Kun.uz muxbiri masalaga oydinlik kiritish maqsadida Quva tumani «Paxtakor» MFY Yoshlik ko‘chasi 289-xonadonda bo‘lib, marhumning yaqinlari bilan suhbatlashdi.
Marhum Ahror Anvarovning otasi Yorqinjon Xalilov hozir intervyu berishning mavridi emasligi, 3-4 kun o‘tib Kun.uz muxbiriga o‘zi chiqib vaziyat haqida batafsil ma'lumot berishini bildirdi.
Marhumning amakivachchasi Lutfiyor Xalilovning ma'lum qilishicha, amakisining 3 nafar farzandi bo‘lib, Ahror Anvarov oilada kenja farzand bo‘lgan.
Yorqinjon Xalilovning to‘ng‘ich qizi turmushga chiqib ketgan, o‘rtancha o‘g‘il Ahmadjon Anvarov (marhumning akasi) Farg‘ona politexnika institutining 4-kurs talabasi. Bundan 7 oy muqaddam u uzum qirqayotib balanlikdan boshi bilan pastlikka qulab tushgan. Baxsiz hodisa tufayli u shu kungacha o‘ziga kelmay, shifoxonada koma holatida yotgan. Shu sabab oila o‘z halovatini yo‘qotgan. Ota va marhum Ahror shifoxonada komadagi Ahmadjonning yonida bir kundan navbatchilikda turishgan.
«31 mart kuni jiyanim shu mahallada ish joyiga, ya'ni sexiga chiqib ketayotganida yo‘lda uchastka nozirlari bilan maska taqmagani uchun tortishib qolishgan. Shundan keyin jiyanimni nozir o‘z mashinasiga solib xizmat xonasiga olib ketgan. Nozir xonasida 10-15 daqiqa tushuntirish ishlari olib borgan.
Tez orada amakilarim va marhumning otasi Yorqinjon Xalilov ham nozir xonasiga borib yiqilgan bola tufayli oiladagi vaziyat yaxshi emasligini tushuntirishgan.
Yorqin aka o‘g‘li nomidan uchastka noziridan kechirim so‘ragan. U yerda hech kim jiyanimni urmagan. To‘polon, janjal sodir bo‘lmagan. Tushintirish ishlari olib borilganidan so‘ng, bayonnoma tuzilmagan. Tomonlar kelishib hamma o‘z uyiga tarqalgan», — deb hikoya qildi Lutfiyor Xalilov.
Bu voqeadan ikki kun o‘tib, 2 aprel kuni Ahror Anvarov vafot etadi. Amakivachchasi hodisani shunday esladi.
«2 aprel kuni jiyanim, sexidagi ustalarga ovqat berib, u yerdan chiqib tekis yo‘lda yiqilgan. «Tez yordam» mashinasida shifoxonaga olib ketishgan. Biroq uning shifoxonada joni uzilgan. Hodisa ro‘y bergach, menga bu haqda xabar qilishdi. Shifoxonaga yetib bordim. Ko‘rsam — haqiqitda jiyanimning yuzlari shilinib yotgan ekan», — dedi Lutfiyor Xalilov.
L.Xalilov shundan keyingi voqealarni hikoya qila turib, jiyaniga jismoniy tazyiq bo‘lmaganini ta'kidladi.
«Prokuraturadan kelishdi. Uni ekspertizaga olib bordik. Murdani 1 soatdan ortiq vaqt davomida tekshirishdi. O‘tkir yurak yetishmovchiligi tashxisi berishdi. Tanasida jarohat o‘rni yo‘q deyishdi. O‘tkir aka degan vrach urgan, qiynoqqa solingan holat yo‘q, deb aytdi.
Jiyanimga IIB xodimlari tomonidan tazyiq bo‘lmagan. Uni kiyimsiz holatida ko‘rdim. Jasadni yuvishda o‘zim qatnashdim. Tanasida jarohat izi yo‘q edi. Musht yoki tepki yesa hech bo‘lmasa qontalash bo‘lardi. Tanasida bunday belgilar yo‘q edi», — dedi u.
Marhumning qarindoshi Ahror Anvarov vafot etgunga qadar sog‘lom bo‘lgani, biror kasallikdan shikoyat qilmaganini ham aytib o‘tdi.
«Ahror soppa-sog‘ edi. Kasal bo‘lib yurganini bilmaganman. Shlakablok sexi ochishib, 2-3 nafar bollar bilan ishlab yurishgan edi. Voqeadan keyin IIB va prokuratura xodimlari kelib holimizdan xabar olishdi. Holatni prokuratura nazoratga olgan.
Uchastka noziri Oybek bilan ham gaplashdim. U qo‘pollik qilgan bo‘lsa ham, unga qo‘l tekkizmadim, deb aytdi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan ma'lumotlarning barchasi yolg‘on. IIB binosidan jiyanimni o‘ligi chiqmagan», — dedi Lutfiyor Xalilov.
Marhumning amakisi A'zam Xalilov jiyani Ahrorni uchastka noziri olib ketgandan keyin ukalari Umid va Yorqin bilan voqea joyiga borgani, ukasi Umid aka esa uchastka noziri bilan tengma-teng nozirning xizmat xonasiga olib kirilgani, jiyaniga biror jismoniy tazyiq bo‘lmaganini aytdi.
Hududning uchastka noziri Oybek Mahmudov 31 mart kuni ko‘chada tadbir paytida tibbiy niqobsiz yurgan Ahror Anvarovni ko‘rib qolishgani, niqob taqmagani uchun u bilan tortishib qolib, shaxsiga oydinlik kiritish uchun uni xizmat xonasiga olib borilgani, eng asosiysi — u bilan orqama-ketin marhumning amakisi o‘z mashinasida birga kelishgani, xonada A.Anvarovga nisbatan hech qanday jismoniy tazyiq bo‘lmaganini aytdi.
Oybek Mahmudov ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan ma'lumotlar haqiqatdan yiroq ekanini aytib o‘tdi. Nozirlar tomonidan unga jismoniy va ruhiy tazyiq o‘tkazilmaganini ta'kidladi.
Voqea guvohi bo‘lgan shaxs «Qalinpo‘stin» MFY raisi Farog‘at Tojiddinova 31 mart kuni marhumning mahallasida Ahror bilan uchrashib qolishganini aytdi. O‘shanda u bilan Oybek Mahmudov va yana ikki nozir bo‘lgani, niqob masalasida marhum Ahror bilan uchastka nozirlari tortishib qolishgani, shundan keyin nozirlar Ahrorni mashinaga o‘tqazib, uchastka xonasiga olib ketishganini gapirib berdi.
Mahalla raisining qo‘shimcha qilishicha, nozirlar bilan marhumning 2 amakisi, keyinroq otasi idoraga borgan.
Ichki ishlar vazirligi mazkur voqea yuzasidan rasmiy bayonot e'lon qildi.
Unda A.Anvarov mahalladagi profilaktika inspektorlari maskaniga 31 mart kuni olib kelingach, u o‘zi sodir etgan huquqbuzarligini tushunib yetganligini, moddiy tomondan qiynalganligini ma'lum qilganligi bois otasi Yo.Xalilov ishtirokida profilaktik suhbat o‘tkazilib, rasmiy ogohlantirilgan va otasi bilan birgalikda yashash xonadoniga ruxsat berilgani qayd etilgan.
A.Anvarov 2 aprel kuni u Quva tumani «Qalinpo‘stin» mahallasi bo‘ylab piyoda ketayotganda yiqilib tushib, sog‘lig‘i yomonlashganligi sababli shifoxonaga olib borilgani, tibbiy muolajalarga qaramasdan, shu kuni A.Anvarov shifoxonada vafot etgani ham aytilgan.
Hozir mazkur holat yuzasidan Quva tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Kun.uz voqealar rivojini kuzatishda davom etadi.
Sarvar Ziyayev, Kun.uz muxbiri.