Navoiy va Qashqadaryo viloyatlari hokimlarining birinchi o‘rinbosarlari ishdan olindi

O‘zbekiston 18:02 / 08.04.2021 22688

Prezident tadbirkorlikni rivojlantirish uchun yaratilayotgan sharoitlarga qaramasdan Navoiy va Qashqadaryo viloyatlarida holat yomonligini tanqid qilgan. Xususan, davlat tomonidan berilgan har 1 milliard so‘m moliyaviy ko‘mak hisobiga Navoiyda bor-yo‘g‘i 15ta ish o‘rni yaratilgani ma'lum bo‘ldi.

«Har bir hokim bilib olsin – hozir xarajatimiz daromadimizdan 14 trln so‘mga ko‘p bo‘lyapti. Axir tadbirkorlikni rivojlantirmasak, bu mablag‘ni qayerdan topamiz?

Tadbirkorlik uchun ajratilgan kreditlar o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 13 foizga (25,6 trillion so‘m berilgan) o‘sdi.

Lekin, ayrim hudud va sektor rahbarlari yaratilgan bu imkoniyatlardan haligacha to‘liq foydalana olmayapti.

Viloyat hokimlari – sizlardan talab qattiq bo‘ladi. Men ham hokim bo‘lganman, lekin mening nomzodim o‘tmasdi, apparatdan qo‘yilardi kadrlar. Men sizlarga to‘liq vakolatni berganman-ku, qani natija?» degan davlat rahbari.

Prezident viloyat, tuman va shaharlar rahbarlari joylarda kichik biznes vakillari bilan umuman muloqot qilmayotganini tanqid qilgan.

«Shu sababli, Qashqadaryo viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari Bo‘tayev, soliq boshqarmasi boshlig‘i Bozorov, markaziy bank rahbari Rajabov, Navoiy viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari Hasanov, markaziy bank rahbari Saidov va soliq boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Muhammadiyevlar lavozimidan ozod etiladi», deya prezidentning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Odil Hasanov 2020 yil fevralidan buyon Navoiy viloyati hokimining iqtisodiyot va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgandi.

Odil Hasanov

Muqaddam Savdo-sanoat palatasi raisi o‘rinbosari sifatida ishlagan O‘tkir Bo‘tayev 2019 yil oktyabrida Qashqadaryo viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlangandi.

O‘tkir Bo‘tayev/Foto: chamber.uz

Bundan oldinroq, Qashqadaryo viloyati hokimi Zoyir Mirzayev hamda Navoiy viloyati hokimi Qobil Tursunovga hayfsan berilgani ma'lum bo‘lgandi.

Ko‘proq yangiliklar: