O‘zbekistonda anor plantatsiyalari maydoni faol ravishda kengaytirilmoqda. O‘tgan yilning sentabr oyida Farg‘ona viloyatidagi anor bog‘larining umumiy maydonini 2025 yilga qadar 20 ming gektarga yetkazish va ulardan yiliga 200 ming tonnadan ziyod hosil yig‘ib olinishi rejalashtirilayotgani ma'lum qilingan. Xususan, Rishton va Oltiariq tumanlarida 1400 gektar maydonda yangi anor bog‘lari yaratilgan. Shuningdek, Qishloq xo‘jaligi vazirligi Qashqadaryoda anor plantatsiyalari yana 2 ming gektarga ko‘payganini e'lon qildi.
Bundan tashqari, O‘zA ma'lumotlariga ko‘ra, 2021-2022 yillarda Surxondaryoda 9 ming 432 gektar yerda anorzorlar barpo etilishi va yillik hosil hajmini yaqin kelajakda 300 ming tonnaga yetkazish ko‘zda tutilgan.
Farg‘ona, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlaridagi rejalar, shuningdek, mamlakatning boshqa mintaqalaridagi mavjud plantatsiyalar hisobga olinsa, yaqin 5-10 yil ichida respublikada anor ishlab chiqarishning yillik hajmi kamida 600 ming tonnadan oshishi prognoz qilinadi.
EastFruit bu rejalar amalga oshishida bir qancha omil xalaqit berishi mumkinligi haqida material e'lon qildi.
Birinchidan, bu anor yetishtirish uchun juda mos bo‘lmagan O‘zbekistonning iqlimi. Hatto mamlakatning janubiy mintaqalarida ham yer qishda vaqti-vaqti bilan muzlaydi. Bu esa hatto bir gektar maydonda anor yetishtirishni murakkab jarayonga aylantirib qo‘yadi. Agar o‘nlab va yuz minglab gektar maydonlarda ishlar yo‘lga qo‘yilsa, unda bu hududlardagi anor butalarini qishki sovuqdan qanday himoya qilish mumkinligini tasavvur qilish qiyin.
Ikkinchidan, bu biznesni rejalashtirishda qo‘yiladigan ulkan hosil ko‘rsatkichlari. Haqiqat rejalarga qaraganda kamroq optimizmga ega bo‘ladi.
Uchinchidan, jahon anor bozori tobora o‘sib bormoqda, ammo unga ma'lum navlarning yuqori sifatli mevalari kerak, O‘zbekistonda esa jahon bozorida unchalik qimmat bo‘lmagan va talab pastroq mahalliy seleksiyaga e'tibor qaratilmoqda.
Agar ishlab chiqarish shu qadar tez o‘ssa va an'anaviy mahalliy navlar yetishtirishda davom etilsa, O‘zbekiston anorni sanoat usulida qayta ishlash haqida o‘ylashi maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Anor nafaqat yangi uzilgan mevalar bozori, balki qayta ishlash, oziq-ovqat, kosmetika, hatto farmatsevtika sanoati uchun ham qiziqarli va foydali meva hisoblanadi.
E'tiborli jihati, O‘zbekiston haligacha xalqaro anor bozorida asosiy ishtirokchi emas, shuning uchun yangi mahsulotlarni sotishda eksport qiyinchiliklariga duch kelishi muqarrar. Mamlakat yiliga o‘rtacha 10 mingdan 15 ming tonnagacha anor eksport qiladi va bularning deyarli barchasi sobiq sovet mamlakatlariga to‘g‘ri keladi. Janubiy Koreya va BAA bozorlariga anor yetkazib berilishi tobora ko‘payib borayotgani respublika uchun biroz umid baxsh etishi mumkin.
Jahon bozorida anorga bo‘lgan talab qanday?
O‘zbekiston bu mevani yetishtirish bo‘yicha dunyoda yetakchi va Markaziy Osiyo mintaqasidagi eng yirik yetishtirib beruvchilardan biri bo‘lishi mumkin.
Dunyoda anor meva va sabzavotlarning umumiy aylanmasida juda oz ulushga ega bo‘lishiga qaramay, ularni iste'mol qilish tez sur'atlar bilan o‘sib bormoqda. 2014 yildan 2018 yilgacha global anor importining umumiy hajmi 24 foizga o‘sdi. Ko‘plab bozor mutaxassislari ham global anor bozori juda tez o‘sayotganini ta'kidlashmoqda. Pandemiya davrida immunitetni kuchaytirish xususiyati sabab talab yanada oshgan.
Anordan kosmetika va farmatsevtika sanoatida foydalanish
Anorning salomatlik uchun juda foydali deb hisoblanadigan ikki noyob botanik xususiyati mavjud.
Punikalagin anorning urug‘i va terisida joylashgan kuchli antioksidant bo‘lib, uning faolligi qizil sharob yoki yashil choynikiga qaraganda deyarli uch baravar yuqori. Shuningdek, anor urug‘idan olingan punitsid kislotalari kuchli biologik ta'sirga ega. O‘ziga xos xususiyatlari tufayli dunyo bozorida anor doimiy ravishda yuqori talabga ega va dunyoning ko‘plab mamlakatlarida anor bog‘lari maydonining o‘sishiga qaramay, anorning jahon bozoridagi narxlari o‘sishda davom etmoqda.
Hindiston Savdo va sanoat vazirligi tadqiqotlariga ko‘ra, anor va urug‘larining umumiy global bozori 2018 yilda 8,2 milliard dollarga baholangan va prognozlarga ko‘ra, 2026 yilga borib bu ko‘rsatkich deyarli uch martaga ko‘payib, 23,14 milliard dollarga yetadi.
Ushbu prognoz asosida yotgan asosiy omil — bu anor xomashyosidan tayyorlanadigan mahsulotlarga bo‘lgan talabning o‘sishi. Anor kukunidan sharbat va turli ichimliklar tayyorlanadi.
Bundan tashqari, anor nafaqat oziq-ovqatda, balki kosmetika sanoatida ham qo‘llanadi va u yerda tobora keng miqyosda foydalanilmoqda. Anorni qayta ishlash bozorining eng katta segmenti anor kukuni ko‘rinishidagi iste'mol hisoblanadi. Keyingi 5 yil ichida ushbu segmentning o‘rtacha yillik o‘sish sur'ati 4,8 foiz darajasida prognoz qilinmoqda.
Bozor ulushi bo‘yicha ikkinchi o‘rinni anor sharbatlari, siroplar va souslar tayyorlash uchun ishlatiladigan konsentratlar egallaydi. Bundan tashqari, anor sharbatlari va anor (don, urug‘lar, po‘stlar va boshqalar ekstraktlari) yordamida tayyorlangan kosmetika mahsulotlaridan foydalanish ommalashib bormoqda.
Eng yirik anor import va eksport qiluvchi davlatlar
Dunyoning eng yirik anor iste'molchilari Osiyo-Tinch okeani mintaqasi aholisi hisoblanadi. Bu global iste'molning taxminan yarmini (45-50 foiz) tashkil qiladi. Keyingi o‘rinlarni Yevropa (20 foiz), Shimoliy Amerika (15 foiz), Yaqin Sharq va Afrika (10 foiz) hamda Lotin Amerikasi (5 foiz) egallaydi.
Hindiston, Eron va Xitoy dunyoda anor yetishtirish bo‘yicha yetakchi mamlakatlar hisoblanadi. Shuningdek, Xitoyda anorga bo‘lgan talab mahalliy ishlab chiqarish hajmidan ancha yuqori, shuning uchun Xitoy anorning yirik importchisi ham hisoblanadi.
Ma'lumot uchun, 2019 yilning 1-2 noyabr kunlari Xitoy Davlat Kengashi Bosh vaziri Li Ketsyanning O‘zbekistonga tashrifi davomida anor mevasini Xitoyga eksport qilish bo‘yicha kelishuv imzolangan. Bungacha Xitoy bozoriga anor olib kirishga O‘zbekistonda ruxsatnoma bo‘lmagan.
Dunyoda anor iste'moli tarkibida umumiy hajmning taxminan 65 foizi oziq-ovqat sanoatiga to‘g‘ri keladi. Qolgan 35 foizi kosmetika va farmatsevtika sanoati uchun foydalaniladi.
Dunyodagi boshqa yirik anor ishlab chiqaruvchilar: Turkiya, Eron, Tunis, Peru, Isroil va Ozarboyjon geografik joylashuvi tufayli Yevropa mintaqasi mamlakatlari va Rossiyada O‘zbekistonning asosiy raqobatchilari hisoblanadi. Bundan tashqari, ushbu mamlakatlarning aksariyatida anor yig‘ish davri O‘zbekistondagi davrga to‘g‘ri keladi.
Rossiya anorni asosan Turkiyadan import qiladi. Yirik yetkazib beruvchilar qatoriga Eron, Ozarboyjon, Misr va Peru ham kiradi. So‘nggi yillarda O‘zbekiston va Gruziya Rossiyaga anor yetkazib berishni faol ravishda ko‘paytirayotgan mamlakatlar qatoriga qo‘shilgan.
O‘zbekistonda anorni keng miqyosda yetishtirish tendensiyasi shubhasiz juda qiziq. Ammo ushbu biznesning istiqbollari ishlab chiqaruvchilar tomonidan qabul qilingan qarorlar va mahsulotlarni yetishtirish va qayta ishlash texnologiyalari darajasining muhokama qilinishiga bog‘liq bo‘ladi.
Doston Ahrorov tayyorladi