Biznes-hamkorga ishonch bo‘lmasa, nima qilish mumkin? - DSQ rasmiysi «obnal» bo‘yicha tadbirkorlarga tavsiyalar berdi

Iqtisodiyot 20:30 / 27.03.2021 7405

So‘nggi paytlarda soliq organlari va tadbirkorlar o‘rtasidagi «obnal mojarosi» muhokamalarga sabab bo‘ldi. Tadbirkor «obnal»ga (naqdlashtirish operatsiyasi) yo‘l qo‘ymaslik uchun «lozim darajada ehtiyotkor bo‘lishi», kontragentni to‘g‘ri tanlashi ko‘p ta'kidlandi. Xo‘sh, bitim tuzish chog‘ida kontragentga nisbatan ishonch bo‘lmasa, nima qilish lozim?

Davlat soliq qo‘mitasi QQS ma'muriyatchiligi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Furqat Kushchonov kontragentga nisbatan tadbirkorda ishonchsizlik bo‘lganda, qanday qilib yetkazib beruvchining hisobvaraq-fakturalari bo‘yicha QQSni hisobga olishdan bosh tortishi mumkinligi haqida ma'lumot berdi. Bu haqda Buxgalter.uz xabar qildi.

DSQ rasmiysining aytishicha, hisob-kitob shakli – Soliq kodeksining 266-moddasi talablariga javob beradigan hisobvaraq-fakturalar bo‘yicha QQS summalarini hisobga olish uchun avtomatik ravishda qabul qiladigan tarzda tuzilgan. Ishlab chiquvchilar hisobga olish huquqidan foydalanish ikkiyoqlama soliq solishning oldini olish imkonini berishidan kelib chiqishgan.

«Soliq kodeksida hisobga olishga majburiyat sifatida emas, balki huquq sifatida qaraladi. Shuning uchun tadbirkor o‘z xohishiga ko‘ra ma'lum yetkazib beruvchilar bilan tuzilgan bitimlar bo‘yicha QQS summalarini hisobga olmasligi mumkin», – deydi u.

Furqat Kushchonov ikki holatda: EHF olingan oyda QQSni hisobga olmaslikka qaror qilinganda va EHFni ilgariroq olgan va u bo‘yicha QQSni hisobga olganda qanday yo‘l tutish mumkinligini tushuntirdi:

EHF olingan oyda QQSni hisobga olmaslikka qaror qilgan bo‘lsangiz:

1) ular bo‘yicha QQSni hisobga olishni istamagan barcha hisob-fakturalarning ma'lumotlarini «QQSsiz yetkazib berish qiymati» va «QQS summasi» ko‘rsatkichlarida umumlashtiring;

2) olingan summalarni «Sotib olingan tovarlar (xizmatlar) uchun schyot-fakturalar (schyot-fakturalar o‘rnini bosuvchi hujjatlar) reyestri» 4-ilovasining 8 va 9-ustunlarida ko‘rsating.

EHFni ilgariroq olgan va u bo‘yicha QQSni hisobga olgan bo‘lsangiz:

1) ular bo‘yicha QQSni hisobga olishni istamagan barcha hisobvaraq-fakturalarning ma'lumotlarini «Qiymat» va «QQS summasi» ko‘rsatkichlarida jamlang;

2) olingan summalarni QQS hisob-kitobiga 3-ilovaning 0603-satri tegishli ustunlarida ko‘rsating.

«Nazorat qiluvchi organlarda savollar yuzaga kelsa, o‘z harakatlaringizni SKning 226-moddasiga muvofiq «kiruvchi» QQSni hisobga olish majburiyat emas, balki huquq ekani, bu holda undan foydalanishni ma'qul ko‘rganingiz bilan izohlang.

Garchi bitim haqiqiy, to‘la qonuniy, barcha zarur hujjatlar bilan rasmiylashtirilgan bo‘lsa, bunday ortiqcha ehtiyotkorlik o‘rinsiz deb o‘ylayman. Bu holda qonunbuzarliklarga aloqador emasligingizni doim isbotlay olasiz.

Soliq organi bitim qalbaki yoki soxta bo‘lgani to‘g‘risida asosli dalillar mavjud bo‘lgan taqdirdagina soliq bazasiga tuzatish kiritadi. Shuning uchun, maslahatim: qonun hujjatlariga rioya eting va sizga berilgan barcha huquqlardan to‘liq foydalaning», – deydi QQS ma'muriyatchiligi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari.

Ko‘proq yangiliklar: