Jahon Banki: O‘zbekiston iqtisodiy o‘sishiga doir prognozlarini yangiladi

Iqtisodiyot 22:16 / 01.04.2021 10793

Jahon Banki Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasidagi 23 mamlakat bo‘yicha o‘z hisobotini e'lon qildi. Unda mamlakatlarning 2021 va 2022 yillarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi bo‘yicha prognozlar berilgan. Xususan, unda O‘zbekistondagi vaziyatga doir tahlillar ham mavjud.

Qo‘llab-quvvatlashlarni davom ettirish zarur

Qayd etilishicha, 2020 yilda o‘sish sur'atlarining keskin sekinlashuvidan so‘ng, 2021 yilda O‘zbekiston iqtisodiyoti Covid-19 inqirozi ta'siridan qisman tiklanishi prognoz qilinmoqda. Iqtisodiyot to‘liq tiklangunga qadar esa, pandemiyaning daromadi past oilalar va qattiq zarar ko‘rgan korxonalarga salbiy ta'sirini yumshatish uchun ularni qo‘llab-quvvatlash amaliyotini davom ettirish kerak. Mamlakatning o‘rta muddatli iqtisodiy istiqbollari ham ijobiy bo‘lishi aytilmoqda. O‘zbekiston savdo hamkorlarining iqtisodiyoti va jahon iqtisodiyotining yaxshilanib borishi, shuningdek, hukumat davlat korxonalarining iqtisodiyotdagi rolini qisqartirish bo‘yicha islohotlarni hamda ishlab chiqarish samaradorligini oshirish choralarini ko‘rish kerak. Bu xususiy sektorda o‘sishni qo‘llab-quvvatlaydi. Kambag‘allikni qisqartirish jarayonini jadallashtirish uchun aholining rasmiy bandligi, fuqarolarning daromadlari va iqtisodiy imkoniyatlarning oshishiga olib keladigan islohotlarga e'tibor qaratish lozim.

Islohotlarning murakkab bosqichi boshlanmoqda – asosiy masala shaffoflikni ta'minlash

Hisobotda O‘zbekiston iqtisodiyotini pandemiyadan tiklanishidagi asosiy muammolar hamda qilinishi kerak bo‘lgan ishlar haqida ham so‘z boradi. Bozorni liberallashtirish jarayonining boshlang‘ich bosqichi tugaganidan so‘ng, O‘zbekiston yerdan foydalanish va egalik qilish huquqi, mehnat bozori va kapital bozorini isloh qilish, shuningdek davlat korxonalarini transformatsiya qilish bilan bog‘liq islohotlarning navbatdagi, murakkabroq bosqichiga o‘tmoqda.

O‘rta muddatli eng muhim vazifa islohotlarning inklyuzivligi va shaffofligini ta'minlash bo‘ladi. Davlat korxonalarini isloh qilish jarayonini jadallashtirish hamda xususiy sektor keltirib chiqaradigan raqobatbardosh va inklyuziv iqtisodiy o‘sish modelini yaratish orqali davlatning iqtisodiyotdagi rolini kamaytiradi. Natijada, bu davlat tomonidan boshqariladigan model merosiga barham berishga yordam beradi. Garchi oldingi iqtisodiy o‘sish modeli YaIM o‘sishining yuqori sur'atlarini ta'minlagan bo‘lsa-da (2000 yildan 2016 yilgacha bo‘lgan davrda yiliga o‘rtacha 6%), tez o‘sib borayotgan aholi uchun ish o‘rinlari va fuqarolar uchun iqtisodiy imkoniyatlar yaratolmadi.

Aholining 9 foizi kambag‘allik chegarasidan pastda

Covid-19 pandemiyasi oqibatida yuzaga kelgan inqiroz bozor iqtisodiyotiga o‘tishning yanada muhimligini namoyish etdi. Mamlakat aholisining qariyb 9 foizi hali ham kambag‘allik chegarasidan (Jahon banki tomonidan o‘rtacha past daromadli mamlakatlar uchun hisoblab chiqilgan - sotib olish qobiliyati pariteti bo‘yicha har bir kishiga kuniga 3,2 dollar) pastda yashamoqda. Bundanda ko‘proq fuqarolar ushbu chegaraga yaqin yashaydilar. Karantin cheklovlari o‘rnatilgan vaqtda bu muammo yanada keskinlashdi – yana bir millionga yaqin fuqaro kambag‘allik chegarasidan pastga tushib qolgan.

Ushbu xatarlarni kamaytirish uchun hukumat iqtisodiyotning dinamik o‘sishini ta'minlash bilan bir qatorda, sog‘liqni saqlash va ta'lim xizmatlarini takomillashtirishi talab etiladi. Shu orqali ijtimoiy himoya tizimini kuchaytirish, mehnat bozoridagi sharoitlarni yaxshilash va inson kapitalini rivojlantirishdagi to‘siqlarni olib tashlash bo‘yicha islohotlarga e'tibor qaratish kerak. Xususiy sektorning iqtisodiyotda kengroq ishtiroki va ulushi hamda yaratilgan ish o‘rinlarining yuqoriroq sifati islohotlar muvaffaqiyatining muhim belgisi bo‘ladi. Pandemiya ta'sirining davom etayotganligi tufayli cheklangan ma'muriy imkoniyatlar bilan ushbu muammolarni hal qilish qiyinroq bo‘ladi.

So‘nggi tendensiyalar

O‘zbekiston yalpi ichki mahsulotning o‘sishi 2019 yildagi 5,8 foizdan 2020 yilda 1,6 foizga keskin pasaydi. Bunga karantin cheklovlarining joriy etilishi va pandemiya sababli savdo operatsiyalarining uzilishi sabab bo‘ldi. Shu bilan birga, O‘zbekiston Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasida o‘tgan yilda iqtisodiy o‘sishni namoyish etgan kam sonli davlatlardan biri bo‘ldi. Bunga qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishining barqaror o‘sishi va sog‘liqni saqlash hamda uy xo‘jaliklari va korxonalarni iqtisodiy qo‘llab-quvvatlashga xarajatlarni ko‘paytirishga imkon bergan hukumatning inqirozga qarshi choralari yordam berdi.

Pandemiya sababli soliq-budjet rag‘batlantirishi va investitsiyalar, eksport va import hajmining qisqarishi 2020 yilda YaIMning tarkibiy qismlarida iste'mol (davlat va xususiy) o‘sishiga olib keladigan vaziyatni yaratdi. Bu o‘n yildan ortiq vaqt mobaynida birinchi marta talab tomonidan iqtisodiy o‘sishning asosiy drayveriga aylandi. 

Ishsizlik darajasi 2019 yilgi 9 foizdan 2020 yil sentabrda 11,1 foizgacha ko‘tarildi. Kambag‘allik darajasi 9 foizgacha ko‘tarilib, 2020 yilda inqirozgacha 7,4 foiz bo‘lgan ko‘rsatkichdan oshib ketdi. Bu pandemiya sababli ish joylarining yo‘qotilishi, aholi daromadlari va mehnat migrantlarining pul o‘tkazmalari hajmining qisqarishi bilan bog‘liq. Ijtimoiy yordam dasturlarining sezilarli darajada kengaytirilishi mamlakatdagi zarar ko‘rgan uy xo‘jaliklariga ma'lum darajada yordam berdi.

Oltin eksporti to‘lov balansidagi hisob kamomadini kamaytirdi

To‘lov balansining joriy hisob defitsiti 2019 yilda YaIMning 5,7 foizidan 2020 yilda YaIMning 5,2 foizigacha kamaydi. Bu oltin eksportining 18 foizga o‘sishi natijasida kelib chiqdi. Natijada eksport umumiy hajmining qisqarishi 15 foizgacha cheklandi. Import mashinalar, uskunalar va sanoat mollari ulushining keskin pasayishi hisobiga 17 foizga kamaydi. Tashqi qarzlarning ko‘payishi to‘lov balansining joriy hisob defitsitini qoplashga yordam berdi.

Davlat budjetiga tushadigan tushumlarning pasayishi va budjet xarajatlarining oshishi oqibatida budjet defitsiti 2019 yildagi YaIMning 3,9 foizidan 2020 yilda YaIMning 4,4 foizigacha o‘sdi. Yalpi ichki mahsulot o‘sishining sekinlashishi hamda hukumat tomonidan amalga oshirilgan chora-tadbirlar to‘plamidagi soliqlarni kechiktirish va imtiyozlar (YaIMning 2,5 foizi atrofida) davlat budjeti daromadlarining qisqarishiga olib keldi, shu bilan birga ushbu to‘plam bo‘yicha boshqa choralar budjetning xarajatlar qismini oshirdi.

Oltinni sotishdan tushgan yuqori daromadlar, ba'zi ustuvorligi yuqori bo‘lmagan davlat xarajatlarining qisqartirilishi va maqsadli kreditlash dasturlari soliq-budjet rag‘batlantirishining davlat budjetiga ta'sirini sezilarli darajada qoplab, uning defitsiti keskin o‘sishining oldini oldi.

Davlat qarzi 37,9 foizgacha oshdi

Davlat budjeti defitsitini qoplash uchun tashqi qarzlarning ko‘paytirilishi davlat va hukumat tomonidan kafolatlangan tashqi qarz miqdori 2020 yilda YaIMning 37,9 foizigacha oshirdi. YaIMning 60 foiziga teng oltin-valuta zaxiralari tashqi ta'sirlarga qarshi xavfsizlik yostig‘i bo‘lib xizmat qiladi.

Pandemiya davrida hukumat tomonidan tartibga solinadigan narxlarning sekinroq o‘sishi oziq-ovqat mahsulotlari narxining bir oz ko‘tarilishi bilan qoplandi, bu esa 2020 yil dekabrida yillik iste'mol narxlari inflatsiyasining 11 foizgacha pasayishiga olib keldi (2019 yilda inflatsiya 15,2 foiz edi). Natijada O‘zbekiston Markaziy banki asosiy stavkani 16 foizdan 14 foizgacha pasaytira oldi. Iqtisodiyotni kreditlash hajmining o‘sishi real foiz stavkalarining yuqoriligi, davlat tomonidan beriladigan subsidiyalangan kredit dasturlarining qisqarishi va pandemiya ta'siri natijasida 2019 yildagi 52 foizdan 2020 yilda 34 foizgacha pasaygan.

Muammoli kreditlar 3 martaga ko‘paygan

Korxonalar va uy xo‘jaliklari uchun ham yil davomida kredit to‘lovlarini to‘lash bo‘yicha muddatlar kechiktirildi. Bank sektori kapitalining yetarlilik koeffitsiyenti 2019 yil oxiridagi 23,5 foizdan 2020 yil noyabrida 18,4 foizgacha pasaydi. Pandemiya natijasida muammoli kreditlar uch baravar ko‘payib, 2020 yil noyabrda umumiy kreditlarning 4,5 foiziga yetdi. Shunga qaramasdan, O‘zbekiston moliya tizimi ehtimoliy kredit shoklarini yengish uchun yetarli kapital hajmiga ega.

Iqtisodiy o‘sish omillari

Yalpi ichki mahsulot o‘sishi 2021 yilda 4,8 foizgacha tiklanishi kutilmoqda. Biroq o‘sish sur'atiga jahon iqtisodiyoti tiklanishi tezligi va aholini Covid-19ga qarshi emlash milliy kampaniyasi bilan bog‘liq bo‘lgan noaniqlik ta'sir qilishi mumkin. Savdo va investitsiya oqimi, mehnat migrantlarining pul o‘tkazmalari hajmi, qishloq xo‘jaligida mo‘l hosilning bosqichma-bosqich tiklanib borishi va aholini emlash iqtisodiyotning tiklanishiga ko‘maklashadi hamda ishsizlik va qashshoqlikni yanada kamaytirishga yordam beradi. Aholini emlashning tezlashishi va jahon iqtisodiyotidagi uzilishlarning susayishi bilan 2022 yilda YaIM o‘sishi yuqoriroq (5,5 foizgacha) bo‘lishi prognoz qilinmoqda.

Budjet taqchilligi yana ortadi

Yirik investitsiya loyihalari doirasida mashinalar, uskunalar va boshqa sanoat mahsulotlari importi hajmining tiklanib borishi bilan 2021 yilda to‘lov balansining joriy hisobi defitsiti YaIMning 5,5 foizigacha o‘sishi prognoz qilinmoqda.

To‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hajmining 2020 yilgi pasayishdan so‘ng qisman tiklanishi prognoz qilinganiga qaramay, davlat va xususiy qarzlar to‘lov balansi joriy hisob defitsitining katta qismini moliyalashtirishda davom etishi kutilmoqda.

Prognozlarga ko‘ra, davlat budjeti daromadlarining qisqarishi, vaksinalar sotib olinishi, aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashning kengaytirilishi hamda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish dasturlarini moliyalashtirish va korxonalarni davlat tomonidan kreditlash hajmining ortishi budjet taqchilligini 2021 yilda YaIMning 5,4 foizigacha oshiradi. U asosan davlat qarzlarini ko‘paytirish hisobiga moliyalashtiriladi.

O‘zbekiston davlat qarzi 42 foizgacha yetishi mumkin

2021 yilda O‘zbekistonning davlat qarzi YaIMning 42 foizini tashkil etishi va o‘rta muddatli istiqbolda YaIMning 45 foizi darajasida barqarorlashishi kutilmoqda. Shu bilan birga, uy xo‘jaliklari va korxonalar uchun sharoitlar yaxshilanishi bilan inqirozga qarshi choralarni bosqichma-bosqich bekor qilish o‘rta muddatli istiqbolda budjet taqchilligini kamaytirishga olib keladi. 

Ko‘proq yangiliklar: