Senatning o‘n to‘rtinchi yalpi majlisi 23 aprel kuni chaqiriladi

O‘zbekiston 15:42 / 08.04.2021 2198

Majlisda Senatning o‘n to‘rtinchi yalpi majlisini 2021 yil 23 aprel kuni chaqirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Videokonferensaloqa tarzida o‘tkaziladigan yalpi majlisda bir qator masalalar ko‘rib chiqilishi rejalashtirilgan. “O‘zbekiston Respublikasida chet el fuqarolarining va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning huquqiy holati to‘g‘risida”gi, “Lisenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi, “Fazoviy ma'lumotlar to‘g‘risida”gi, “Noshirlik faoliyati to‘g‘risida”gi, “Psixiatriya yordami to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasi va Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya o‘rtasida sherikchilikni ta'sis etuvchi sherikchilik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni (Toshkent, 2019 yil 31 oktyabr) ratifikatsiya qilish haqida”gi qonunlar shular jumlasidan.

Bundan tashqari, Hisob palatasining 2020 yildagi faoliyati, bosh prokurorning prokuratura organlarining 2020 yildagi faoliyati, Markaziy bank boshqaruvi raisining Markaziy bankning 2020 yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisobotlari eshitilishi nazarda tutilgan.

Shu bilan birga, oliy o‘quv yurtlari bitiruvchilarini ish bilan ta'minlash holati to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovi yuborish masalasi muhokama qilinishi rejalashtirilgan.

Qolaversa, aholini ichimlik suvi bilan ta'minlashdagi muammolar, xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirish uchun yaratilgan shart-sharoitlar hamda bog‘dorchilik-uzumchilik shirkatlarining amaldagi faoliyati va ularning tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirish to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament so‘rovlari natijalari va boshqa masalalar ko‘rib chiqilishi nazarda tutilgan.

Ko‘proq yangiliklar: