Aytilmagan izhor. Meliyev, Ashurmatov, Anri, Di Kanio

Sport 09:58 / 10.04.2021 22241

Falsafa shundaki, inson bunday voqealar o‘z boshiga kelishini kutib yashamasin, doim shunday yashasinki, o‘sha kichik yaxshiliklarning birida Xudoning roziligi yotadi. Yo‘ldan o‘tkazib qo‘yilgan chollardan biri Hizr bo‘ladi.

O‘n ikki yil oldin, JCh-2010 saralash o‘yinlari pley-offda Fransiya va Irlandiya to‘qnash kelgan va dastlabki o‘yinda fransuzlar 1:0 hisobida safarda g‘alaba qozongandi. Javob o‘yinida irlandlar hisobni ochishdi va shu bilan qo‘shimcha bo‘limlargacha hisob saqlanib turdi.

103-daqiqada Terri Anri raqib jarima maydoni ichida to‘pni qo‘li bilan to‘xtatdi va ochiq darvoza qarshisida turgan Gallasga uzatdi. Hakam qoida buzilishini ko‘rmay qoldi va hisob tenglashdi. O‘yindan keyin Anri qoida buzganini tan olgan bo‘lsa-da, barcha savollar hakamlarga berilishi kerakligini aytgandi.

Bir tomondan butun dunyoning nafratini qozonib bo‘lsa-da, milliy jamoasini jahon chempionatiga olib chiqqan futbolchini maqtash ham mumkindek, lekin menga o‘sha o‘yinni sharhlagan Vladimir Maslachenkoning fikrlari yoqqandi: «Anri, ey xudoyim... Bor, hakamning oldiga, unga qoida buzganingni tan ol, futbolga sevgi izhor qil! Futbol tarixidagi eng olijanob shaxslardan biri bo‘lib tarixga kir!...»

Bilmadim, bir shaxsning tarixga kirish muhimmi, yoki vatanning g‘alaba qozonishi, bilmadim, futbol kattami yoki g‘alaba? Insonlarga muvaffaqiyat tarqatish yaxshiroqmi yoki ulug‘vor qadriyatlar? Katta dilemma, to‘g‘rimi?

Paolo Di Kanio degan italiyalik hujumchi bo‘lgan. Ba'zilar uni gollarni fashistlarga xos tarzda nishonlashni xush ko‘radigan janjalkash, ziddiyatli futbolchi sifatida eslashadi. Ammo uning yana bir harakati hammaning yodida qolgan.

20 yil oldin. «Everton» – «Vest Hem» uchrashuvining so‘nggi daqiqalari. Hisob 1:1. Mehmonlar hujumchisi Frederik Kanute darvozabon Pol Jyerard bilan to‘qnashib ketdi. Qoida buzilmagan, ammo Pol noto‘g‘ri yiqilib, jarohat oldi. O‘yin esa, davom etardi. To‘p qanotdan yana jarima maydoniga, «Vest Hem»ning boshqa hujumchisi Paolo Di Kanioga yetkazildi. O‘shanda Paolo bo‘sh qolgan darvozani ishg‘ol qilish o‘rniga, u to‘pni qo‘li bilan ushlab, o‘yinni to‘xtatdi.  

Uchinchi o‘rnak. 1950-60 yillardagi «Spartak» (Moskva) klubi sardori, Sobiq Ittifoq terma jamoasining yetakchi o‘yinchisi Igor Netto ham tarixga kirgan. Chilida o‘tgan 1962 yilgi jahon chempionatidagi uning jasoratini ungacha ham, undan keyin ham hech kim takrorlay olmadi.

Guruh uchrashuvi edi. Sobiq Ittifoq terma jamoasi Urugvay bilan o‘ynar va hisob 1:1 edi. Hujumchi Igor Chislenko raqib darvozasiga kuchli zarba beradi. Keling, qolganini Igor Nettoning o‘zidan eshitaylik:

«To‘p darvozaning yuqori o‘ng burchagidan joy oldi. Uzoqroqda turgan jamoadoshlarim golni nishonlay ketishdi, lekin urugvaylik darvozabon Sosa va bir necha futbolchilar gol bo‘lmaganini, to‘p darvoza to‘rining teshigidan darvozaga kirganini isbotlamoqchi bo‘lib hakamga yopishib ketishdi. Lekin, hakam maydon markaziga ishora qildi. Mening o‘zimga ham gol bo‘lmagandek tuyulgandi va Chislenkoning oldiga yugurdim. «Gol bo‘ldimi?», deb so‘radim. «Yo‘q», darhol javob berdi u. Shunda men sardor sifatida italiyalik hakam oldiga keldim va ishoralarim bilan gol bo‘lmaganligini tushuntirdim. U menga minnatdorchilik bildirdi. Men esa qalbimda xotirjamlik va yengillik his qildim. Biz halol futbol o‘ynardik.

