O‘zbekiston tashqi qarzi 33 milliard dollardan oshdi

Iqtisodiyot 12:06 / 27.03.2021 22145

Markaziy bank e'lon qilgan navbatdagi hisobotda respublika umumiy tashqi qarzining hajmi 2020 yil boshiga nisbatan 37,4 foizga yoki 9,2 milliard dollarga oshib, 1 yanvar holatiga 33,8 milliard dollarni tashkil etgani ma'lum qilindi.

Qayd etilishicha, mazkur mablag‘lardan 21,3 milliard dollari davlat tashqi qarzi, 12,5 milliard dollari esa davlat tomonidan kafolatlanmagan tashqi qarz hisoblanadi.

Davlat tashqi qarzining o‘sishi

2020 yilda davlat tashqi qarzining sof o‘sishi, kurslar va narxlar o‘zgarishini inobatga olganda, 5,5 milliard dollarni tashkil qildi. Bu o‘sish asosan yangi qarzdorliklar jalb qilinishi va davlat qimmatli qog‘ozlari chiqarilishi bilan izohlanadi.

O‘tgan yilda xususiy qarzdorlik 3,7 milliard dollarga oshib, asosan banklar hissasiga to‘g‘ri kelgan.

«2020 yilda xususiy sektor tomonidan umumiy miqdorda 5,5 milliard dollar qarzdorlik jalb qilindi. Ushbu qarzlarning 4,3 milliard dollari asosan banklar hissasiga to‘g‘ri kelsa (joriy yil IV choragida ikkita bank tomonidan qiymati 600 million dollarlik yangi qimmatli qog‘ozlar chiqarildi), neft-gaz va energetika sektoridagi korxonalar 211,8 million dollar va iqtisodiyotning boshqa sektorlari tomonidan 984 million dollar jalb qilingan», – deyiladi Markaziy bank maxsus nashrida.

Davlat tashqi qarzi bo‘yicha amalga oshirilgan foiz to‘lovlari

Ma'lum qilinishicha, hisobot davri mobaynida davlat tashqi qarzi bo‘yicha 651,3 million dollar miqdordagi asosiy qarz va 380,2 million dollar miqdordagi foiz to‘lovlari amalga oshirilgan.

Xususiy tashqi qarz to‘lovlari asosiy qarz bo‘yicha 2 milliard dollar va foiz to‘lovlari bo‘yicha 370,8 million dollarni tashkil qildi. Bunda asosiy qarz va foizlar bo‘yicha to‘lovlarning eng katta qismini banklar hamda neft-gaz va energetika sektori korxonalari amalga oshirmoqda.

2020 yilda xususiy sektorning tashqi qarz tushumlari va to‘lovlari to‘g‘risidagi ma'lumotlar hamda xususiy tashqi qarzning so‘ndirilishi bo‘yicha prognozlar xalqaro hisobot tizimi talablariga muvofiq kreditorlar va qarz oluvchilar kesimida taqdim etilmoqda.

Yalpi tashqi qarz holati

2021 yil 1 yanvar holatiga yalpi tashqi qarz qoldig‘i 37,5 foizga yoki 9,9 milliard dollarga oshib, 36,2 milliard dollarni tashkil qildi.

2020 yilda yalpi tashqi qarz asosan operatsion o‘zgarishlar hisobiga 9,4 milliard dollarga oshdi. Bunda qayta baholashlar (kurslar va moliyaviy instrumentlarning narx o‘zgarishlari) va boshqa o‘zgarishlar mos ravishda 674,9 million va -241,1 million dollarni tashkil qildi.

Avvalroq xalqaro moliyaviy institutlardan O‘zbekiston jalb qilgan tashqi qarz portfeli hajmi 8,9 milliard AQSh dollarini tashkil etib, mazkur kreditlar uzoq muddat (30 yilgacha) hamda imtiyozli foiz stavkalarida taqdim etilgani xabar qilingandi.

2021 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra, O‘zbekistonning davlat qarzi 23,3 mlrd dollar ekvivalentini tashkil etayotgani, shundan 21,1 milliardi – davlat tashqi qarzi ekani ochiqlangan.

Shuningdek, moliya vaziri Timur Ishmetov respublikaning tashqi qarzi miqdori xalqaro me'yorlarga nisbatan past hisoblanishi, uni hukumat yaxshi boshqarish bilan birga, o‘z vaqtida bemalol qaytara olishini ta'kidlagan. Vazirga ko‘ra, 2021 yilda tashqi qarz olish limiti 5 milliard dollar qilib belgilangan.

Ko‘proq yangiliklar: