Facebook’dan o‘g‘irlangan ma'lumotlar orasida sizning telefon raqamingiz ham bormi: buni qanday tekshirib ko‘rish mumkin?

Fan-texnika 08:40 / 11.04.2021 77768

Avvalroq Business Insider veb-sayti hakerlar platformasida 106 mamlakatdan 533 million Facebook foydalanuvchisining telefon raqamlari va shaxsiy ma'lumotlari onlayn ravishda bepul tarqatilgani haqida xabar bergandi.  

Xo‘sh, kiberhujum natijasida qo‘lga kiritilgan ma'lumotlar orasida muayyan telefon raqami yoki elektron pochta manzili bor yoki yo‘qligini qanday aniqlash mumkin? 

Have I Been Pwned veb-saytidagi maxsus sahifaga telefon raqamingiz yoki elektron pochta manzilingizni kiritish orqali shaxsiy ma'lumotlaringiz tarqatib yuborilgani yoki tarqatib yuborilmaganini o‘zingiz tekshirib ko‘rishingiz mumkin.

Buning uchun Have I Been Pwned veb-saytidagi tegishli satrga mobil telefon raqamingizni xalqaro kod bilan kiritishingiz kerak bo‘ladi. Masalan, +9989... bilan boshlangan tartibda kiritishingiz lozim.

Kun.uz’ning Turkiyadagi muxbiri Otabek Tillayev ushbu tizim faoliyatini o‘rganib chiqdi va Turkiyada foydalanishda bo‘lgan bir necha telefon raqamlarini tekshiruvdan o‘tkazib ko‘rdi. Uning ta'kidlashicha, tegishli satrga telefon raqami yoki elektron pochta manzili kiritilib, so‘rov yuborish tugmasi bosilgach, ekranda quyidagi ma'lumotlar paydo bo‘lsa, demak, o‘g‘irlangan axborotlar orasida sizning shaxsiy ma'lumotlaringiz ham bor.

Agar tegishli so‘rov yuborilgach, ekranda quyidagi ma'lumotlar paydo bo‘lsa, u holda, xavotirga o‘rin yo‘q. Ya'ni o‘g‘irlangan axborotlar orasida sizning shaxsiy ma'lumotlaringiz yo‘q. 

Qayd etish joiz, Facebook elektron pochta manzillari va telefon raqamlari o‘g‘rilangan hakerlik hujumi 2019 yilda sodir bo‘lganini e'lon qilgandi.

Turkiya Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari boshqarmasi (BTK – Bilgi Teknolojileri ve İletişim Kurumu – tahr.) Facebook’dan Turkiyadagi 20 millionga yaqin foydalanuvchining telefon raqamlari, elektron pochta manzili, tug‘ilgan sanasi, joylashuv manziliga oid ma'lumotlar o‘g‘irlanishi bilan bog‘liq holat bo‘yicha bayonot berishni talab qildi.

«Onado‘li» agentligining Turkiya Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari boshqarmasi bergan ma'lumotlarga tayanib ma'lum qilishicha, «Facebook’dagi 533 million foydalanuvchining ma'lumotlari hakerlar platformasida bepul tarqatildi» degan xabardan so‘ng 4 aprel kuni muassasa mutasaddilari Facebook’ga rasmiy xat yuborgan va bu vaziyatdan ta'sirlangan fuqarolarni xabardor qilish va ko‘rilgan choralar haqida ma'lumot berish talab qilingan.

Business Insider veb-saytidagi hisobotda tarqatib yuborilgan shaxsiy ma'lumotlarning 32 milliondan ortig‘i AQSh, 20 millionga yaqini Turkiya, 11 millioni Angliya, 6 millioni Hindistondagi foydalanuvchilarga tegishli ekani, tarqatilgan axborotlar telefon raqamlari, joylashuv manzili, tug‘ilgan sana va elektron pochta ma'lumotlarini o‘z ichiga olgani aytilgandi.

Xavfsizlik bo‘yicha mutaxassislar ushbu ma'lumotlar hakerlar tomonidan firibgarlik maqsadida ishlatilishi mumkinligidan ogohlantirishmoqda.

Facebook esa ma'lumotlar bazasiga kirish 1,5 yil oldin sodir bo‘lgani va muammo bartaraf etilganini e'lon qildi.

Biroq kiberhujum paytida o‘g‘irlangan ma'lumotlar veb-saytda tarqatib yuborilgani yaqinda ma'lum bo‘ldi.

Have I Been Pwned veb-saytining xavfsizlik bo‘yicha mutaxassisi Troy Hantning ta'kidlashicha, foydalanuvchilarning barcha ma'lumotlari emas, balki 500 million telefon raqami va bir necha million elektron pochta manzili o‘g‘irlangan.

Internet xavfsizligiga ixtisoslashgan Have I Been Pwned veb-sayt avvallari elektron pochta manzillari qo‘lga kiritilib-kiritilmaganini aniqlab bergan bo‘lsa, endilikda telefon raqamlarini ham tekshirishga imkon beradigan tizim yaratildi.

«Facebook bu masalada aniq pozitsiyani egallashi kerak. Ular 2019 yilda sodir bo‘lgan hodisa haqida gapirishmoqda, ammo bu ochiqlama ma'lumotlar kiberhujum natijasida o‘g‘irlanishi bilan bog‘liq vaziyatni izohlash uchun yetarli emas», deydi BBC bilan suhbatda Troy Hant. 

Ko‘proq yangiliklar: