Volkswagen yuk mashinalarida ham elektrmotorni rivojlantiradi

Fan-texnika 19:52 / 23.03.2021 46269

Volkswagen bor salohiyatini elektrmobillarga qaratadigan bo‘ldi. Yevropaning eng yirik avtokonserni o‘z yengil avtomobillarini elektrmotorlarga keng ko‘lamli va tezkor o‘tkazish ishlarini bir necha yil muqaddam boshlagan. Biroq shu paytgacha yuk tashish bo‘linmasini yangi yo‘nalishga o‘tkazish savol ostida qolib kelayotgandi. Endi shubhalar aridi.

Traton Group – jahondagi yuk avtomobillari ishlab chiqaruvchi yetakchilardan biri

«Traton bor kuchini elektrik yuk tashuvchi mashinalarga qaratadi. O‘zgarish har kuni emas, qadam-baqadam bo‘ladi. Bu kerakli zaryadlash infrastrukturani yaratish bilan birga hamnafas bo‘ladigan taraqqiyat bo‘ladi. Busiz iloji yo‘q», deydi holding rahbari Mattias Gryundler.

Traton Group brendi hozir keng ommaga uncha taniqli emas, zero u 2018 yilning avgustidagina paydo bo‘lgan. O‘shanda Volkswagen yuk mashinalari va avtobuslar ishlab chiqaruvchi bo‘linmasini alohida aksionerlik jamiyatiga aylantirib, uni birjaga olib chiqishga qaror qilgan. Lekin erkin savdolarga jami aksiyalarning 10 foizigina chiqarilgan, qolgan 90 foiz aksiya konsernning o‘zida qolgan.

Hozir Traton Myunxenda shtab-kvartirasiga ega va yillik 22,6 milliard yevro aylanma mablag‘iga ega, pandemiyagacha yiliga 230-240 ming avtomobil ishlab chiqargan kompaniya. Kompaniyaning 80 mingdan ziyod xodimlari 17 davlatdagi 29 korxonada faoliyat yuritishadi. Zavodlar Osiyo, Lotin Amerikasi, Afrika va Yevropada joylashgan.

Dunyoning yuk tashish avtomobillari ishlab chiqarishda yetakchisi endi asosiy konsern izidan yurib o‘z mahsulotlarini elektr motorga o‘tkazishga qat'iy bel bog‘ladi.

Bungacha Traton elektrmobilsozlikning ilmiy-texnik va tajriba-konstruktorlik ishlariga 2025 yilgacha 1 milliard yevro sarmoya kiritmoqchi edi. Endi bu summaga yana 600 million yevro qo‘shiladi. Shu bilan birga, ilmiy-texnik va tajriba-konstruktorlik ishlarining klassik dvigatellar ishlanmasiga ajratiladigan hissasi kamaytiriladi – bu umumiy summaning beshdan biridan oshmaydi», deyiladi Traton press-relizida.

Dastlab urg‘u avtobuslarga beriladi. 2025 yilga borib MAN’ning har ikkinchi avtobusi alternativ dvigatel bilan jihozlangan bo‘ladi. Bu paytga kelib, Scania’ning Yevropada sotilayotgan yuk mashinalarining 10 foizi elektrmotorli bo‘ladi.

2030 yilga borib Scania mashinalarining yarmi elektrdvigatelda harakatlanadigan bo‘ladi. Bir vaqtning o‘zida MAN 60 foiz yuk mashinalarini elektrga o‘tkazadi.

Og‘ir yuk mashinalarini elektrda yuradigan qilgan yaxshimi yo vodorodda?

Traton o‘zining strategik qarorini dunyo avtosanoatida alternativ dvigatel texnologiyalarining istiqboli haqida qizg‘in munozaralar ketayotgan bir paytda e'lon qildi. Yengil avtomobillar sohasida, ayniqsa Yevropada, tarozining pallasini elektrmotorlar tomoni tosh bosayotgan va vodorod-elektr dvigatellar taraqqiyotiga shubha qilinayotgan bo‘lsa, yuk transporti sohasida vodorod yetakchilar safiga bemalol kira oladi, deya taxmin qilinmoqda.

Kuchli elektr yuk mashinalariga bahaybat va, eng asosiysi, juda og‘ir batareya kerak bo‘ladi, degan nuqtayi nazar keng tarqalganidan ularning yuk olish imkoniyatlari va tabiiyki, rentabelligi tushib ketgan. Undan tashqari, vodorod bilan to‘ldirishga elektrdan zaryad olishdan ko‘ra kamroq vaqt ketadi va ko‘proq yuradi ham.

Yuk mashina ishlab chiqarish sohasida Daimler va Volvo kabi yirik va tajribali kompaniyalar 2 mart kuni vodorod yonilg‘isi unsurlarini ishlab chiqarish bo‘yicha Cellcentric nomli qo‘shma korxona tashkil qilgani bejizmas. AQShning vodorodda yuradigan yuk mashinalarni biznes modelga aylantirgan Nikola startapi esa, AQSh birjalarida rostakam eyforiya uyg‘otdi.

Foydali ish koeffitsiyenti elektrmobillarda yuqoriroq

Bu ikki usulning ustunlik va kamchiliklari haqidagi munoqashalar Traton bosh qarorgohida ham kechgani aniq. Bu haqda holding rahbari Mattias Gryundler jurnalistlarga nega vodorod energiyasi tanlanmaganini gapirib berganidan sezish mumkin.

«Vodorodda yuradigan yuk mashinasining elektrda yuradiganiga qaraganda jiddiy kamchiligi bor: boshlang‘ich energiyaning to‘rtdan birigina avtomobilni yurgizadi. Qolgani energiya manbayi yo‘lda yo‘qoladi. Elektrmotorda esa, aksincha», deya tushuntiradi Mattias Gryundler.

Boshqacha qilib aytganda, foydali ish koeffitsiyenti hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lyapti.

Traton rahbari «vodorodda yuruvchi yuk mashinalari uzoq masofalarga yurishga, elektr yuk mashinalari esa, qisqa masofalarga yurishga mos» degan fikrga qo‘shilmaydi. Uning fikricha, aksar hollarda, xususan, uzoq masofalar uchun elektr yuk mashinalari tejamkorroq va samaraliroq variant hisoblanadi.

Dizelda yuruvchi an'anaviy yuk mashinalari esa, Mattias Gryundlerning fikricha, mijozlar sotib olishni istar ekanlar chiqarilaveradi. Faqat 2024 yildan keyin ichki yonuv dvigatellarining yangi avlodi bo‘lmaydi.

Traton rahbari, shuningdek, elektr yuk mashinalari dizelda yuradiganlaridan ikki barobar qimmatroq ekanini tan oldi. «Biroq taxminan 2025 yildan boshlab ular foydalanishda tejamkorroq bo‘ladi. Subsidiya hamda karbonat angidrid chiqarishga belgilangan soliq va to‘lovlar hisobiga jarayonni tezlashtirish mumkin edi. Zaryadlash stansiyalari tarmog‘ini tashkil etishni tezlashtirish muhim rol o‘ynaydi. Lekin u vodorod quyish shoxobchalaridan har tomonlama arzonroq tushishi aniq», deya ta'kidlaydi Mattias Gryundler. 

Ko‘proq yangiliklar: