«Navoiy kon-metallurgiya kombinati» DK aksiyadorlik jamiyatiga aylantiriladi

Iqtisodiyot 17:25 / 02.04.2021 9972

Vazirlar Mahkamasining «Navoiyuran» davlat korxonasi, «Navoiy kon-metallurgiya kombinati» aksiyadorlik jamiyati va «Navoiy kon-metallurgiya kombinati jamg‘armasi» davlat muassasasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

Hujjatga muvofiq, «Navoiy kon-metallurgiya kombinati» DK aksiyadorlik jamiyati sifatida tasdiqlanadi va davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi. Shuningdek, korxonaning nomlanishi «Navoiyuran» davlat korxonasi deb o‘zgartiriladi.

Qarorda «Navoiyuran» davlat korxonasining asosiy vazifalari quyidagicha belgilanmoqda: 

  • xalqaro standartlarga muvofiq energiya samaradorligi va ekologik xavfsizlik choralarini ta'minlagan holda foydalanishda bo‘lgan tabiiy uran konlarini ishlatish, uran konlarida mavjud noyob va nodir metallarni qazib olish va qayta ishlash;
  • uran va nodir metallar ishlab chiqarish, texnogen chiqindilarni utilizatsiya qilish, zararsizlantirish, konservatsiya qilish va belgilangan chegara doirasidan chetga chiqmasligini ta'minlash;
  • texnogen chiqindilarni qayta ishlashda xalqaro tajribani inobatga olgan holda innovatsion texnologiyalarni ishlab chiqish va joriy etish bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishlarini tashkil etish va olib borish;
  • ionlashtiruvchi nurlanish manbalarini zararsizlantirish, utilizatsiya qilish va ko‘mish;
  • sanoat, ekologik va radiatsion xavfsizlik talablariga rioya etgan holda korxona faoliyatini ta'minlaydigan xavfi yuqori bo‘lgan obektlarni va potensial xavfli ishlab chiqarishlarni loyihalashtirish, qurish va ishlatish.

Hujjatga asosan, ikki oy muddatda «Navoiy kon-metallurgiya kombinati jamg‘armasi»ning ta'sis hujjatlari tasdiqlanadi va davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi. Bunda jamg‘armaga:

  • ijtimoiy-madaniy, sport-sog‘lomlashtirish, uy-joy, maishiy binolarni, ijtimoiy-madaniy, sport-sog‘lomlashtirish va davolash infratuzilmasi obektlarini talab darajasida texnik, sanitariya va yong‘inga qarshi holatda saqlash va ishlatish;
  • kasalliklarning oldini olish, sog‘lomlashtirish, sanatoriy-kurortda davolash sohasida ishlarni tashkil qilish;
  • aksiyadorlik jamiyati, «Navoiyuran» DK, jamg‘arma xodimlari va ularning oila a'zolari uchun madaniy-ko‘ngilochar, ta'lim ahamiyatiga ega va ma'naviy-ma'rifiy tadbirlarni o‘tkazish, jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanish uchun shart-sharoitlar yaratish;
  • aksiyadorlik jamiyati, «Navoiyuran» DK jamg‘arma xodimlariga yashash uchun yotoqxonalarda qulay shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlarini amalga oshirish;
  • ovqatlanishning sifati va xavfsizligini ta'minlagan holda aksiyadorlik jamiyati, «Navoiyuran» DK va jamg‘arma bo‘linmalarida ovqatlanishni tark etish vazifalari belgilandi.

Hujjatga asosan, aksiyadorlik jamiyati kuzatuv kengashi tuziladi. Uning huzurida korporativ boshqaruvning xalqaro me'yorlariga javob beradigan qo‘mitalar tuziladi, jumladan, audit, strategiya va investitsiyalar bo‘yicha qo‘mitalar shakllantiriladi. 

Aksiyadorlik jamiyati Navoiy davlat konchilik institutining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, ta'mirlash ishlarini amalga oshirish, professor-o‘qituvchilari tarkibini moddiy rag‘batlantirish, o‘quv, ilmiy tadqiqot va ma'rifiy faoliyat bilan bog‘liq xarajatlarini moliyalashtiradi.

Avvalroq «Navoiy kon-metallurgiya kombinati» davlat korxonasini isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident qarori qabul qilingan va korxonani isloh qilish choralari belgilangandi.  

Ko‘proq yangiliklar: