Pandemiya davrida nega demografik «portlash» sodir bo‘lmadi: tug‘ilish ko‘rsatkichlari bo‘yicha tadqiqot natijalari

Jahon 23:04 / 22.03.2021 16970

Koronavirus pandemiyasi sababli butun dunyo bo‘ylab odamlarning uylariga «qamalishi» tug‘ilishlar sonining ortishiga olib keladi, degan taxminlar o‘zini oqlamadi. Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatdiki, AQShda tug‘ilish ko‘rsatkichi o‘sishni emas, balki asrning eng katta pasayishini qayd etdi. Yevropaning ba'zi qismlarida esa bu ko‘rsatkich yanada ko‘proq pasaymoqda.

Germaniyalik Frederik pandemiya boshida ota-onasining uyiga keksa qarindoshiga g‘amxo‘rlik qilish uchun ko‘chib kelgan va buni o‘z oilasi bilan birga vaqt o‘tkazish uchun ajoyib imkoniyat, deb o‘ylagandi.

Ammo bir necha oydan so‘ng 33 yoshli Frederik chuqur yo‘qotish hissini tuya boshlaydi. U turmush qurmagan, pandemiya esa uni oila qurishi mumkin bo‘lgan odam bilan uchrashish imkoniyatidan mahrum qilayotgandi.

«Vaqt men uchun chindan ham g‘oyat qadrli, ammo hayotim to‘xtatib qo‘yilganga o‘xshaydi», deb izohlaydi bu tuyg‘uni u.

Shuningdek, u kim bilandir onlayn tarzda tanishishga urinib ko‘rgan, ammo qishning sovuq ko‘chalari romantik munosabatlarni o‘rnatish uchun juda noqulaylik tug‘dirgan.

«Bu ish (pandemiya – tahr.) tugaganda men farzand ko‘rish uchun eng ma'qul yoshimni yo‘qotgan bo‘laman. Farzand ko‘rishim mumkin bo‘lgan yoshlarimni uyga qamalgan holda o‘tkazyapman», degan xayol u tushkunlikka tushgan lahzalarda miyasida tinimsiz charx uradigan bo‘lib qolgan.

Tadqiqotchilar prognozi

Demograflarning nuqtayi nazariga ko‘ra, ushbu davrda tug‘ilish koeffitsiyenti pasayishi ajablanarli holat emas.

«Epidemiyaning qanchalik ta'sirga eka ekanini ko‘rgach, natijadan hayron bo‘lmadim. Ammo shunga qaramay, shunga o‘xshash holatlarga guvoh bo‘lish insonda shok ta'sirini yaratadi», deydi AQShning Merilend universiteti sotsiologiya professori Filipp N Koen.

O‘tgan yilning iyunida AQShdagi Brukings instituti iqtisodchilari epidemiya davrida mamlakatda 300 ming nafar kamroq chaqaloq tug‘ilishini taxmin qilishgan edi.

Ayni davrda Yevropada odamlarning farzand ko‘rish rejalarini o‘rgangan tadqiqot natijalariga ko‘ra, Germaniyada va Fransiyada 2020 yilda farzand ko‘rishni rejalashtirganlarning 50 foizi tug‘ilishni keyinga qoldirishga qaror qilgan. Italiyada esa farzand ko‘rishni rejalashtirganlarning 37 foizi bundan butunlay voz kechgan.

AQSh Epidemiyani nazorat qilish va oldini olish markazi (CDC) tomonidan tayyorlangan hisobotda ta'kidlanishicha, o‘tgan yilning dekabrida tug‘ilish koeffitsiyenti 8 foizga kamaygan.

Avvalroq Italiyadan olingan ma'lumotlar yil boshida tug‘ilishning 21,6 foizga pasayishiga ishora qilgandi. Ispaniyada esa statistika yuritilib kelinayotgandan beri 20 foizga pasayish bilan eng past tug‘ilish darajasiga tushib qolingan.

Pandemiya boshlanganidan to‘qqiz oy o‘tgach, 2020 yilning dekabri va 2021 yilning yanvarida Fransiya, Koreya, Tayvan, Latviya, Litva va Estoniyada so‘nggi yigirma yil ichidagi tug‘ilishning eng past ko‘rsatkichlari qayd etildi.

Germaniyadagi Maks Plank nomidagi aholini o‘rganish instituti vakili Joshua Uayld ushbu tendensiya mazkur yo‘nalishda davom etishini bashorat qilgandi. U olib borgan tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, bu ta'sir AQShda, hech bo‘lmaganda, bir necha oylar mobaynida davom etishi mumkin.

Ushbu tadqiqot doirasida Joshua Uayld va uning jamoasi Google’dagi qidiruvlar orasidan homiladorlik yoki homiladorlik alomatlari bilan bog‘liq izlashlarni AQSh misolida pandemiyadan oldingi holat bilan taqqosladi. Oktyabr oyida tadqiqotchilar 2021 yil fevral oyida tug‘ilish 15,2 foizga pasayishini taxmin qilishdi va bu bashorat to‘g‘ri chiqdi. Endilikda ular bu pasayish avgustgacha davom etishini ta'kidlashmoqda.

Bu holat dunyo miqyosida bir asrdan oshiq vaqt davomida tug‘ilish koeffitsiyenti eng katta pasayishga uchraganini anglatadi. Prognozlarga ko‘ra, bu ta'sir 2008 yildagi moliyaviy inqiroz yoki 1929 yildagi «Buyuk tushkunlik»dan ham uzoqroq davom etishi mumkin.

Iqtisodiy inqirozlar va epidemiyalar ta'siri

Umuman olganda, moliyaviy inqirozlar va epidemiyalar tug‘ilish koeffitsiyentining pasayishiga, keyinchalik esa uning birdan «sakrash»iga olib keladi.

Tadqiqotchi Joshua Uayldning aytishicha, epidemiyaning birinchi to‘lqini nihoyasiga yetar ekan, hamma: «Endi farzand ko‘rish vaqti keldi», deb o‘ylaganini taxmin qilish mumkindir. Ammo bu safar bunday bo‘lmadi. Ma'lumotlar buni ko‘rsatmayapti. Insonlar haqiqatan ham uzoq vaqt kutishni afzal ko‘rishmoqda.

Ayrimlar esa farzand ko‘rish fikridan butkul voz kechmoqda.

Nigeriyalik ikki farzandning otasi Stiv bu fikrni oqilona qaror, deb biladiganlar toifasidan. U ikki o‘g‘ilning otasi. Uning ikki o‘g‘li o‘z singillari bo‘lishini juda-juda istashadi. Shunday bo‘lsa-da, hozirgi to‘rt kishilik oila Stiv uchun yetarli. Uning Nigeriya iqtisodiyotidan kelib chiqib fikr bildirishicha, kelajak noaniqlikka to‘la.

«Covid-19 tufayli turmush o‘rtog‘im ham boshqa farzand ko‘rmaslik fikrini qabul qildi», deydi u.

Stiv va uning rafiqasi singari o‘rta sinf oilasi uchun farzand ko‘rish yoki ko‘rmaslik masalasi tanlov bo‘lishi mumkin. Ammo hamma uchun ham bunday emas.

BMTning jinsiy cog‘lik va ona salomatligi bo‘yicha muassasasi pandemiya tufayli 115 mamlakatda qariyb 12 million ayol oilani rejalashtirish xizmatlaridan foydalanishni to‘xtatib qo‘yganligi, bu esa 1,4 million rejalanmagan homiladorlikka olib kelishi mumkinligini xabar qildi.

Birgina Indoneziyaning o‘zida hukumat epidemiya tufayli rejadan tashqari yarim million bola tug‘ilishini taxmin qilmoqda.

Epidemiya sababli e'lon qilingan cheklovlar davrida hukumat tomonidan qishloq va shaharlarga yuborilgan transport vositalari radiokarnaylari orqali «Otalar, o‘zingizni nazorat qiling» yoki ayollarga qarata «Siz sevishishingiz mumkin, turmush qurgan bo‘lishingiz mumkin, ammo homilador bo‘lib qolmang» kabi «ogohlantirishlar» berildi.

Indoneziyaning oilani rejalashtirish agentligining ta'kidlashicha, taxminan 10 million kishi cheklovlar sabab dorixona yoki klinikalarga bora olmagani uchun tug‘ilishni nazorat qila olmagan.

Nima uchun AQSh va Yevropada tug‘ilish darajasi pasaymoqda?

AQShning Indiana universitetiga qarashli Kinsey instituti tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotda qatnashganlarning 40 foizi epidemiya davrida nisbatan kam jinsiy hayot kechirganini aytgan.

Xitoyda o‘tkazilgan kichikroq miqyosdagi tadqiqot ham shunga o‘xshash natijalarni berdi.

Janubiy Osiyoda o‘tkazilgan tadqiqotda esa odamlarning jinsiy hayotida hech qanday o‘zgarish sodir bo‘lmadi, degan xulosaga kelingan.

Ammo Maastrixt universiteti mutaxassisi Marike Devit bunday tadqiqotlarga juda ehtiyotkorlik bilan yondashish kerakligini ta'kidlaydi.

«Pandemiyaning jinsiy hayot va munosabatlarga ta'siri haqida odamlar turlicha munosabatda bo‘lishi mumkin. Ba'zi odamlarda stress jinsiy istakni kuchaytiradi, boshqalarda esa so‘ndiradi», deydi u.

Masalaning boshqa bir uchi iqtisodiy vaziyatga borib taqaladi.

G‘arb aholisining qarish muammosi

Tarix davomida turli mamlakatlarda o‘tkazilgan ko‘plab tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, iqtisodiyot rivojiga bo‘lgan ishonchning ortishi tug‘ilishning ko‘payishiga, bu boradagi noaniqliklar esa tug‘ilishning pasayishiga olib keladi.

Yevropada olib borilgan tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, Germaniya, Fransiya va Angliyaning Covid-19’dan eng ko‘p zarar ko‘rgan mintaqalarida yashovchi katta yoshdagi insonlar farzand ko‘rishni kechiktirishlari mumkin.

Yevropaning shimoliy qismidagi Niderlandiya, Norvegiya, Daniya va Finlandiya kabi epidemiyaga qarshi kurashda biroz ko‘proq muvaffaqiyatga erishgan boy mamlakatlarda esa dekabr va yanvar oylarida tug‘ilish koeffitsiyentida pasayish kuzatilmagan yoki juda oz miqdorda kuzatilgan.

Aslida, bularning barchasini dunyo bo‘ylab tug‘ilish koeffitsiyentining hatto epidemiyadan oldin ham pasayib borgani doirasida baholash kerak.

Agar kelajakda mehnatga layoqatli odamlar soni kamaysa, nafaqa yoshidagi odamlar soni orsa, soliq to‘lovchilar soni kamayadi, qariyalarni parvarish qilish va nafaqa xarajatlari ham ortadi.

Buning bir yechimi esa nafaqa yoshini ko‘tarish yoki nisbatan yosh aholiga ega mamlakatlardan keluvchi migrantlarga chegarani ochishdir. Ammo bu yechimlarning har biri siyosiy oqibatlarni keltirib chiqarishi mumkin.

Aksar mamlakatlar tug‘ilish koeffitsiyentini oshirishga harakat qilib ko‘rdi, ammo unchalik ham muvaffaqiyatga erisha olmadi. Chunki tug‘ilish darajasi pasayib ketgach, ayollarni ko‘proq farzand ko‘rishga ko‘ndirish oson kechmaydi.

«2009 yildagi katta tanazzuldan keyin tug‘ilish koeffitsiyenti biroz ko‘tarilgan bo‘lishi mumkin, ammo u hech qachon inqirozgacha bo‘lgan davrdagi darajaga qaytmadi», deydi professor Filipp Koen.

Ko‘proq yangiliklar: