LG smartfonlar ishlab chiqarishni to‘xtatadi

Fan-texnika 11:30 / 05.04.2021 22334

Janubiy Koreyaning LG kompaniyasi smartfonlar ishlab chiqarishni to‘xtatmoqchi. Kompaniyaning ta'kidlashicha, u o‘z e'tiborini boshqa istiqbolli sohalarga, jumladan, elektromobillar, buyumlar interneti va biznes uchun yechimlarga mujassamlashtirishni rejalashtirmoqda

“LG’ning raqobat o‘ta kuchli bo‘lgan mobil telefonlar tarmog‘idan chiqish bo‘yicha strategik qarori unga elektromobillar uchun komponentlar, aqlli uy, robototexnika, sun'iy ong, biznes uchun yechimlar hamda platformalar va servislar kabi istiqbolli sohalarga e'tiborini mujassamlashtirishga imkon beradi”, deb aytilgan kompaniya bayonotida.

Ta'kidlanishicha, kompaniya mobil telefonlar biznesini 31 iyulga qadar tugatmoqchi. Kompaniyaning hozirgi mobil telefonlari shu muddatgacha, ba'zilari esa undan keyin ham sotuvda qoladi. Bundan tashqari, LG Electronics muayyan vaqt davomida mobil mahsulotlari egalari uchun servis xizmati ko‘rsatishni va dasturiy ta'minotni yangilashni davom ettiradi.  

LG Electronics kompaniyasi LG Group guruhining bir qismi hisoblanadi va 1995 yildan beri hozirgi nomi bilan ma'lum. Kompaniya mahsulotlari turli maishiy texnika, mobil qurilmalar, aqlli uskunalar, smartfonlar va boshqalarni o‘z ichiga oladi. Kompaniyaning LG Mobile Communications bo‘linmasi 1990 yillardan beri mobil telefonlar ishlab chiqaradi. 2004 yilda kompaniya dunyoda birinchi bo‘lib mobil televideniye texnologiyasini qo‘llab-quvvatlovchi telefonni (DMB), 2011 yilda esa 3D - displeyli ilk smartfonni (LG Optimus 3D) taqdim etgan. Uning Google Android operatsion tizimi ostida ishlovchi birinchi smartfoni - LG GW620 2009 yilda ishlab chiqarilgan.  

Ko‘proq yangiliklar: