Markaziy bank: O‘zbekiston so‘nggi 10 yilda 687 tonna oltin sotgan

Iqtisodiyot 16:20 / 30.03.2021 24985

Markaziy bank so‘nggi 10 yil davomida sotilgan nomonetar oltin miqdori haqida ma'lum qildi.

Qayd etilishicha, 2020 yilda 100 tonna oltin xorijga sotilgan. So‘nggi 10 yillik davomida eng kam oltin 2012 yilda sotilgan — 10 tonna, eng ko‘pi esa 2019 yilda — 110 tonna.

Shuningdek, 2010 yilda 60 tonna, 2011 yilda 70 tonna, 2013 yilda 37 tonna, 2014 yilda 30 tonna, 2015 yilda 50 tonna, 2016 yilda 70 tonna, 2017 yilda 80 tonna, 2018 yilda esa 70 tonna nomonetar oltin xorijga eksport qilingan.

O‘tgan davr ichida narxlar ham sezilarli darajada o‘zgargan. 2010 yilda bir unsiya oltin narxi jahon bozorida 1226,7 dollar turgan bo‘lsa, 2015 yilda 1159,8 dollarni tashkil qilgan. Bu so‘nggi 10 yillikdagi qimmatbaho metallning eng past qiymati hisoblanadi. O‘z navbatida, 2020 yilda oltin narxi keskin oshgan va bir unsiyasi 1771 dollarni tashkil qilgan. Taqqoslash uchun, bu ko‘rsatkich 2019 yilda 1393,7 dollarga teng bo‘lgan.

2020 yil iyul hamda avgust oylarida O‘zbekistonda oltin eksportining oshgani qayd etilgan.

2020 yil avgust oyi boshida oltin narxi tarixda ilk marta unsiyasi uchun 2000 dollardan oshib, rekord darajada – 2067 dollarga ko‘tarilgandi.

Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov o‘shanda O‘zbekiston «ko‘p oltin sotib yuborgani» haqidagi gaplarga munosabat bildirib, bu MBning normal funksional vazifalaridan biri ekanini ta'kidlagan.

«Biz oltin-valuta zaxiramiz tarkibini o‘zgartirib turish vakolatiga egamiz va buni mustaqil ravishda ajratamiz. Agar oltin narxi jahon bozorida tushib ketadigan bo‘lsa va biz kelgusida oltin narxi oshishini kutayotgan bo‘lsak, oltinni sotmasligimiz ham mumkin», –degandi Nurmuratov.

O‘zbekiston 2020 yil avgust oyida rekord darajada oltin sotgach, ushbu qimmatbaho metallni sentyabr oyida deyarli eksport qilmagan.

Joriy yil 1 mart holati bo‘yicha, O‘zbekiston oltin-valuta zaxiralari 33,2 mlrd dollar bo‘lib, shundan quyma shakldagi monetar oltin qiymati 19,73 mlrd dollarni tashkil etmoqda.

Ma'lumot uchun, sotilayotgan oltinning miqdori bo‘yicha ma'lumotlar so‘nggi 10 yil ichida birinchi marotaba e'lon qilinmoqda. Bunga qadar Davlat statistika qo‘mitasi oltin sotuviga oid ma'lumotlarni pul ko‘rinishida taqdim qilmoqda edi. 2020 yilning yanvar-dekabr oylari yakunlari bo‘yicha respublika tashqi savdo aylanmasidagi eksport hajmining 38,3 foizini (5 milliard 804 million dollar) oltin tashkil qilgan. 2019 yilda oltin eksporti 4 milliard 918 million dollar bo‘lgani qayd qilingan.

Ko‘proq yangiliklar: