Chempionlik taqdiriga ta'sir qiluvchi to‘qnashuv. El-Klasiko oldidan 

Sport 15:51 / 10.04.2021 14829

El-Klasiko doim alohida motivatsiyaga muhtoj bo‘lmagan shiddatli to‘qnashuv bo‘lsa-da, anchadan beri bu o‘yinlar turnir nuqtai nazaridan ham bu qadar ahamiyatli bo‘lmagandi. To‘g‘ri, har yili bu ikki jamoa chempionlik uchun kurashishadi, raqobatchi sanalishadi, ammo birinchi davrada doim mavsumning boshi, ikkinchi davradagi o‘yin paytida esa, ko‘pincha, masala hal bo‘lardi. Tomonlardan biri ancha ilgarilab ketar va g‘alaba ham ko‘pincha katta ustunlik taqdim etmasdi. Pandemiya o‘ziga xos davr – muxlislarsiz stadionda shunchaki prinsipiallik yoki tuyg‘ular yetarli emas, sovrin uchun kurashish, vaziyatga real qarash eng muhim o‘ringa chiqayotgan bir paytda, hozirgi turnir jadvali ayni muddao.  

Bir necha oy oldin «Atletiko» barchadan ikki xonali sonlar masofasida o‘zib ketgan, go‘yoki «Real» va «Barselona» uchun hammasi tugagandi. Ammo Simeone jamoasi o‘yinida ham, natijalarida ham pasayish ro‘y berdi – jamoa oxirgi 10 uchrashuvda 14 ochko yo‘qotdi. Bu davrda «Real» 23 ochko, «Barselona» hatto 28 ochko olganini e'tiborga olsak, «Atletiko» qanday ustunlikni ko‘kka sovurganini anglash mumkin. Endilikda «Atletiko»da 66 ochko, «Barselona» atigi 1 ochko kam jamg‘argan. «Real» 63 ochko bilan uchinchi o‘rinda bormoqda. Demak, g‘alaba kataloniyaliklarni bir kunga bo‘lsa ham, turnir jadvali peshqadamiga aylantiradi. Xuddi shu imkoniyat «Real»da ham mavjud. Agar «Real» mag‘lubiyatga uchraydigan bo‘lsa, peshqadamlar bilan farq 5-6 ochkoga aylanishi va balki umuman chempionlik poygasidan chiqarib yuborishi mumkin. Eng muhim savol, mana shunday bosim ostidagi o‘yinlarga raqiblar qay darajada tayyor?

BOSIM OSTIDA

Aynan bosim haqida fikrlar boshlanganining sababi «Real»dagi juda ko‘p jarohatlar, «Barselona»dagi prezident saylovlari va yangi murabbiy tufayli har ikki jamoa ham ushbu mavsumda katta bosimga duch kelishmadi. Har ikki jamoa qandaydir o‘tish mavsumini boshdan kechirayotgandek edilar. «Atletiko»ning qoqilishi «Barselona», Chempionlar Ligasi doim bahorda kuchayadigan «Real»ni eski davrlarga qaytardi va endi muxlislar ushbu grandlardan faqat g‘alabalarni kuta boshlashdi.

Bunday sharoitlarda «Real»da ustunlik borligini ta'kidlash kerak. Zidanning asosiy ustunligi ham shunda: u har doim ishlaydigan o‘yin sistemasi yaratmaydi, raqibning kuchli tomonlarini yo‘qqa chiqarish, o‘z ustunliklaridan o‘rinli foydalanishda benazir. «Elche», «Kadis»ga qarshi o‘yinlarda esa bunday tayyorlanish imkonsiz. Bu o‘yinlarda Benzema, Modrich, Kross kabilarning individual harakatlaridan umid qilinadi, tabiiyki, alohida ijrochilar barqaror tarzda natija olib kela olmaydilar. Shuning uchun ham Zidan davraviy turnirlarda u qadar muvaffaqiyat qozonmasa-da, alohida top o‘yinlarda shogirdlarini dunyoning eng kuchli jamoasiga aylantira oladi.

Madridliklarning hatto ushbu muammoli mavsumdagi top o‘yinlariga qarasangiz ham, buni payqash mumkin. «Inter», «Atletiko», «Barselona», «Liverpul» kabi top jamoalarga qarshi «Real» 6 o‘yinning 5 tasida g‘alaba qozondi va 1 durang o‘ynadi. Yuqorida nomlari tilga olingan tajribali yulduzlar bunday o‘yinlarda katta sahnaga chiqishni uddalay oladilar.

«Barselona» esa aksincha. Tarkibning aksariyat qismi yoshlar va akademiya vakillari ekanini e'tiborga olsak, ma'lum bir tizim asosida jamoa seriyali tarzda ijobiy natijalar qayd eta oladi. Jamoa 2021 yilda La Ligadagi 19 o‘yindan 16 tasida g‘alaba qozondi, 3 uchrashuvni durang bilan yakunladi, masalan. Ammo tajribali va top raqiblarga qarshi Kuman shogirdlarida kamchiliklar yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Raqib Messini o‘yindan chiqarishni uddalasa kifoya, «Barselona» o‘yinida muammolar yuzaga keladi. Afsuski, Grizmann haliyam yetakchilardan biriga aylana olmadi. «Barselona» katta o‘yinlardan faqat guruh bosqichida «Yuventus»ni safarda mag‘lub eta oldi xolos. Shunda ham javob o‘yinida yirikroq hisobda yutqazishdi. «Atletiko» va «Real»ga qarshi birinchi davra o‘yinlarida ham mag‘lubiyat. «PSJ» Chempionlar Ligasida hech qanday imkoniyat qoldirmadi.

 

TARKIBLAR

Tarkiblar borasida «Barselona»ning yo‘qotishlari xavfsizroq. Aniqrog‘i, maydonga tusha olmaydigan Fati, Serjio Roberto, Filipe Koutino kabi futbolchilar anchadan beri asosiy tarkibdan chetdalar, jamoa ularsiz o‘ynashni o‘rganib bo‘lgan.

«Real»da esa vaziyat og‘irroq. Serxio Ramosning qayta olmasligi ma'lum edi, ammo Rafael Varanning koronavirus yuqtirib, safdan chiqqanligi himoya markazida muammolar keltirib chiqarishi tabiiy. «Liverpul»ga qarshi Militao - Nacho juftligi ishonchni oqlagan bo‘lsa-da, inglizlarning o‘zi ham u qadar katta xavf solishmagandi. «Barselona» bilan o‘yinda eng og‘riqli nuqta aynan himoya markazi bo‘lishini taxmin qilish mumkin. Karvaxalning ham yo‘qligi, uning o‘rnida Vaskes o‘ynayotgani nafaqat himoyada, balki yarimhimoyachilarning ishonch bilan oldinga borishlariga ham xalaqit beradi. Kazemiro, Modrich va Kroosdan avvalo, himoyachilarga yuk tushirmaslik talab etiladi.

Eden Azar allaqachon tiklanib, umumiy guruhda shug‘ullanayotgan bo‘lsa-da, Zidan uni darhol asosiy tarkibga qaytarmasa kerak. Buning ustiga, Vinisius o‘z yulduzini topib olgan bir paytda.

«Barselona» jismoniy tarafdan qisman ustunlikka ega bo‘lishi mumkin. «Real» hafta o‘rtasida «Liverpul»ga qarshi o‘yin o‘tkazdi, kelasi hafta yana bir shunday uchrashuv kutib turibdi. Yevrokuboklardan chiqib ketgan va tarkibning aksariyat qismi yoshroq futbolchilardan iborat bo‘lgan «Barselona» bundan foydalanishi, ayniqsa, ikkinchi taymda tashabbusni qo‘lga kiritishini kutsak bo‘ladi.

Taxminiy tarkiblar:

«Real»: Kurtua, Vaskes, Militao, Nacho, Mendi, Valverde, Kazemiro, Modrich, Kroos, Vinisius, Benzema.

«Barselona»: Ter Stegen, Langle, De Yong, Mingiyeza, Alba, Dest, Buskets, Pedri, Grizmann, Messi, Dembele.

DUEL: Dembele – Vinisius

Har ikki tomonda ham kattaroq yulduzlar bo‘lsa-da, qaysidir ma'noda, bugungi o‘yin natijasi mana shu yosh futbolchilarning harakatlariga bog‘liq bo‘ladi. Qaysidir vaziyatda ko‘proq yugurishlari, qaysidir vaziyatlardan unumli foydalanish yoki foydalana olmasliklari o‘yin taqdirini hal qiladigandek tuyulmoqda.

Har ikki futbolchining mavsumdagi taqdiri o‘xshash. Har ikkisi ham katta umid bilan olib kelinib, go‘yoki oqlanmagan transfer sifatida baholana boshlagan, murabbiylar ularni sotib yuborishga ham rozi, zaxira variant sifatida ko‘rila boshlagandi. Ammo bir tomonda Grizmanning ishonchsiz o‘yinlari, narigi tomonda Azarning jarohati bu futbolchilarga yana bir qo‘shimcha imkoniyat taqdim etdiki, har ikkisi foydalanib qoldi. Endi Zidan Vinisiusni jamoaning asosiy quroli sifatida ko‘rmoqda, Kumanning esa fikri o‘zgarib, Dembelening sotilishiga qarshi chiqa boshladi.

Qizig‘i, bu ikki yulduzning qayta porlashi ham, yuqorida tilga olingan jamoa uslublariga mos keladi. Vinisius yaqin kunlargacha zaxirada o‘tirgan, oxirgi golini o‘tgan yilning oktyabrida urgandi. Endi esa «Liverpul»ga qarshi o‘yinda asosiy tarkibda tushdi va ikki gol urib, o‘yin taqdirini hal qildi.

Dembelening tarkibga kirib borishi esa farqli, sistematik ro‘y berdi. U mana shu yilning boshidan asosiy tarkibda tusha boshladi. 3-5-2 yangi sxemaga moslashgach esa juda foydali gollar urmoqda. Avvaliga «Sevilya»ga qarshi ham chempionat, ham kubok o‘yinida muhim gollarga mualliflik qildi, «Sosedad» darvozasini ishg‘ol qildi, so‘nggi turda esa «Barselona»ni deyarli chempionlik poygasida olib qoldi. Raqib darvozasiga yo‘l topilmayotgan juda qiyin o‘yinning 90-daqiqasida gol urib, «Valyadolid» ustidan g‘alabaning bosh sababchisi bo‘ldi.

Demak, har ikki futbolchi ham juda yaxshi kayfiyatda, muxlislarning yoqimtoyi sifatida o‘zlarini ko‘rsatishlari va o‘yin natijasiga ta'sir ko‘rsatishlari uchun yaxshi sharoit bor.  

O‘YIN OLDIDAN 

Zinedin ZIDAN: «Atletiko»da ustunlik bor, chunki ular birinchi o‘rinda ketishyapti. Nima bo‘lgandayam, barchasi so‘nggi turlarga borib aniq bo‘ladi. Hali o‘ynaladigan ochkolar ko‘p. Biz himoyada bir qator ijobiy o‘zgarishlar qildik, ammo g‘alaba qozonish uchun eng yaxshi o‘yinimizni ko‘rsatishimiz shart.

Aslini olganda, bu o‘yin ham xuddi «Eybar» yoki «Kadis»ga qarshi o‘yinlar singari faqat uch ochko beradi. To‘g‘ri, bosim yuqori, bizga qiyin bo‘ladi, lekin baribir uch ochko xolos. Agar yutqazsak, chempionlik masalasi hal bo‘ladi yoki biz bu poygadan chiqib ketamiz, deb o‘ylamayman.

Messiga kelsak, menimcha u «Barselona»da baxtli va uning ketishini istamagandim. Bu Messi uchun oxirgi «Klasiko» bo‘lmasligi kerak, bunday futbolchining borligi bizning raqobatimiz uchun ham, La Liga e'tibori uchun ham juda kerak. 

Ronald KUMAN: «El Klasiko» boshqa o‘yinlardan farq qiladi. So‘nggi natijalarimiz yaxshi, lekin bundan foyda chiqarish uchun g‘alaba qozonishimiz shart.

Tan olish kerak, «Real»ni haddan ziyod tanqid ostiga olishyapti. Ular Chempionlar Ligasida ham, La Ligada ham chempionlik uchun da'vogar bo‘lib turishibdi, tarkibda ajoyib futbolchilar bor. O‘ylaymanki, o‘yin juda qiziqarli bo‘ladi. «El Klasiko»dagi g‘alaba jamoa ruhiyatini ko‘tarib yuboradi, bu esa chempionatning qolgan qismida juda ham ahamiyatli» 

O‘ZARO O‘YINLAR TARIXI

«Real» va «Barselona» ilk bor 1926 yilda to‘qnash kelib, kataloniyaliklar 5:1 hisobida g‘alaba qozonishgandi. Shundan buyon rasmiy o‘yinlarda raqiblar 238 marotaba to‘qnash keldilar va bu uchrashuvlaring 97tasida «Real» g‘alaba qozondi. «Barselona»da g‘alabalar soni biroz kam – 93ta. Aynan Ispaniya chempionati doirasidagi o‘yinlarda esa, 181 o‘yinning 74 tasida «Real», 72 tasida esa, «Barselona» ustun kelgan.  

So‘nggi o‘nyillikni oladigan bo‘lsak, «Barselona» biroz yaqinlashayotganini ko‘ramiz: 37 o‘yinda «Barselona»da 15 g‘alaba, «Real»da esa – 12 ta. Ayniqsa, aynan Madridda o‘tadigan uchrashuvlarda mehmonlar yanada kattaroq farq bilan ustunlik qilib kelishyapti. Madridda bo‘lib o‘tgan La Liga doirasida o‘tgan oxirgi 8 «Klasiko»ning 6tasida mehmonlarning qo‘li baland kelgan. Ammo oxirgisida «Real» 2:0 hisobida g‘alaba qozongandi. Umuman oxirgi 3 o‘yinda madridliklarlar ustunroq: 2 g‘alaba va bir durang. Jumladan, birinchi davrada «Kamp Nou»da bo‘lib o‘tgan to‘qnashuvda «Real» Valverde, Ramos va Modrichning gollari evaziga 3:1 hisobida ustun keldi. Mezbonlardan golni Ansu Fati urgandi.

 

«Real» - «Barselona». So‘nggi 5 o‘yindagi natija:

24.10.2020. Barselona – Real – 1:3

01.03.2020. Real – Barselona – 2:0

18.12.2019. Barselona – Real – 0:0

02.03.2019. Real – Barselona – 0:1

28.10.2018. Barselona – Real – 5:1.

La Liga. 30-tur

10 aprel (shanba)

ReAL – BARSeLONA

O‘yin boshlanish vaqti: 23:59

TV-translatsiya: UzReportTV.

Ko‘proq yangiliklar: