Qishloq xo‘jaligi ekinlari davlat reyestri joriy etiladi

O‘zbekiston 08:45 / 08.04.2021 2306

Hujjat bilan quyidagilar tasdiqlandi:

  • O‘zbekiston hududida ekishga tavsiya qilingan qishloq xo‘jaligi ekinlari davlat reyestrini yuritish tartibi to‘g‘risidagi nizom;
  • Qishloq xo‘jaligi ekinlari navlarini sinash bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma'muriy reglamenti.

Nizomda quyidagilar nazarda tutilgan:

  • O‘zbekiston hududida ekishga tavsiya qilingan qishloq xo‘jaligi ekinlari davlat reyestrini yuritish tartibi va unga qo‘yiladigan talablar;
  • davlat reyestrida ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risida ariza taqdim etish va uni ko‘rib chiqish tartibi;
  • davlat reyestriga kiritiladigan ma'lumotlar;
  • davlat reyestridan chiqarish tartibi va asoslar.

Nizomga muvofiq, davlat reyestriga kiritish uchun qishloq xo‘jaligi ekinlari navlari xo‘jalik uchun foydali belgilari bo‘yicha sinovdan o‘tkaziladi. Sinash har yili Qishloq xo‘jaligi ekinlari navlarini sinash markazi tomonidan turli tabiiy tuproq-iqlim sharoitli hududlarda joylashgan nav sinash stansiyalari va uchastkalarida hamda ariza beruvchi tomonidan tanlangan maydonlarda o‘tkaziladi.

Sinash markaz tomonidan tasdiqlangan tartibga muvofiq o‘tkaziladi. Markaz qishloq xo‘jaligi ekinlarining davlat reyestrini yurituvchi vakolatli davlat organi hisoblanadi.

Belgilanishicha, navlarning xo‘jalik uchun foydaliligi quyidagi belgilar bo‘yicha aniqlanadi:

  • hosildorlik;
  • o‘sish davri;
  • kasallik va zararkunandalarga, turli tuproq-iqlim sharoitlariga chidamliligi;
  • mahsulotning sifati va boshqa belgilar.

Bir yillik qishloq xo‘jaligi ekinlari navlari xo‘jalik uchun foydali belgilari bo‘yicha kamida bir yil, ko‘p yillik qishloq xo‘jaligi ekinlari navlari uchun ular to‘liq hosilga kirgan paytidan kamida bir yil mobaynida sinovdan o‘tkaziladi. Ekspert komissiyasi xulosasiga ko‘ra, qishloq xo‘jaligi ekinlari navlari bir yillik sinov natijalari bo‘yicha davlat reyestrida ro‘yxatdan o‘tkazilishi mumkin.

Qishloq xo‘jaligi ekinlari navlarini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun talabgor markazga tegishli hujjatlarni ilova qilgan holda talabnoma taqdim etadi. Markaz besh ish kuni ichida talabnoma beruvchi tomonidan taqdim qilingan hujjatlar to‘liqligi va to‘g‘riligini ko‘rib chiqadi.

Markazning qishloq xo‘jaligi ekinlari navlarini ekishga tavsiya qilish to‘g‘risidagi qarori tasdiqlangandan hamda talabnoma beruvchi tomonidan tegishli to‘lovlar amalga oshirilgandan keyin uch oy muddatda qishloq xo‘jaligi ekinlari navlari davlat reyestrida ro‘yxatdan o‘tkaziladi.

Davlat reyestrida ro‘yxatdan o‘tkazilganlik to‘g‘risida guvohnoma uch yil muddatga beriladi.

Respublika davlat budjeti mablag‘lari hamda qishloq xo‘jaligi ekinlari navlari sinovini o‘tkazish bo‘yicha ko‘rsatilgan xizmatlar uchun to‘lovlardan tushgan mablag‘lar davlat reyestrini joriy etish va yuritish bilan bog‘liq faoliyatni moliyalashtirish manbalari hisoblanadi.

Hujjat Vazirlar Mahkamasining 13.05.2020 yildagi «Qishloq xo‘jaligi ekinlari navlarini sinash markazi faoliyatini takomillashtirish, qishloq xo‘jaligi o‘simliklari turlarining Milliy genbankini yaratish to‘g‘risida»gi 282-son qaroriga muvofiq qabul qilingan.

Ko‘proq yangiliklar: