BMT: Pandemiya oqibatida yana 120 million kishi kambag‘allik yoqasiga kelib qoldi

Iqtisodiyot 12:51 / 26.03.2021 4586

Pandemiya davrida dunyoda iqtisodiyotni rag‘batlantirish uchun 16 trillion dollar ajratilgan, shundan faqat beshdan bir qismi rivojlanayotgan mamlakatlar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA.

BMT Yangiliklar markazining ma'lumotiga ko‘ra, SOVID-19’ga qarshi emlash sohasida ham tengsizlik kuzatilmoqda. Masalan, joriy yil yanvar oyiga qadar 38 davlatda emlash boshlangan bo‘lsa, ulardan faqat 9 tasi rivojlanayotgan mamlakatlardir.

Rivojlanishni moliyalashtirish bo‘yicha yangi hisobot mualliflari pandemiya ta'siridan, ayniqsa, kambag‘al mamlakatlarning millionlab aholisi aziyat chekayotganiga e'tibor qaratgan. So‘nggi yillarda ularning yashash sharoitini yaxshilashga qaratilgan barcha sa'y-harakatlar va bu borada erishilgan yutuqlar zoye ketmoqda: 114 million kishi ish o‘rnini yo‘qotgan, qo‘shimcha 120 million kishi kambag‘allik yoqasiga kelib qolgan.

Yangi texnologiyalar va barqaror infratuzilmalarga sarmoya kiritish — xatarlarni kamaytirish va dunyoni kelajakdagi zarbalardan asrab qolishga yordam beradi. Bunday siyosat iqtisodiy o‘sish, yaxshi hayotni ta'minlash va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashda muvaffaqiyatga erishishga asos bo‘ladi, deb ta'kidlamoqda ma'ruza mualliflari. Masalan, ekspertlar kelajakda pandemiya xavfini sezilarli darajada kamaytirish uchun keyingi ikki yilda 70—120 milliard dollar, undan keyingi yillarda esa 20—40 milliard dollardan sarflash zarur, deb hisoblamoqda.

Xususan, ma'ruza mualliflari rivojlanayotgan mamlakatlarga past foizli zayomlar taqdim qilish, taraqqiyot banklari imkoniyatlaridan kengroq foydalanish va boshqa chora-tadbirlar ko‘rishni tavsiya etgan.

Avvalroq BMT prognozlariga ko‘ra, 2025 yilgacha hozirgi koronainqirozdan ko‘riladigan zarar 22 trillion dollarni tashkil etishi ma'lum qilingandi.

Ko‘proq yangiliklar: