O‘zbekistonda aniq fanlar bo‘yicha qilinayotgan tadqiqotlarda ham yetarlicha muammolar borligini anglagan holda (sifatli tadqiqotlar olib borish uchun zamonaviy laboratoriyalar mavjud emas), o‘zim yaxshi tushungan gumanitar fanlar bo‘yicha qilinayotgan tadqiqotlar sifati haqida gapirmoqchiman.
Eng achinarlisi, biz gumanitar sohada ilm va tadqiqot nimaligini tushunmaydigan «olimlar» tayyorlashda davom etyapmiz. «Stop» tugmasini bosib, to‘la yangi tizimga o‘tishga qurbimiz, imkoniyatimiz yetadi, biroq buni negadir kechiktiryapmiz.
Bizdagi bir qancha mantiqsizliklarni sanab o‘taman, shu bilan birga, rivojlangan xorijdagi holat bilan taqqoslashga baholiqudrat urinib ko‘raman.
1. Bizdagi mantiqsizlik ilmiy rahbar tanlashdan boshlanadi: ilmiy rahbar ilmiy salohiyatiga qarab emas, balki «nufuzi», tanish-bilishlari, «kattaroq» lavozimda o‘tirgan-o‘tirmaganiga qarab tanlanadi. Nega deysizmi? Chunki bunaqa rahbar bilan sohada juda avj olib ketgan byurokratik to‘siqlarni osonroq yengib o‘tish mumkin. «Siz zo‘rsiz, hurmatingiz baland» qabilida ishlar osonroq bitadi. Chet elda esa ilmiy rahbar ilmiy salohiyati, yetakchi xalqaro jurnallarda chiqargan maqolalari va boshqa shu kabi ko‘rsatkichlarga qarab tanlanadi.
2. Bizda Oliy attestatsiya komissiyasi (OAK) degan tashkilot bor. Bu tashkilotda ilmiy ishlar mavzulari quyidagicha ko‘rib chiqiladi: bo‘lajak ilmiy ish mavzusini tadqiqotchi OAKga jo‘natadi, OAK buni o‘rganib, tasdiq yoki rad javobini beradi. Tadqiqotchi javobni bir necha oy kutadi. Chet elda-chi? Chet elda mavzu tusma-tavakkal tanlanmaydi. 100-200 ilmiy maqolalar o‘qilgach, u yerdan Research Gap, ya’ni hali dunyo olimlari tadqiq qilmagan jihatlar ajratib olinadi va ilmiy rahbar va boshqa ilm kishilari ishtirokidagi Proposal Defence («Ilmiy yo‘nalish va mavzu himoyasi») doirasida himoya qilinadi. Rahbar va ilmiy ishning yetakchi olimlari yosh olimning kamchiliklarini bildirib, yo‘l ko‘rsatishadi.
3. Chet elda tadqiqot ishi metodologiyasiz ilmiy ish hisoblanmaydi. Sababi – metodologiyasiz ilmiy ishga «mazmunga ega emas» deb qaraladi: uni qayoqqa qarab cho‘zsangiz cho‘zilaveradi, qayoqqa olib qochsangiz qochaveradi, chek-chegara degan narsa bo‘lmaydi.
Bizda-chi? «Tadqiqot metodologiyasi» nomi ostida hozirgacha birorta o‘zbek tilidagi qo‘lga ilingudek adabiyot mavjud emasligining o‘zi bu sohadagi tadqiqotlar sifati qay darajada ekanini ko‘rsatib turibdi.
4. Butun dunyoda qilingan ilmiy ishlar xalqaro ilmiy tarmoqlar (GoogleScholar, Elsevier, Scopus va boshqa) orqali bog‘langan. Mavzu (Research Gap) shu tarmoqlar tizimida chop etilgan ilmiy maqolalar ichidan izlanadi. Ya’ni ilmiy ish qilinishidan avval, yuqorida aytilganidek, butun dunyo olimlarining ayni mavzudagi ishlari atroflicha o‘rganiladi.
O‘zbekistondagi mahalliy universitetlarning ba’zilaridagina ilmiy kengashlar mavjud. Bu degani ilmiy sohada butun respublika olimlari bir-birini deyarli shaxsan taniydi, O‘zbekistonda ilm «vakuum» ichida «rivojlanmoqda».
5. Bizda ilmiy ishlar himoyasi uchun ilmiy ish natijalarining amaliy tatbiqi bo‘yicha ilmiy ish bilan bog‘liq tashkilotdan tasdiq so‘raladi. Bu jumlani tushunish qiyin bo‘ldi-a? Men ham zo‘rg‘a tuzdim buni. Ammo bunga bizda yo‘lga qo‘yilgan «tizim» aybdor, men emas. Aniqki, mazkur byurokratik bosqichda tanish-bilishchilik qo‘l keladi: «sizdan nima ketdi – «amaliyotga joriy etildi» deb qo‘l qo‘yib yuboring, javobgarligi yo‘q buning...» Xorijiy universitetlarda esa tadqiqotlar asosan tayanch tadqiqotlar bo‘lib, asosan nazariyalar yaratishga xizmat qiladi, bizdagi tadqiqotlarga o‘xshab, qaysidir kompaniya misolida bozorga yoki amaliy tadqiqotlarga asoslanmaydi.
6. Chet elda tadqiqot qilayotgan kishi ilmiy ishning birinchi yilida «Tadqiqotlar metodologiyasi», «Ekonometrik tahlil», «Matematik modellashtirish» kabi tadqiqot uchun o‘ta muhim o‘zak fanlar bo‘yicha o‘qiydi va imtihon topshiradi. Bizda esa bu fanlar umuman mavjud emas, ammo minimumlar – tadqiqotchiga ilmiy manfaat keltirmaydigan, lekin uning ancha vaqtini oladigan minimumlar mavjud.
Masalaning yana bir qiziq jihati, OAK ilmiy tadqiqotlar tizimida uzoq yillar ikki bosqichli tizimni, ya’ni nomzodlik va doktorlik tizimini (2010-yillargacha), keyin ma’lum muddatda yakka bosqichli DS tizimini va so‘nggi yillarda PHD va DS tizimlarini joriy etib kelmoqda. Qizig‘i, rivojlangan dunyoda yagona PHD tizimi mavjud, xolos.
Bugunga kelib OAK dunyoning eng reytingi baland 300 universitetlarining PHDlariga avtomatik DS berish amaliyotini «joriy» qildi. Harna! O‘sha yuqori reytingli universitetlardan PHD olgan hamkasblarimiz uchun xursandman. Lekin, yana mantiq izlayman: nima uchun top 500ni emas, yoki top 1000ni emas, yoki birato‘la barchasini emas?
Ilmiy tashkilot ishlarida mantiq bo‘lmasa-ya! Jamiyatimizning boshqa sohalarini mantiq doirasiga kiritish oson bo‘larmikan?
Maqsad quruq tanqid qilish emas – ilm sohasida tezkorlik bilan tuzatilishi lozim bo‘lgan bir qancha jabhalar bor, buni bir kun ham ortga surib bo‘lmaydi:
- Mahalliy universitetlarda tezkorlik bilan ilmiy bo‘limlar: «Tadqiqot metodologiyasi», «Ekonometrik tahlil», «Matematik modellashtirish» kabilarni hamda STATA, SPSS, Nvivo tadqiqot uchun mo‘ljallangan dasturlarni o‘qitishni tashkil etish kerak.
- Ilmiy ish qilishga ixlosmand kadrlarga eng kamida IELTS 6 (TOEFLibt 80) talabini qo‘yish kerak. Bu orqali, birinchidan, ilmga haqiqiy ilmlilarning kirib kelishi ta’minlanadi. Xalqaro miqyosdagi maqola va ishlar bilan tanishish uchun baribir tadqiqotchidan ingliz tilini yaxshi bilish qat’iy talab etiladi.
- Ilmiy ishlar rejalarini an’anaviy 3-5 bo‘limli (nazariya, hozirgi holat, rivojlantirish istiqbollari) shakldan halqaro (adabiyotlar tahlili, metodologiya, tahlil va muhokama) shakliga o‘tkazish lozim.
- Ilmiy seminar va ilmiy kengashlar tarkibini imkon darajasida zamonaviy tadqiqot bilimlariga ega yosh mutaxassislar bilan yangilash va amaldagi professorlarni ilmiy ishning xalqaro andozalari doirasida o‘qitishni tashkil etish kerak.
- Ilmiy seminar va ilmiy kengashda ishtirok etuvchi professor-ustozlarning ilmiy seminar va ilmiy kengashda ishtirok etishi uchun bir martalik ish haqi joriy etish kerak (ilm ahli tekinga ishlashi kerak emas).
- Ilmiy ishning amaliyotga joriy etilgani borasidagi talablarni bekor qilish kerak.
Bu ishlar kechiktirilgani sayin jamiyatda sifatsiz olimlar soni ortib boraveradi. Bunaqa olimlar esa o‘z o‘rnida o‘ziga mos shogirdlar tayyorlaydi. Dunyo shiddat bilan o‘zgaryapti. Jamiyat imiji, xususan, uning olimlari va ular chiqargan ilmiy maqolalar orqali yaxshilanadi. Mamlakatning investitsion muhiti ham, masalaning tagiga qarasak, shunga bog‘liq.
Toshkentdagi Xalqaro Vestminster universiteti ma’ruzachisi, PhD.