O‘zbekiston qaytarib berish sharti bilan Qirg‘izistonga elektr energiyasi yetkazib beradi

Iqtisodiyot 18:27 / 25.03.2021 13344

O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘zaro elektr energiyasi yetkazib berish to‘g‘risida kelishib olgan. Bu haqda Qirg‘iziston Energetika va sanoat vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Kelishuvga ko‘ra, O‘zbekiston Qirg‘izistonga 2021 yil mart oyidan oktyabr oyigacha va 2022 yil mart-aprel oylarida 750 million kilovatt-soatgacha elektr energiyasi yetkazib beradi.

Bunday chora-tadbirlar To‘ktogul suv omborida suv to‘plash va uni 2021–2023 yillarda O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi iste'molchilariga yetkazib berish maqsadida amalga oshirildi.

Belgilangan yillarda Qirg‘iziston mos miqdordagi elektr energiyasini iyun-avgust oylarida qaytarib beradi.

  • Avvalroq, Qirg‘iziston Jo‘qorg‘i Kengeshi yig‘ilishida Energetika va sanoat vaziri Kubanchbek Turdubayev To‘ktogul suv omboridagi suv darajasi xavfli darajaga ko‘tarilganligini ma'lum qilgan. U aholini elektr energiyasi bilan uzluksiz ta'minlash uchun hukumat  ichki iste'molni kamaytirib, qo‘shni davlatlardan elektr energiyasi import qilish va ishlab chiqarishni ko‘paytirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqayotganligini aytib o‘tgan.
  • 2021 yilning 13 mart kuni Bishkek shahrida O‘zbekiston energetika vaziri va Qirg‘iziston energetika va sanoat vaziri boshchiligidagi ishchi guruh yig‘ilishi bo‘lib o‘tganligi xabar qilingandi. Uchrashuv davomida tomonlar «Qambarota GES-1»  investitsiya loyihasining amalga oshirilishi hamda «Shimoliy So‘x» gazni yer ostida saqlash inshooti faoliyati doirasidagi hamkorlikni qirg‘iz tomoni bilan yaqindan o‘rganish masalalarini muhokama qilgan.
  • Energetika vaziri o‘rinbosari Sherzod Xo‘jayev Kun.uz’ga bergan intervyusida Qirg‘iziston bilan energiya almashinuvi yo‘lga qo‘yilishi haqida ma'lumot bergan, unga ko‘ra, O‘zbekiston ma'lum miqdordagi elektr energiyasini ortiqcha bo‘lgan paytda qo‘shni davlatga berib turishi, evaziga yozdagi uch oyda Qirg‘iziston shu elektrni qaytarib berishi aytilgandi.

 

Ko‘proq yangiliklar: