Vazirlar Mahkamasining 18 mart kungi «Respublika hududida ip-kalavani chuqur qayta ishlashni ta'minlashga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi 148-sonli qarori imzolandi.
Bu hujjatda paxta ip-kalavasiga tashqi bozorlarda talab keskin oshishi yuz berib, bu hol mahalliy iste'molchilarda xomashyo yetishmovchiligi muammosini keltirib chiqargani ta'kidlab o‘tilgan. Bu vaziyatni to‘g‘rilash choralari sifatida quyidagilar joriy etilmoqda:
- 2021 yil 1 martdan 2021 yil 1 avgustgacha bo‘lgan davrda paxta ip-kalavasini eksport qilish kvotasini «umumiy ishlab chiqariladigan paxta ip-kalavasining o‘rtacha 50 foizi miqdorida belgilash». Kvotalarning miqdori, ularning muayyan korxonalar uchun oylar bo‘yicha taqsimlanishi rasmiylar tarafidan belgilanadi. Bunda me'yor va tartiblar aniq belgilab berilmagan, ya'ni bu ish amaldorlar ixtiyoriga qoldirilgan;
- Ushbu kvotadan ortiq eksport qilinadigan paxta ip-kalavasining (bo‘yalgan kalava bundan mustasno) har bir kilogrammi uchun 0,32 AQSh dollari miqdorida qo‘shimcha yig‘im undirish. Ushbu yig‘im paxta ip kalavasining har bir kilogrammi uchun 0,01 AQSh dollari miqdoridagi mavjud eksport bojiga qo‘shimcha ravishda joriy etilmoqda.
Ya'ni, agarda ochiqcha aytiladigan bo‘lsa, kvotadan oshiqcha mahsulot uchun boj ko‘p ham emas, kam ham emas, 33 baravarga (!) oshmoqda.
Yuqoridagi holat muvaffaqiyatli rivojlangan mamlakatlardagi amaldorlarniki bilan solishtirib bo‘lmaydigan vakolatlarga ega bo‘lgan bizning amaldorlarimiz iqtisodiy siyosat sohasidagi qarorlarni qanday qabul qilishiga yaxshi misol bo‘la oladi. Ustiga ustak, ular aksar hollarda qabul qilgan qarorlarining samaradorligini shubha ostiga qo‘yishga har qanday urinishdan qattiq xafa bo‘lishadi.
Oldindan bir narsani aytib o‘tib ketishni istar edim: xomashyoni mamlakat ichida qayta ishlash, yuqori qo‘shimcha qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarishni tashkil qilish va kengaytirish zarurligiga hech qanday shubha yo‘q. Ushbu vazifani bajarmasdan turib, rivojlangan iqtisodiyot sari yurish mumkin emas. Lekin gap maqsadlarda emas, balki uslublarda. Aniqroq aytsak, amaldorlar ushbu maqsadlarga qanday erishishga urinayotganida.
Texnik-tartibot masalalaridan boshlaymiz
Birinchi ko‘zga tashlanadigan holat — mazkur hujjat loyihasi hech qayerda e'lon qilinmagani va ochiq muhokama qilinmaganidir. Boz ustiga, hujjatga 18 martda imzo qo‘yilgan bo‘lsa-da, hozirgacha u e'lon qilinmagan va aftidan, uni hech kim e'lon qilish niyatida ham emas. Nega? Niyat yaxshi-ku: mahalliy xomashyoni qayta ishlashni rivojlantirish. Nega unda bu ish imi-jimida, o‘tib ketgan davrning «eng yaxshi an'analariga muvofiq» amalga oshirilmoqda? Bu savolga javob olishni juda istar edik.
Ikkinchisi. Ko‘rinib turibdiki, «qonun orqaga qaytish kuchiga ega emas» prinsipi buzilmoqda: kvotalar joriy etish va eksport to‘lovlarini oshirish to‘g‘risidagi qaror 18 martda qabul qilinmoqda (va hozirgacha e'lon qilingani yo‘q), uning kuchga kirishi esa 1 martdan boshlanmoqda. Buni qanday atash mumkin? Eng yumshoq qilib aytganda – huquqiy savodsizlik!
Uchinchidan. Axir stavkalarni oshirish yoki yangi soliqlarni (eksport yig‘imlari – bular ham soliq hisoblanadi) joriy qilish parlament tomonidan tasdiqlanishi kerak emasmi? Hatto o‘rta asrlar Yevropasida ham qirollar soliqlarni parlament ruxsatisiz oshira olmaganlar. O‘zbekiston amaldorlari esa buni XXI asrda ham qila olishmoqda. Men parlament yuqoridan tushirilgan har qanday qarorni tasdiqlab berishini yaxshi tushunaman. Lekin baribir tartib tartib-da – unga amal qilish zarur. Hatto ushbu rasmiyatchilikni ham buzish nimaga kerak bo‘lib qoldi?
To‘rtinchidan. Yil o‘rtasida o‘yin qoidalarini keskin o‘zgartirish, buning ustida o‘tgan sana bilan qaror qabul qilish tadbirkor va investorlar tarafidan qonunchilik va iqtisodiy siyosatning barqaror emasligi, deb tushuniladi va hatto hozirdan shunday tushunilmoqda. Paxtani qayta ishlashni chuqurlashtirish vazifasini bunday uslublar bilan hal qilishga uringan holda biz investitsiya muhitini yomonlashtirayotganimiz, iqtisodiyotimizga tuzatib bo‘lmas ziyon yetkazayotganimiz yo‘qmi? Har yili bu kabi qonunga xilof va aksilsarmoyaviy qarorlar tufayli qancha investitsiya va yangi texnologiyalarni olmayapmiz? Kimdir buni hisoblab ko‘rganmi?
Kvotalarning hajmi va taqsimlanishi haqida
Ip-kalava eksportini ishlab chiqarish hajmidan 50 foiz miqdorida cheklab qo‘yish mo‘ljallanmoqda. Hozirgi paytda ip-kalavaning qancha qismi mamlakat ichida qayta ishlanmoqda? Ba'zi ekspertlarning baholariga ko‘ra, bugungi kunda ushbu ko‘rsatkich ishlab chiqarilayotgan ip-kalavaning atigi 14 foizini tashkil etadi.
Prezident Administratsiyasi huzuridagi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (ITIM) biroz boshqacha raqamlarni keltirmoqda: 2020 yilda 778 ming tonna ip-kalava ishlab chiqarilgan bo‘lib, ichki iste'mol 40,7 foizga teng. Ammo ITIMda ushbu masala bo‘yicha aniq ma'lumotlar borligidan shubhalanishga uning tomonidan berilgan 2019 yilga taalluqli ma'lumotlar asos bo‘la oladi: ishlab chiqarish – 608 ming tonna, iste'mol – 55,8 foizni, ya'ni 340 ming tonna, o‘z navbatida, eksport – 268 ming tonna. So‘nggi raqam Davlat statistika qo‘mitasining ip-kalava eksporti bo‘yicha ma'lumotlari bilan sira mos kelmaydi – 400 ming tonna.
Bundan tashqari, ITIM ma'lumotlariga ko‘ra, 2020 yilda ip-kalavaning ichki iste'moli 2019 yilga solishtirganda tushib ketgan. Shu bilan birga, ip-kalavadan mahsulot ishlab chiqarish sezilarli darajada o‘sgan.
Ip-kalavaning ichki iste'moliga doir ma'lumotlar bir biriga ancha zidligini va ishlab chiqarishda iste'mol ulushi turli baholarga ko‘ra 14 foizdan 40 foizgacha bo‘lgan oraliqdaligini ko‘rishimiz mumkin. Aftidan, mamlakatda real raqamlarni hech kim bilmaydi.
Unda 50 foiz degan raqam qayerdan chiqdi? Balki «O‘ztekstilsanoat» uyushmasining vaqti-vaqti bilan chiqib turadigan, 2021 yilda ip-kalavaning ichki iste'moli 50 foiz yuqori darajaga yetkazilishiga doir (bunda ip-kalavani ishlab chiqarish 900 ming tonnadan oshadi) g‘alaba raportlaridan. Bu raqamlar qayerdan paydo bo‘ldi?
Ko‘rinishidan, ular to‘qimachilik sohasiga, jumladan, davlat dasturlari bo‘yicha yo‘naltirilayotgan ulkan sarmoyalar bilan qandaydir bog‘liq.
Mantiq oddiy: holbuki tarmoqqa katta sarmoyalar kirayotgan ekan, ishlab chiqarish ham tegishli sur'atda o‘sishi kerak. Faqat bu mantiq biroz sayoz: O‘zbekistonning yaqin tarixidan yaxshi bilamizki, investitsiyalarning o‘sish sur'atlari (ayniqsa, davlat dasturlari bo‘yicha) va ishlab chiqarish sur'atlarining o‘sishi o‘rtasida mutanosib to‘g‘ridan to‘g‘ri bog‘liqlik bo‘lishi shart emas.
Birinchidan, bizning rasmiylarimizning nimanidir rejalashtirish qobiliyatini shubha ostiga qo‘yish kerak bo‘ladi, ayniqsa, ular aftidan ip-kalava ishlab chiqarish va ichki iste'mol bo‘yicha aniq raqamlarga ega bo‘lmagan sharoitlarda.
Ikkinchidan, ishlab chiqarish quvvatlarini yaratishning o‘zi yetarli emas. Tegishli ishlab chiqarish ko‘lamlari uchun mahsulotga bo‘lgan talab ham zarur (investitsiya qarorlarini qabul qiladigan amaldorlarimiz kamdan kam hollarda haqiqiy bozor kon'yunkturasini seza olishadi).
Uchinchidan, mahsulotlar raqobatbardosh bo‘lishi kerak, aks holda ularni sotib olishmaydi. Raqobatbardosh mahsulotlarni yaratish bilan ham katta muammolar mavjud: amaldorlar boshchiligidagi sarmoyalar kamdan kam hollarda samarali bo‘ladi. Shu sababli, tegishli ishlab chiqarishlar yaratilgandan so‘ng, ko‘p hollarda ushbu ishlab chiqarish quvvatlarini proteksionistik to‘siqlar, imtiyozlar, subsidiyalar, xomashyoga sun'iy ravishda arzon narxlar qo‘yish bilan «himoya qilish»ga to‘g‘ri keladi.
O‘z navbatida savol tug‘iladi: ip-kalavaning real ichki iste'moli to‘g‘risida aniq ma'lumotlarga ega bo‘lmagan holda va uning kelajakdagi o‘sishi to‘g‘risida o‘ta optimistik «prognozlar»ga asoslangan holda eksport kvotalarini 50 foiz miqdorida belgilash qanchalik to‘g‘ri?
Menimcha, bu yondashuv, yumshoq qilib aytganda, mas'uliyatsiz yondashuv.
Keyingi jihat shundaki, ip-kalava har xil bo‘ladi. Shundan kelib chiqib, mamlakatda ishlab chiqariladigan ip-kalavaning ichki iste'moli ishlab chiqarishga qaraganda ancha kam yoki mamlakat ichida umuman iste'mol qilinmaydigan turlari mavjud. Shu sababli, agar kvotalar hammaga bir xil nisbatda taqsimlansa, bundan hech qanday yaxshi natija chiqmaydi.
Shartli misol. Korxonada 100 tonna ip-kalava ishlab chiqarilar edi, ichki bozorda talab 10 tonna. Endilikda korxona ichki talabni qondirgan holda eksportga shuncha miqdorda sotish uchun ishlab chiqarishni 20 tonnagacha qisqartirishi kerak bo‘ladi.
Shu sababli ham kvotalar korxonalar o‘rtasida mansabdor shaxslar tomonidan teng bo‘lmagan nisbatlarda taqsimlanadi – ya'ni ularning o‘z bilganicha. Shu bilan birga, kvotalarni aniqlash va taqsimlash mexanizmlari aniq yozib qo‘yilmagan. Boshqacha qilib aytganda, yigiruv sanoati eksporti shunchaki byurokratiya qo‘liga topshirilgan. U kimga va qanday kvotalar berishni o‘z mezonlari va tushunchalari asosida hal qiladi. Volyuntarizm va korrupsiya uchun ajoyib manba.
Yigiruv sanoatini rivojlantirish istiqbollari to‘g‘risida
Hukumatning paxta xomashyosini qayta ishlashni ko‘paytirish istagi tushunarli. Ammo bu maqsadga qayta ishlashning eng muhim bo‘g‘inlaridan biri — yigiruv sanoatini xavfga qo‘yish bilan erishish mumkinmi? Aminmanki, yo‘q.
Sanoatda juda qattiq raqobat mavjud. Shuning uchun u yerda ishlab chiqaruvchilar superfoyda olmaydilar. Ekspertlarning ta'kidlashicha, so‘nggi ikki yilda eng qimmat ip-kalavaning sof foydasi har kilogramm uchun o‘rtacha 30 sentni tashkil etgan. Arzonroq iplarning 1 kilosidan esa 18 sent va undan ham kamroq.
Eslatib o‘taman, endilikda kvotadan oshiqcha mahsulotlardan olinadigan eksport solig‘ining yalpi miqdori kilogrammi uchun 33 sentni tashkil etadi. Ya'ni limitdan yuqori eksport foydasiz bo‘lib qolmoqda. Agar ip-kalavani ichki bozorda maqbul narxlarda sotish imkoni bo‘lmasa, u holda ishlab chiqarishni qisqartirish kerak bo‘ladi, bu esa mahsulot tannarxi (ishlab chiqarish ko‘lamidan keladigan ijobiy ta'sir ishlamay qoladi), uning raqobatdoshligi va sanoatning moliyaviy ko‘rsatkichlariga salbiy ta'sir qiladi.
Qo‘shimchasiga, sohaga yangi sarmoyalar oqishi to‘xtaydi: qaysi investor o‘yin qoidalari shu qadar beqaror bo‘lsa, o‘z peshona teri bilan ishlab topgan pullarini tikishni xohlaydi? Va, albatta, qiyinchilik bilan egallangan eksport pozitsiyalariga kuchli zarba beriladi: kompaniyalar o‘zlarining shartnomaviy majburiyatlarini bajara olmaydilar, sotuv narxlarini ko‘tarishga majbur bo‘ladilar, pirovardida o‘z mahsulotlarining raqobatbardoshligini pasaytiradilar va egallangan bozorlarini raqobatchilarga topshiradilar. Ip-kalavachilarga bunday zarar yetkazish orqali biz to‘qimachilik tarmog‘iga yordam bera olamizmi axir?
Bu vaqtinchalik chora ekani va bu sohadagi narxlar barqarorlashishi bilan unga barham berilishini aytib e'tiroz bildirishlari mumkin. Ammo, birinchidan, bizning mamlakatimizda «vaqtinchalik choralar»dan ko‘ra doimiyroq narsa yo‘q. Amaldorlar iqtisodiyotga bunday yangi ta'sir vositasidan ixtiyoriy ravishda voz kechishlari ehtimoldan juda yiroq.
Ikkinchidan, hujjatda kvotalarning amal qilish muddatlari ko‘rsatilgan: 1 avgustgacha (muddatni keyinchalik osonlikcha uzaytirish mumkin).
Odobsiz savol uchun uzr so‘rayman: hujjat mualliflari narxlar nomutanosibligi 1 avgustgacha davom etishini qayerdan biladilar? Balki narxlar ertaga tushib ketar? Ular ip-kalavaning yuqori narxlar davri qancha davom etishini qayerdan bilishlari mumkin? Yoki ip-kalavaning narxi oshishi ortidan paxta narxi ko‘tarilib ketib (bu juda mantiqiy taxmin), ip-kalava ishlab chiqaruvchilar bunday kvotalar va eksport to‘lovlari bilan shunchaki rentabelsiz bo‘lib qolar? Agar tayyor to‘qimachilik mahsulotlarining narxlari ko‘tarilsa (ular allaqachon o‘sa boshladi) nima bo‘ladi (bu ip-kalava iste'molchilariga yigiruv mahsulotlari narxining ko‘tarilishidan kelgan zararlarini qoplashga imkon beradi)?
Qayd etish kerakki, hujjatda amaldorlar «paxta ipini eksport qilish kvotalari va qo‘shimcha to‘lovlar miqdorini paxta kalavasining tashqi va ichki bozorlaridagi vaziyatdan kelib chiqib» o‘zgartirishlari mumkinligi ko‘zda tutilgan. Ammo rasmiylarimiz bozor kon'yunkturasidagi bunday o‘zgarishlarga tezda javob qaytarishni qanchalik eplay oladilar? (Ularning ko‘p yillar davomida kvotalarni uquvsizlarcha taqsimlashlari va meva-sabzavot mahsulotlarining eksport narxlarini nazorat qilishga urinishlariga qarab, bu masalalarda ularning samaradorligiga umid, yumshoq qilib aytganda, kuchsizdir. Meva-sabzavotni bunday tartibga solishdan ushbu sohaga juda ulkan zarar yetkazildi).
Va eng muhimi: ular ushbu masalalar bilan qay darajada shug‘ullanishlari kerak?
Mamlakatimizda amaldorlar son-sanoqsiz masalalarni hal qilishmoqda. YaIMning 40 foizdan ortig‘i budjet va har xil davlat jamg‘armalari va hokazolar orqali taqsimlanadi. Yevropaning eng boy davlatlarining hammasi ham bunga qodir emas. Va Sharqiy Osiyoning boy mamlakatlarida esa, kamdan kam holatlarda YaIMning 20 foizdan ortig‘i davlat orqali o‘tadi, men kambag‘al mamlakatlar haqida gapirmayapman (mamlakat qanchalik kambag‘al bo‘lsa, davlatning YaIMdagi ulushi o‘rtacha hisobda shuncha kamroq).
Ammo biz uchun xorijiy tajriba misol bo‘la olmaydi. Bizning byurokratiya iqtisodiyotni boshqarishda qatnashishda, bunga qodirligidan va mamlakatimizga keyingi 30 yil davomida yetkazayotgan ulkan zararidan qat'i nazar, bundan keyin ham davom etishni istaydi.
Balki yigiruv sanoatini tinch qo‘ygan va o‘ta zararli hujjatni bekor qilgan yaxshidir? Agar siz chindan ham mahalliy ip-kalava iste'molchilariga to‘g‘ridan to‘g‘ri yordam berishni hohlayotgan bo‘lsangiz, nega, masalan, sohaga soliq yukini kamaytirmaysiz yoki xomashyo sotib olishni kreditlashda yordam bermaysiz?
Men tarmoqlarga taqdim etiladigan imtiyozlar tarafdori emasman. Ammo bu yigiruv sanoatini ma'muriy-byurokratik taqiqlar va nazorat kabilar bilan xavf ostiga qo‘yishdan ko‘ra yaxshiroqdir.
Yuliy Yusupov,
Iqtisodiy rivojlanishga ko‘maklashish markazi (CED) direktori.