniyalik olimlar bu shtamm butun dunyo bo‘ylab ustunlik qilishi mumkinligi haqida prognoz berishgandi.

Mamlakatda JAR va Braziliyaga mansub shtammlar ham aniqlangan, ammo keng miqyosda emas.

«Janubiy Afrika varianti 11 provinsiyada 285 kishida, brazilcha shtamm esa - 9 provinsiyada 166 kishida aniqlangan», - deya ma'lum qildi vazir dushanba kungi matbuot anjumanida.

U Turkiyada kuzatilayotgan holatni epidemiyaning yangi cho‘qqisi deb baholadi va agar ko‘rsatkichlar pasaymasa, Turkiya hukumati «bemisl cheklovlar» joriy etishidan ogohlantirdi.

Ko‘proq yangiliklar: