Yevropa ittifoqida Anqarada Yevrokomissiya raisiga stul berilmaganiga munosabat bildirildi

Jahon 00:15 / 08.04.2021 14805

Avvalroq Erdo‘g‘an va Yevropa ittifoqining ikki rahbari o‘rtasidagi uchrashuv vaqtida Ursula fon der Lyayyenga o‘tirish uchun kursi berilmagandi. Uchrashuvdan e'lon qilingan videolavhada Anqaradagi majlislar zalida Erdo‘g‘an va Yevropa kengashi prezidenti Sharl Mishel zarhal kursilarga o‘tirishgani, biroq Yevropa komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayyen kursilar faqat ikkita bo‘lgani sababli qayerga o‘tirishni bilmay turib qolgani namoyish qilingan.

Shundan so‘ng unga Turkiya tashqi ishlar vaziri Mavlut Chovusho‘g‘lu o‘tirgan divanning qarshisidagi divanga o‘tirish taklif qilingan.

Yevrokomissiya vakili Erik Mamerning brifingda ta'kidlashicha, protokol bunday uchrashuvlarda Yevrokengash va Yevrokomissiya prezidentlariga bir xilda munosabatda bo‘lishni talab qiladi.     

Yevropa ittifoqi rahbarlarining Anqaraga safari Yevrokengashning Anqaradagi vakolatxonasi jalb qilingan holda tayyorlangan. Biroq Yevrokomissiyaning protokol departamenti pandemiya sababli safarda ishtirok etmagan.

 “Yevrokomissiya prezidenti bundan ochiqchasiga taajjublandi va buni videoda ko‘rish mumkin. Biroq u taajjublansa ham, protokol masalalariga emas, balki rasmiy masalalarga e'tibor qaratishni afzal bildi”, deb aytgan Mamer.   

 Uning ta'kidlashicha, Yevrokomissiya prezidenti jamoasi uchrashuvni tashkillashtirgan turk tomoniga murojaat qilib, nima uchun fon der Lyayyenga boshqa joyga o‘tirish taklif qilinganiga tushuntirish berishni talab qilgan.

 Ta'kidlanishicha, Yevrokomissiya rahbariga nisbatan protokol Yevrokengash prezidentiniki bilan bir xildir.

 “Prezident u rahbarlik qiladigan tashkilotga protokol talab qiladigan darajada tegishlicha munosabat bildirilishini kutib qoladi”, deb ta'kidlab o‘tgan Mamer.

Ko‘proq yangiliklar: