O‘zbekiston | 13:03 / 09.04.2021
5952
2 daqiqa o‘qiladi

Indoneziyada Imom Buxoriy nomidagi masjid ochildi

Indoneziyada Imom Buxoriy nomidagi masjid ochildi. Masjid O‘zbekistonning Indoneziyadagi turizm elchisi Eko Shri Margianti tashabbusi bilan barpo qilingan bo‘lib, Gunadarma universiteti arxitektor talabalari tomonida loyihalashtirilgan.

Masjid ochilishida turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov onlayn tarzda nutq so‘zlab, Indoneziya musulmonlari tomonidan ulug‘ muhaddis Imom al-Buxoriy nomiga masjid barpo qilinishi ikki xalq o‘rtasidagi birodarlik aloqalarini yanada mustahkamlashini e'tirof etdi. Masjid ochilishida O‘zbekistonning Indoneziyadagi elchisi Ulug‘bek Ro‘ziqulov tabrik so‘zi bilan ishtirok etdi hamda masjid uchun esdalik sovg‘alari hadya qildi.

Masjid O‘zbekistonda mavjud arxitektura yechimlari asosida barpo etildi. Masjid naqshlari Shohizinda ziyoratgohidan andoza olingan bo‘lsa, g‘ishtlarini terishda Buxorodagi Poyi Kalon masjidiga o‘xshash tarzda yondashilgan. Masjidning old tarafida Hazrati Imom (Hastimom) masjidida mavjud minoralar kabi ikki minora qad rostlagan. 

Qayd etilishicha, ushbu masjid ochilishi O‘zbekiston prezidentining «Ichki va ziyorat turizmini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoni doirasida Indoneziyada O‘zbekistonning boy islomiy merosini targ‘ib qilishga xizmat qilishi mumkin.

Mavzuga oid