Markaziy bank: So‘mning dollarga nisbatan qiymati 10 yilda qariyb 6,5 baravarga qadrsizlangan

Iqtisodiyot 19:17 / 31.03.2021 5860

Markaziy bank so‘nggi 10 yil davomida dollarning so‘mga nisbatan kursi haqidagi ma'lumotlarni e'lon qildi.

Qayd etilishicha, 2010 yilda 1 dollarning yil davomidagi o‘rtacha qiymati 1586,5 so‘mga teng bo‘lgan bo‘lsa, 2020 yilga kelib 1 dollar 10 ming 55 so‘mni tashkil qilgan.

O‘zbekistonda 2017 yildan boshlab valutani erkin konvertatsiya qilish tadbirlari boshlangandan keyin, dollarning so‘mga nisbatan qiymati keskin oshib, 1 dollar – 5 ming 121 so‘mni tashkil qilgan. Taqqoslash uchun, 2016 yilda 1 dollarning so‘mga nisbatan qiymati 2 965,7 so‘mga teng bo‘lgan.

«Valuta siyosatini liberallashtirish bo‘yicha birlamchi chora-tadbirlar to‘g‘risida» 2017 yilning 2 sentyabrida prezident farmoni qabul qilingan va 4210.35 so‘m kurs dastlabki kurs bo‘lishi belgilangan. Yilning oxirigacha dollarning so‘mga nisbatan ustunligi 18 foizga oshgan.

Ma'lumot uchun, 2017 yildagi prezident farmoniga qadar O‘zbekistonda qisman (cheklangan) konvertatsiya mavjud bo‘lgan. Xorijiy valutani xarid qilish jismoniy shaxslar uchun alohida tartibga ko‘ra (2 ming AQSh dollari turistik maqsadlarda va undan ortiq davolanish hamda o‘qish xarajatlari xalqaro plastik kartaga o‘tkazib berilgan) va yuridik shaxslar uchun alohida tartibga ko‘ra, (birjaga beriladigan talabnomaga asosan navbatma-navbat banklarning mavjud imkoniyatiga ko‘ra, davlat kursida konvertatsiya qilib berilgan. Biroq ushbu navbatlarning ayrimlari 1 oydan 1 yilgacha, ayrim hollarda bir necha yilgacha navbat kutilishi holatlari kuzatilgan) amalga oshirilgan. Xorijiy valutani milliy valutaga davlat kursida almashtirishga esa hech qanday cheklovlar bo‘lmagan.

2018 yil yakunlari bo‘yicha esa 1 dollar 8069 so‘mni tashkil qilib, dollarning so‘mga nisbatan qiymati 36,6 foizga oshgan.

Mos ravishda, 2019 yilda dollarning ustunligi 8,7 foizga, 2020 yilda esa 12,2 foizga ko‘paygan.

2021 yilning 1 aprel kundagi holati bo‘yicha, 1 dollarning qiymati 10 ming 485,66 so‘mni tashkil qilmoqda.

Millliy valuta qadrining pasayishi tashqi va ichki iqtisodiy sharoitlar o‘zgarishi, asosiy savdo hamkor davlatlar valutalarining keskin devalvatsiyasi natijasida devalvatsion kutilmalarning o‘sishi, shuningdek, ichki valuta bozorida chet el valutasiga bo‘lgan talabning o‘sishi kabi omillar ta'sirida yuz berishi mumkin.

Markaziy bank ma'lumotiga ko‘ra, 2021 yilda milliy valutaning almashuv kursi ichki valuta bozorida vujudga keladigan talab va taklif asosida uzoq muddatli fundamental trend doirasida shakllanishi prognoz qilinmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: