Xalqaro valuta jamg‘armasi Yaqin Sharq va Markaziy Osiyodagi davlatlar o‘zlarining moliyalashtirish talablarini cheklashlari kerakligini qayd etgan. Chunki koronavirus pandemiyasi tufayli hukumat qarzining ko‘payishi vaziyatni og‘irlashtirishi mumkin.
Mavritaniyadan Qozog‘istongacha bo‘lgan deyarli 30 mamlakatni o‘z ichiga olgan mintaqa yilning uchinchi choragida karantin choralarini yumshatganidan so‘ng iqtisodiy o‘sishni boshladi.
Ma'lum qilinishicha, istiqbol juda noaniq bo‘lib qolmoqda va tiklanish yo‘llari emlash jarayoni, turizm kabi kuchli ta'sir ko‘rsatadigan tarmoqlarga va mamlakatlarning moliya siyosatiga bog‘liq ravishda farq qilishi mumkin.
«Rivojlanish boshlandi, ammo tiklanish notekis, noaniq usulda boshlandi, ayniqsa qarzdorligi yuqori bo‘lgan davlatlar uchun», deb ta'kidlagan XVJning Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo departamenti direktori Jihod Azour.
O‘tgan 2020 yil kuchli pandemiya davrida talabning pasayishi ko‘plab davlatlar iqtisodiyotining oqsashiga olib keldi. Ba'zi mamlakatlarda xalqaro qarzdorlik ko‘rsatkichi oshib ketdi. Bu esa moliyaviy beqarorlik xavfini keltirib chiqaradi va iqtisodiy tiklanishni sekinlashtirishi mumkin.
Ma'lumot uchun, 2021 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra, O‘zbekistonning davlat tashqi qarzi 21,1 milliard dollarni tashkil etmoqda.
Avvalroq, Xalqaro valuta jamg‘armasi (XVJ) ekspertlari jahon iqtisodiyoti 2021 yilda 6 foizga, 2022 yilda esa 4,4 foizga o‘sishini prognoz qilgani xabar qilingandi. Ko‘p narsa pandemiyaga qarshi kurash natijalariga bog‘liqligi aytilgan.