«Ular ham ataylab qilmayapti» - prezident eksport valutasi kechikkan tadbirkorga jarimani qisqartirishni ko‘rsatma qildi

O‘zbekiston 20:33 / 08.04.2021 13378

8 aprel kuni davlat rahbari boshchiligida tadbirkorlikni rivojlantirish va joriy yilda aholi bandligini ta'minlash dasturi ijrosi bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

«Sergelidagi 70 gektar maydonda xususiy investorlar bilan birga kichik sanoat-servis va savdo zonasi barpo etilmoqda. Sh.Abdurahmonov, Zaripov, Abdurazzoqov, Bozorov, Turdimov joriy yilda infratuzilma mavjud bo‘lgan 20-50 gektardan maydonda bu kabi savdo va sanoat zonalarini qurishni boshlasin.

Bunday savdo va sanoat zonalarini tashkil etishning asosiy sharti – 1-qavatda savdo va xizmat ko‘rsatish obektlari, yuqori qavatlarda ishlab chiqarish quvvatlari joylashtirilishi kerak. Buning uchun, ushbu viloyat hokimlarining iqtisod va investitsiya bo‘yicha o‘rinbosarlari bir hafta muddatda Sergeli tajribasini kelib o‘rganib ketsin», degan davlat rahbari.

Tadbirkorlarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada kengaytirish zarurligi qayd etildi.

«Pandemiya davrida xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish uchun 1 trillion so‘m ajratilgani hisobidan, 20 mingta yangi ish o‘rinlari yaratildi. Shu bois, Nurmuratov, viloyat hokimlari tijorat banklari rahbarlari bilan birga, joriy yilda oilaviy tadbirkorlikka ajratilayotgan mablag‘larning kamida 1 trillion so‘mini (15 foiz) xizmat ko‘rsatish sohasidagi yangi loyihalarga yo‘naltirsin.

Shuningdek, joriy yilda Andijon tajribasi asosida, kreditlarning 70 foizini kafolatli ish o‘rni yaratadigan kichik biznes loyihalariga ajratsin. Qo‘chqorov ikki hafta muddatda kompensatsiya beriladigan kreditlar foizi miqdorini Markaziy bank asosiy stavkasining 1,5 baravaridan 1,75 baravarigacha (21 foizdan 24 foizgacha) oshirsin. B.Zohidov, bank rahbarlari joriy yilda tadbirkorlarga aylanma mablag‘lar uchun 40 trillion so‘m kredit ajratish choralarini ko‘rsin», degan prezident.

Tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha mexanizmlarini ham kengaytirish zarurligi qayd etildi. Xususan, intizomli tadbirkorlarga soliqlarning 50 foizini bo‘lib to‘lash huquqini berish tartibi ishlab chiqilishi bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

«Qo‘chqorov, Kudbiyev bir oy muddatda uch yil davomida soliqlarni o‘z vaqtida to‘lagan intizomli tadbirkorlarga soliqlarning 50 foizini bo‘lib-bo‘lib to‘lash huquqini berish tartibini ishlab chiqsin. Chunki ular bizga ishonarli hamkor. Aylanma mablag‘i qolsa, qo‘shimcha imkoniyatlar izlaydi.

Qo‘chqorov, Kudbiyev, Ikramov bir oy muddatda eksport bo‘yicha chet eldan valutasi o‘z vaqtida kelib tushmaganligi uchun jarima miqdorini ikki baravarga qisqartirish taklifini kiritsin.

Bugungi kunda 809ta eksportyorga 708 milliard so‘m jarima qo‘llangan. Biz ularni ham to‘g‘ri tushunishimiz kerak, ular ataylab qilmayapti. Chet elda ham pandemiya», prezidentning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Ko‘proq yangiliklar: