Global innovatsion poygada O‘zbekiston iqtisodiyoti qanchalik raqobatbardosh?

Iqtisodiyot 19:52 / 31.03.2021 8920

Jahon hamjamiyatiga ta'sir ko‘rsatgan globallashuv jarayonlarining jadallashishi (pandemiya, iqtisodiy inqiroz) O‘zbekiston iqtisodiyoti va jamiyatining keyingi rivojlanish istiqbollari to‘g‘risida tanqidiy fikr yuritishni talab qiladi.

Shu o‘rinda bir necha savol juda dolzarbdir:

Birinchidan, siyosiy, iqtisodiy va moliyaviy mustaqillikning asosi bo‘lgan texnik va texnologik nuqtayi nazardan O‘zbekiston qanchalik mustaqil.

Ikkinchidan, O‘zbekiston rivojlangan mamlakatlarga bog‘liq bo‘lgan texnologik bo‘shliqni qay darajada kamaytirishi va postindustrial iqtisodiyotni yaratishi mumkin, bu globallashuv jarayonlari tezlashishi va yakunlanish davrida mamlakat omon qolishining asosiy shartidir.

Uchinchidan, O‘zbekiston iqtisodiyoti va uning hozirgi o‘sish sur'atlari o‘rta muddatli istiqbolda o‘rtacha jahon standartlariga mos keladimi yoki aholining munosib turmush darajasini ta'minlay oladimi?

I.M.Gubkin nomidagi Rossiya Davlat neft va gaz (MTU) universitetining Toshkent shaxridagi filiali ilmiy xodimi PHD Zakir Usmanov Kun.uz muxbiri bilan suhbatda globalizatsiya paytida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan bo‘shliqni qanday yengib o‘tish mumkinligi haqida fikrlarini bildirdi.

Mutaxassisning ta'kidlashicha, O‘zbekistonda muammolarni hal qilishda faqat iqtisodiy nuqtayi nazardan yondashilmoqda. Dunyoning rivojlangan mamlakatlarida hozirgi paytda fanlararo ilmiy yondashuv muammolarni hal qilishda ustunlik qiladi.

Yuqoridagi savollarga javob topishdan oldin, respublika rivojlanishiga ta'sir qilgan omillarni keltirib o‘tish kerak.

1. Geografik joylashuv. Deyarli har qanday mamlakat taraqqiyotida eng muhim jihat geografik omil hisoblanadi. O‘zbekiston to‘g‘ridan to‘g‘ri dengizga chiqish imkoniyatiga ega emas. Agar Shvetsiya, Koreya va Cingapur kabi mamlakatlar iqtisodiy rivojlanishda ma'lum bir yutuqlarga erishgan bo‘lsalar, bu asosan ularning geografik joylashuvi bilan bog‘liq. So‘nggi 30 yil ichida O‘zbekiston iqtisodiy rivojlanishda katta yutuqlarga erisha olmaganini asosan, dengizga chiqish imkoniyati yo‘qligi bilan bog‘lash mumkin. Natijada ham eksport mahsulotlari, ham import tovarlarining narxi bir necha baravar qimmatlashib ketadi. Import qilinadigan uskunalar va zarur tarkibiy qismlar narxining oshishi tarmoqlarning rivojlanishiga ham ta'sir ko‘rsatdi.

2. Tarixiy omil. Sobiq sovet ittifoqi davrida respublika markazga xomashyo yetkazib beradigan baza vazifasini bajargan. Sanoat deyarli rivojlanmagan. Mamlakatda mavjud ba'zi korxonalar (masalan, Toshkent traktor zavodi)da ishlar rus tilida olib borilgan va malakali mutaxassislarning aksariyatini ruslar tashkil qilgan. Mustaqillikdan keyin mamlakat aholisi orasida malakali kadrlar juda kam bo‘lgan va jahon standartlari darajasida ishlovchi mutaxassislar bo‘lmagani ishlab chiqarish jarayonining yo‘lga qo‘yilishida katta muammolarni keltirib chiqargan. Natijada bunday iqtisod nafaqat moddiy va boshqa qadriyatlarni, balki talab qilinadigan bilim va ko‘nikmalarni to‘plashga imkon bermagan. Bu hali ham aholi turmush darajasiga ta'sir qiladi va mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini cheklovchi muhim omil hisoblanadi.

3. Demografik omil. So‘nggi 30 yil ichida O‘zbekiston aholisi 70 foizga oshdi (1991 yildagi 20,5 million kishidan 2021 yilning 1 mart holatida 34,6 million kishiga), qo‘shni Qozog‘iston aholisi esa 7-8 foizga o‘sdi (1991 yildagi 17,5 million kishidan 2020 yilda 18,6 million kishiga). Bundan tashqari, 2020 yilga kelib, (50,5 foiz) shahar aholisining ulushi qishloq aholisiga nisbatan oshdi. Bu ko‘rsatkich 2009 yilda 37 foizni tashkil qilgan.

Katta iste'mol bozori shaklida aholining ko‘payishi ma'lum afzalliklarga ega bo‘lsa-da, rivojlanayotgan mamlakatlar uchun, aksincha, bu salbiy oqibatlarga olib keladi. Mehnat bozoriga bosimning kuchayishi sifatli rivojlanishga e'tiborni qaratishga imkon bermaydi.

4. Geosiyosiy omil. Mustaqillikni qo‘lga kiritgandan so‘ng, O‘zbekiston sobiq ittifoqning boshqa mamlakatlari singari, jahon maydonida hukmronlik qilishga intilayotgan mamlakatlarning geosiyosiy bosimini sezdi (bu holat hozir ham davom etmoqda). Shuningdek, O‘zbekiston Rossiya, Xitoy, Eron, Turkiya, AQSh va Yevropa Ittifoqi manfaatlari to‘qnashgan mintaqaning markazida joylashgan.

Bevosita qo‘shnilar bo‘lgan Afg‘onistondagi siyosiy nizolar, Tojikistondagi fuqarolar urushi, Qirg‘izistondagi inqiloblar O‘zbekistonning sarmoyaviy va investitsiyaviy jozibadorligiga jiddiy putur yetkazdi. Bundan tashqari, notinch vaziyat harbiy sohaga katta miqdorda mablag‘ ajratishni taqozo qilgan.

Asosiy mavzuga qaytadigan bo‘lsak – kechikishni qanday yengish, mavjud bo‘shliqni qanday yopish kerak, buni amalga oshirish mumkinmi o‘zi?

Globallashuv jarayonlari tezlashishi ijobiy va salbiy fazilatlarni o‘zida mujassam etgan tendensiyadir. Bir tomondan, bu davlatlar o‘rtasidagi iqtisodiy o‘zaro aloqalarni osonlashtiradi, mamlakatlarga insoniyatning ilg‘or yutuqlariga erishish uchun sharoit yaratadi, resurslarni tejaydi va jahon taraqqiyotini rag‘batlantiradi. Boshqa tomondan, texnik va texnologik jihatdan rivojlangan mamlakatlarda ishlab chiqarish jarayoni avtomatlashtirilishi natijasida rivojlanish darajasi kuchayadi. Rivojlanmagan mamlakatlarda esa bu jarayon o‘z resurslarini yo‘qotish, kichik biznesning xarob bo‘lishiga olib keladi. Obrazli qilib aytganda, boy mamlakatlar boyib, kambag‘al mamlakatlar esa qashshoqlashadi.

Mutaxassisning fikriga ko‘ra, ushbu muammolarni hal qilish uchun O‘zbekiston iqtisodiy siyosatini qayta ko‘rib chiqib, iqtisodiyot tarkibiy tuzilishini tubdan murakkablashtirish, iloji boricha tezroq iqtisodiyotning murakkabligi ko‘rsatkichini oshirish kerak.

Harvard universiteti professori Rikardo Hausmanning Iqtisodiy murakkablik koeffitsiyenti (IMK) nazariyasiga ko‘ra, mamlakat iqtisodiyoti qanchalik murakkab va xilma-xil bo‘lsa, shunchalik barqaror bo‘ladi. Alohida mamlakatlar iqtisodiyotining murakkablik darajasi qanchalik yuqori bo‘lsa, ular shunchalik barqaror rivojlanadi. Murakkablik darajasi kam bo‘lgan mamlakatlar iqtisodiyoti esa tartibsiz rivojlanadi. Murakkab iqtisodiyot innovatsion va axborot sohasidagi yangiliklarni joriy qilishda muhim ahamiyatga ega.

2019 yildagi statistik ma'lumotlar bo‘yicha iqtisodiyotning murakkablik darajasi jihatdan O‘zbekiston 157 davlat ichida 95-pog‘onani egallagan.

Tadqiqotchilar mamlakatlardagi jamoaviy bilimni ularda ishlab chiqariladigan mahsulotlar turlari atamalarida o‘lchab ko‘rishdi. Faqat bir necha mamlakat tayyorlay oladigan mahsulotlar (masalan, yuksak texnologik tibbiy jihozlar, reaktiv dvigatellar) ishlab chiqaradigan mamlakatlar nisbatan soddaroq (paxta, neft kabi) tovarlar ishlab chiqaruvchi mamlakatlarga qaraganda kattaroq jamoaviy samarador bilimga ega bo‘ladi.

Faqat o‘ta ilg‘or texnologiyalarga ixtisoslashuvgina barqaror, yuqori darajadagi farovonlikka erishish imkonini berishi mumkin. Ishlab chiqarish jarayonlari haqida aholi bilim zaxiralari qanchalik ko‘p bo‘lsa, mamlakat shunchalik ko‘p mahsulot yarata oladi va mahsulot shunchalik murakkabroq bo‘ladi.

Doston Ahrorov tayyorladi.

Ko‘proq yangiliklar: