Braziliyada Apple smartfonlarni quvvatlagichsiz sotgani uchun jarimaga tortildi

Fan-texnika 11:45 / 22.03.2021 11119

Poder 360 nashrining xabar berishicha, AQSh kompaniyasiga jarimani San-Paulu iste'molchilar huquqini himoyalash boshqarmasi yozib bergan. Boshqarmada ta'kidlanishicha, unga xaridorlardan yangi smartfonlar quvvatlagichsiz sotilayotgani borasida shikoyat kelib tushgan.

Boshqarma kompaniyaga vaziyatga izoh berishni so‘rab murojaat qilgan, biroq Apple’dan hech qanday javob bo‘lmagan. Bundan tashqari, smartfonlarga kafolat hujjatlarida boshqa ishlab chiqaruvchilar quvvatlagichlari qo‘llansa, Apple smartfonlarni ta'mirlashdan bosh tortishi ko‘rsatilgan va avvalgi avloddagi quvvatlagichlaridan xavfsiz foydalanish mumkinligi haqida hech narsa aytilmagan.

Avvalroq Apple yangi smartfonlari qutisida quvvatlagich va quloqchinlar yo‘qligini atrof-muhit haqida qayg‘urishi, bunda atrofga chiqariladigan zararli chiqindilar hajmi kamayishi bilan tushuntirgandi. Biroq kompaniyaning ushbu qurilmalari alohida sotilmoqda. 

Bundan tashqari, boshqarma Apple’ni nopok reklamada ayblagan. Apple’da suv va changga bardoshli deb ta'riflangan iPhone 11 Pro reklamasida buning isboti sifatida smartfonning yon tomonlaridan suv oqib tushayotgani tasvirlangan. Biroq vaqt o‘tishi bilan aslida gadjetning germetikligi darajasi pasayishi mumkinligi haqidagi ogohlantirish esa mayda harflar bilan ko‘rsatilgan. Bundan tashqari, kompaniya qurilmaga suv kirishi oqibatida yuzaga keladigan nosozliklarni bartaraf etishni o‘z zimmasiga olmagan.        

“Apple Braziliyada iste'molchilar huquqlarini himoyalash borasida ishonchli qonunlar va institutlar borligini tushunishi kerak. Kompaniya bu qonunlarni va bu tashkilotlarni hurmat qilishi lozim”, deb aytgan boshqarma direktori Fernando Kapeza. 

Uning ta'kidlashicha, Apple boshqarma qarori yuzasidan sudga shikoyat qilishi mumkin va bunday holatda u o‘z xatti-harakatlarini tushuntirishiga to‘g‘ri keladi. 

Avvalroq, 2020 yil dekabrda boshqarma Apple’ga smartfonlar qutilariga quvvatlagichni qaytarish majburiyatini qo‘ygan. Boshqarmada ta'kidlanishicha, quvvatlagich muhim komponent hisoblanadi, smartfonlarni ularsiz sotish esa mahallliy qonunlarni buzadi.   

Ko‘proq yangiliklar: