Reuters agentligining xabar berishicha, Xiaomi Corp kompaniyasi elektromobillar ishlab chiqarishni Xitoyning Great Wall avtomobil ishlab chiqaruvchi zavodi bilan birga amalga oshirmoqchi. Kompaniya elektromobillari ommaviy bozor uchun mo‘ljallanadi, ilk model 2023 yilda taqdim etiladi.
Xiaomi elektr transport vositalari ishlab chiqaruvchining ekotizimidan boshqa qurilmalarga ulanish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Ma'lum bo‘lishicha, Great Wall hali boshqa kompaniyalar bilan mahsulot ishlab chiqarishda hamkorlik qilmagan. Kompaniyalar kelgusi haftaning boshida hamkorlik to‘g‘risidagi yangilikni e'lon qilishni rejalashtirmoqda.
Ushbu xabardan keyin Xiaomi kompaniyasining aksiyalari narxi 5 foizga, Great Wall aksiyalari 9 foizga o‘sgan.
Xiaomi o‘z daromadlarini diversifikatsiya qilishga intilmoqda, shu sababli u elektromobillar ishlab chiqarishni rejalashtiryapti. Kompaniya daromadining asosiy qismi smartfonlar biznesidan keladi.
Shuningdek, yirik texnologik kompaniyalar tobora o‘z avtomobillarini ishlab chiqarish haqida o‘ylashmoqda. Masalan, dekabr oyida Apple kompaniyasi 2024 yilda o‘zining birinchi elektromobilini ishlab chiqarishini ma'lum qilgandi. Fevralda esa Huawei 2021 yilda o‘z elektromobillarini ishlab chiqarish rejalarini oshkor qildi. Kompaniyaning o‘zi bu ma'lumotni rad etdi.
Avvalroq, Volvo 2030 yilga borib faqat elektromobillar ishlab chiqarmoqchi ekanligi xabar qilingan edi. Kompaniya 2020 yilda XC40 Recharge deb nomlangan elektromobili sotuvini boshlagan bo‘lsa, 2025 yilga kelib Volvo cars sotuvining 50 foizini elektromobillar tashkil etishi rejalashtirilgan.