Sizga qandaydir notabiiy tuyulmadimi bu satrlar? Menga shunday tuyuldi dastlab. Mana shunday futbol o‘ynashardi ilgari. Sardor nomi ham mana shunday ahamiyatga ega edi.

O‘sha uchrashuvda Nettoning jamoasi baribir g‘olib chiqdi. O‘sha paytlarda «FAIR PLAY» kabi sovrinlar bo‘lmasa-da, butun dunyo bu harakatni chin qalbdan olqishlashdi. Haqiqiy halol o‘yin maydon tashqarisiga chiqarib yuborilgan to‘pni raqibga qaytarib berish uchun bor kuchi bilan yana maydon tashqarisiga tepib yuborish emasdi u paytlarda.

Oradan yigirma to‘rt yil o‘tib, zamonlar ham o‘zgardi, sardorlar ham. Xuddi shunday turnirda, bundan ham ahamiyatli uchrashuvda yana bir sardor qo‘li bilan to‘p kiritdi va barchani aldadi. Hakam golni hisobladi, lekin, afsuski Maradonaning xayoliga kelmadi boshqacha yo‘l tutish. O‘sha gol unga chempionlikni olib bergandir, lekin, futbol ahli oldida hurmati yo‘qotilishiga asosiy sabab bo‘lgandi.

Albatta, yuqoridagi misollar «Mash'al» – «Qo‘qon-1912» o‘yinida sodir bo‘lgan voqeaga u darajada o‘xshash emasdir. «Qo‘qon» hujumchisi Mo‘min Meliyev Anridan farqli ravishda qoida buzmagandi. Yoki hech kim jarohat ham olmadi. Meliyev o‘z ishini qilib, to‘pni darvozaga tepdi. Keyin ma'lum bo‘lishicha, Mo‘min aslida gol bo‘lmaganini bilmagan ham. Bosh murabbiy Baxtiyor Ashurmatov o‘yindan keyingi matbuot anjumanida bu vaziyat haqida uzoq to‘xtaldi, bir nimalarni tushuntirishga harakat qildi. Meliyev ham, o‘zi ham gol deb o‘ylashganini, takroriy lavhalarni smartfonda, kichik ekranda ko‘rganini aytdi, agar golmasligini aniq bilganida boshqacha yo‘l tutgan bo‘lishini ta'kidladi, ko‘p gapirdi, balki rostdir, balki o‘sha pallaga qaytib qolsa, boshqacha harakat qilar, bilmadim.

Agar Meliyev to‘p qiyshiq ketganini hakamga aytib, vaziyatni tuzatganidami... Yoki Ashurmatov shogirdlariga gol o‘tkazib yuborishni buyurib, adolatni ta'minlashgandami...

Ha, Ashurmatov o‘yindan keyingi matbuot anjumanida bu vaziyat haqida uzoq to‘xtaldi, bir nimalarni tushuntirishga harakat qildi. Meliyev ham, o‘zi ham gol deb o‘ylashganini, takroriy lavhalarni smartfonda, kichik ekranda ko‘rganini aytdi, agar golmasligini aniq bilganida boshqacha yo‘l tutgan bo‘lishini ta'kidladi, ko‘p gapirdi, balki rostdir, balki o‘sha pallaga qaytib qolsa, boshqacha harakat qilar, bilmadim. Kimdir ishondi, kimdir yo‘q. Qo‘qon uch ochko egasiga aylandi, agar o‘sha gol bo‘lmaganda, o‘yin qanday tugardi, noma'lum.

Har qancha tushuntirish, o‘zini oqlash mumkin. Aslida oqlash ham shart emasdir, axir stadion Muborakniki, javobgar hakam. Ammo chinakam ulug‘vorlik to‘g‘ri va noto‘g‘ri ish turganda to‘g‘risini tanlashgina emas, bu oson, qiyinrog‘i - ikki to‘g‘rining orasidan to‘g‘rirog‘ini tanlashda bilinadi.

Eh, biz ishonamizmi, yo‘qmi, bir tiyin, uni qo‘ying, axir qarang, Meliyevda ham, «Qo‘qon» jamoasida ham butun umrga tarixda qolish imkoniyati bugun paydo bo‘lgandi. Dunyoga tarqab ketgan bu g‘alati «gol» chiroyli yakuni bilan yanada ta'sirli bo‘lar va yana baribir dunyoga tarqab ketardi.

Tarixda qolishni qo‘ying, futbolga sevgi izhor qilishi mumkin edi bugun Meliyev. Yoki Ashurmatov...

Shu paytgacha ko‘rmaganimiz, balki bundan keyin ham Meliyevda, ham «Qo‘qon» jamoasida, ham boshqa o‘zbek jamoasida uchramasligi mumkin bo‘lgan imkoniyat... Umuman boshqa sodir bo‘lmaydi endi. Buni bilib qanday yashash mumkin?

«Hizrni tanimadilar» ular! Tushunyapsizmi?

Esiz...

Qahramon Aslanov

Ko‘proq yangiliklar: