Suriyadagi urushning o‘n yili: ixtiloflar, kurashlar va burilish nuqtalari

Jahon 13:59 / 21.03.2021 26890

«Sening ham navbating keldi, doktor»

2011 yil mart oyida arab mamlakatlaridagi voqealar ta'siri ostida o‘rta maktab o‘quvchilari tomonidan Dera shahrida chizilgan ushbu grafit-yozuv asl kasbi ko‘z shifokori bo‘lgani bois «Doktor» laqabini olgan Bashar Asadning emas, deyarli 50 yildan buyon davom etib kelayotgan kuchli markaziy tizimning qulashiga olib keldi.

O‘quvchilar hibsga olinib, ularning oilalariga kuch va zo‘ravonlik ishlatilishi ortidan 2011 yil 15 mart kuni juma namozidan so‘ng Damashq va Dera shahrida namoyishlar bo‘lib o‘tadi.

Prezident Asad namoyishga qattiq javob qaytaradi, oqibatda o‘nlab tinch aholi vakillari vafot etadi. Namoyishlarning butun mamlakat bo‘ylab tarqalishi natijasida 10 yildan beri davom etib kelayotgan fuqarolar urushi boshlanib ketadi.

Bugun ushbu mamlakatda yashaydigan hududi bombardimon qilinmagan, yaqinini yo‘qotmagan, o‘z oilasidan ayro tushmagan biror suriyalikni topish imkonsiz. 2011 yilda 22 million aholisi bo‘lgan mazkur davlatda 10 yil ichida qariyb 600 ming kishi halok bo‘ldi.

6,5 milliondan ortiq suriyalik mamlakat ichida o‘z uyidan ko‘chishga majbur bo‘lgan. Ularning aksariyati chodirlarda yoki antisanitariya sharoitida yashab kelmoqda. 5,6 milliondan ortiq qochqin esa Suriyani tark etgan. Ularning 3,6 million nafari Turkiyada yashamoqda.

Fuqarolar urushi boshlanganda aksariyati qamoqda bo‘lgan «Al-Qoida» a'zolari bugun IShID, «Hayyat Tahrir ash-Shom» yoki turli muxolif guruhlar bilan hududlarni nazorat qiluvchi tashkilotlarning tarkibida.

Urush boshlanganda uyushgan qurolli kuchga ega bo‘lmagan Demokratik ittifoq partiyasi (PDY – Democratic Union Party. 2003 yilda kurdlar tomonidan Suriya shimolida tashkil etilgan siyosiy partiya – tahr.) – bugungi kunda AQSh va Rossiya tomonidan qo‘llab-quvvatlanuvchi, G‘arb mamlakatlari poytaxtida o‘z vakolatxonasiga ega bo‘lgan, mamlakatning to‘rtdan bir qismidan ko‘prog‘ini boshqarayotgan kuchdir.

Mamlakat amalda uchga bo‘lingan. Shimoli-g‘arbiy mintaqada – Idlib-Afrin-Karablus yo‘nalishini nazorat qiluvchi muxoliflar hududida nazorat punktlari mavjud bo‘lib, ularning ayrimlari «Hayyat Tahrir ash-Shom»ning qo‘l ostida.

Demokratik ittifoq partiyasi (PDY)ning asosini tashkil etgan Suriya Demokratik kuchlari (SDF – Syrian Democratic Forces) nazorati ostidagi mintaqada Damashq hukumati bilan ahyon-ahyon hamkorlik qilib kelinmoqda. Qamishli va Damashq o‘rtasida samolyot qatnovlari yo‘lga qo‘yilgan.

Hukumat nazorati ostidagi mintaqada ham Eronga sodiq qurolli kuchlar nazoratidagi aholi punktlari mavjud. 

Xo‘sh, o‘tgan 10 yil ichida qanday muhim voqealar sodir bo‘ldi? BBC nashri urushning burilish nuqtalarini ko‘rib chiqdi.

2011 yil 30 iyul kuni – muxolif kuchlar Ozod Suriya armiyasini tuzadi, qo‘zg‘olon fuqarolar urushiga aylanib ketadi

Xavfsizlik kuchlarining namoyishlarni kuch bilan bostirishi natijasida o‘nlab odamlar halok bo‘ladi va norozilik harakatlari yanada kuchayib ketadi.

Armiyani tark etgan zobitlar qurollanishga kirishgan muxolifat safiga qo‘shilganliklarini e'lon qilishadi. 30 iyulda esa asosan armiyani tark etgan zobitlardan tashkil topgan Ozod Suriya armiyasi (FSA – Free Syrian Army) tuzilgani e'lon qilinadi.

Ushbu voqeadan so‘ng Suriyadagi voqealarga nisbatan «fuqarolar urushi» atamasi qo‘llash boshlanadi.

Turkiya, Qatar va Fors ko‘rfazidagi boshqa mamlakatlar muxolifatga yordam ko‘rsatishadi.

2011 yil 9 avgustda o‘sha paytdagi Turkiya tashqi ishlar vaziri Ahmad Dovudo‘g‘li tartibsizliklar boshlangunga qadar Anqara bilan juda yaqin aloqada bo‘lgan Asad ma'muriyati bilan muzokara uchun Damashqqa boradi.

Sakkiz soat davom etgan mazkur uchrashuv Anqara va Damashq o‘rtasidagi so‘nggi yuqori darajadagi uchrashuv edi.

Bu paytda Turkiya Suriyadan qochgan Asad muxoliflari va tinch aholi vakillariga «ochiq eshik siyosati»ni amalga oshirayotgandi.

18 avgust kuni AQShning o‘sha paytdagi prezidenti Barak Obama Asadni iste'foga chiqishga chaqiradi. Ko‘plab G‘arb davlatlari ham Asad ma'muriyatiga embargo qo‘ya boshlashadi.

Sentyabr oyida yana bir boshqa yirik qo‘zg‘olon sodir bo‘lgan va hukumat ag‘darilgan mamlakat – Misrga borgan Rajab Toyyib Erdo‘g‘an (o‘sha paytda u bosh vazir lavozimida edi) Damashq ma'muriyatini «o‘z xalqiga o‘q otgan, shaharlarga tank va artilleriya bilan bosqin uyushtirgan» kuch sifatida ta'riflaydi.

«Suriya xalqi hozir Asadga ishonmayapti, biz ham ishonmaymiz», deydi u.

Muxolifatning siyosiy qanoti ham Turkiya va Qatarda to‘planayotgan edi.

Asad qo‘zg‘olonlarning boshida muxolifatga ko‘rsatilayotgan yordamni to‘xtatish uchun G‘arbning «qo‘rqinchli tushi» bo‘lmish radikal guruhlar a'zolarini qamoqxonalardan ozod qilib yuboradi. Bu jangarilar Iroqdan kelgan jihodchilar bilan birgalikda tarqoq muxolif safidan joy oladi.

Asad armiyasi asosan shimoliy Suriyaning kurdlar yashovchi hududlaridan mojarolarsiz chiqib ketadi. Yillar davomida ayrimlariga hatto shaxsiy guvohnoma berilmagan, Kurdiston ishchilar partiyasi bilan aloqada bo‘lgan Demokratik ittifoq partiyasi (PYD)ning qurollangan a'zolari 2012 yil iyulida Xalq mudofaasi bo‘linmalari (YPG – Suriyada tashkil etilgan va faoliyat yuritayotgan Kurdlar Oliy qo‘mitasiga aloqador qurolli tashkilot – tahr.)ni tuzishadi.

Asadning Turkiyaga qarshi qilgan ushbu harakati natijasida YPG Afrin, Kobani va Qamishlida hukmron kuchga aylanadi va Turkiya bilan chegaraga YPG bayrog‘i osib qo‘yiladi.

2013 yil 4 fevral – Eronning Suriyadagi mavjudligi rasman e'lon qilinadi, urush sur'ati Asad foydasiga o‘zgaradi

Eron ma'muriyati mintaqadagi eng muhim ittifoqchilaridan biri bo‘lgan Asadni yo‘qotishni istamaydi va Damashq armiyasiga qurol-yarog‘ va «Al-Quds» bo‘linmasi kuchlari orqali harbiy ta'lim/qo‘mondonlik yordami ko‘rsatadi.

«Al-Quds» bo‘linmasi qo‘mondoni Qosim Sulaymoniy Suriya frontida bo‘lgani haqidagi xabarlar tarqaladi.

2013 yil 14 fevral kuni Eron islom inqilobi muhofizlari korpusi Suriyada bir qo‘mondon muxolifat vakillari tomonidan o‘ldirilganini e'lon qiladi.

Bu paytga kelib muxolifat kuchlari ko‘plab aholi punktlarini egallab olgandi.

Eron urushga qo‘shilganini tan olganidan bir necha oy o‘tgach, 2013 yil 5 iyunida Livan chegarasida joylashgan Kuseyr shahri Damashq armiyasi nazorati ostiga o‘tadi.

Asadning Qosim Sulaymoniy boshchiligidagi «Hizbulloh» va Eron qurolli kuchlari ko‘magi bilan erishgan ushbu g‘alabasi fuqarolik urushi oqimini uning foydasiga yo‘naltirgan burilish nuqtalaridan biridir.

Biroq bu davrda Eron prezidenti Hasan Ruhoniy o‘z bayonotlarida juda ehtiyotkorlik bilan ish tutayotgandi. «Mintaqadagi odamlar o‘z taqdirini o‘zi belgilashi mumkin bo‘lgan muhit yaratilishi kerak, Suriyada diplomatiyadan foydalanish kerak», deb yozadi Ruhoniy sentyabr oyida Washington Post gazetasida chop etilgan maqolasida.

2013 yil 21 avgust – Damashqda zarin gazidan foydalanilishi

Damashq ma'muriyatining kimyoviy gazdan foydalangani haqidagi da'volar AQSh tomonidan 2013 yil 14 iyunda «tasdiqlanadi». 21 avgust kuni Gutada zarin gazi bilan hujum uyushtiriladi. Yuzlab odamlar, shu jumladan, tinch aholi vakillari vafot etadi.

Ushbu hujumlar Obamaning 2012 yildagi bayonotini kun tartibiga olib chiqadi: «Kimyoviy yoki biologik qurollardan foydalanish – bizning qizil chizig‘imizdir».

Biroq urushning burilish nuqtasi – zarin gazidan foydalanilganidan so‘ng Vashington-Moskva yo‘nalishida kechgan munosabatlar va oxir-oqibat AQShning Suriyadagi fuqarolar urushiga o‘z munosabatini o‘zgartirishi edi.

«Qizil chiziq kesib o‘tildi» deb Suriya voqealariga aralashishi kutilgan Obama harbiy ruxsat berishni so‘rab Kongressga murojaat qiladi va «to‘p»ni Kongressga uzatadi. U darhol Asad ma'muriyatining tarafdori bo‘lgan Rossiya bilan Suriyadagi kimyoviy qurolni mamlakatdan olib chiqib ketish masalasida kelishadi.

Anqara o‘z munosabatini bildiradi. «Buni mutlaq yechim sifatida ko‘rish Suriya rejimiga «kimyoviy quroldan tashqari har qanday quroldan foydalaning, qancha odamni o‘ldirsangiz o‘ldiring» deganday ta'limot berish bo‘lsa, u holda, bu tinchlikka olib kelmaydi», deydi o‘sha paytdagi Turkiya tashqi ishlar vaziri Ahmad Dovudo‘g‘li.

O‘sha sanadan so‘ng Obama ma'muriyati muxolifatni cheklangan tarzda qo‘llab-quvvatlab keladi. Asadga esa ochiq qarshilik bildirmaydi.

Ushbu holat esa Eron bilan yadroviy kelishuvga yaqin bo‘lgan Obama ma'muriyati Tehron bilan ziddiyatni kuchaytirib yubormaslik uchun Suriyada betaraf bo‘lib turibdi, degan izohlarga sabab bo‘ladi.

Ayni paytda «Musulmon birodarlar»ning muxolifat orasida kuchayishi Saudiya Arabistoni va Fors ko‘rfazi mamlakatlarida bezovtalikni keltirib chiqaradi. Ar-Riyod endi Turkiya orqali emas, Iordaniya janubi orqali muxolifatni qo‘llab-quvvatlay boshlaydi. Oxir-oqibat, mamlakatning turli hududlaridagi muxolif guruhlar bo‘linib ketadi.

2014 yil yanvar – IShID Raqqani qo‘lga oladi

2013 yilda Iroqdan kelgan Iroq va Shom islom davlati rahbari Abu Bakr al-Bag‘dodiy va tashkilot a'zolari Raqqadagi muxolif guruhlarga qarshi hujum qiladi. 2014 yil yanvar oyida ushbu guruhlar shahardan chiqarib yuboriladi va Raqqa xalifalikning poytaxti, deb e'lon qilinadi.

Raqqadan haydalgan «Ahror ash-Shom» va «Al Nusra» kabi tashkilotlar asosan Idlibga yo‘l oladi. Shunday qilib, Turkiya bilan chegarada radikal guruhlar soni ortadi.

IShID tobora kuchayib, Human Righs Watch tashkiloti ma'lumotlariga ko‘ra, uning tarkibidagi jangarilar soni 30 mingga yetadi. 2015 yilda esa IShID ba'zi arab davlatlari, Turkiya va Yevropada o‘nlab odamlar vafot etgan yirik hujumlarni uyushtirish kuchiga ega bo‘ladi.

2014 yil sentyabr – Kobanining qamal qilinishi va AQShning IShIDga qarshi Suriyadagi ilk havo operatsiyasi

2014 yil iyun oyida Iroqning eng yirik shahri - Mo‘sulni qo‘lga kiritgan IShID Turkiya chegarasidagi PYD nazorati ostidagi mintaqaning bir qismini o‘rab olgan edi.

Iroqning Sinjar mintaqasida avgust oyida birinchi marta IShIDni nishonga olgan AQSh, Suriyada ushbu tashkilotga qarshi qaratilgan ilk havo bombardimonini 23 sentyabr kuni amalga oshiradi.

27 sentyabrda esa PYD hududlariga kirib kelishining oldini olish uchun Kobanida IShIDga yana bir bor hujum qiladi.

«Quruqlik operatsiyalarida ushbu vazifani bajaradiganlar bilan hamkorlik o‘rnatilmaguncha havo hujumlaridan foyda yo‘q. Kobani qulab tushmoqda», deydi Erdo‘g‘an oktyabr oyining boshlarida Turkiya tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan muxolifchilarga. AQShning esa boshqa rejalari bor edi.

Barak Obama 19 oktyabr kuni Erdo‘g‘anga qo‘ng‘iroq qilib, YPG kuchlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri qurol yetkazib berishini aytadi va yordam boshlanadi.

Urush oqimi bu gal YPG foydasiga o‘zgaradi. YPG dastlab Kobanini qamal qilgan IShIDni ortga chekintiradi, keyin esa Turkiya chegarasi bo‘ylab jadal ilgarilaydi Keyin janubga burilib, Raqqani egallaydi.

YPG’ning Suriyada «kanton» nomi ostida avtonomiyani e'lon qilish orqali kuchayishi va AQSh boshchiligidagi xalqaro koalitsiyaning qo‘llab-quvvatlashiga erishishi Turkiyada mo‘rtlashib borayotgan yechim jarayonining oldiga so‘nggi toshni qo‘yadi.

Kobani voqealari paytida tanglik kasb etgan jarayon Turkiyaning 24 iyul kuni avval Suriyadagi IShIDga, keyin esa shimoliy Iroqdagi kurdlarga zarba berishi bilan yakunlanadi.

O‘sha kunlarda AQSh IShIDga qarshi operatsiyalarda foydalanishni istagan, ammo Turkiya tomonidan «xavfsiz zonalarni yaratishi evaziga ochilishi aytilgan Injirlik bazasi ham ushbu shartlar bajarilmay turib ochiladi.

BBC turk nashri bilan suhbatlashgan yuqori martabali turk rasmiysi Kurdiston ishchilar partiyasi nishonga olinmasdan oldin Injirlik bazasining ochilishi va IShIDga zarba berilishining sababini quyidagicha izohlaydi: «Agar faqat PKKga hujum qilganimizda edi, bu qanchalik qonuniy bo‘lmasin, IShIDga qarshi kurashga zarar yetkazilyapti, degan qarashni shakllantirishi mumkin edi. Qolaversa, Turkiyaning IShIDga yordam berayotgani haqidagi da'volar bilan kurashib kelayotgan edik. Bunday tasavvur hosil bo‘lishining oldini olish uchun Injirlik havo bazasini ochdik. Ilk operatsiyani IShIDga qarshi o‘tkazdik. Keyin PKK nishonlarini urdik».

Turkiya YPG’ning ikki mintaqasi orasida ko‘prik o‘rnatilishining oldini olish va o‘z chegarasida IShID tahdidiga chek qo‘yish uchun 2016 yil 24 avgustda «Furot qalqoni» operatsiyasini boshlaydi. 2018 yil esa Afrinda «Zaytun novdasi» operatsiyasini uyushtiradi.

Endi Turkiya Suriyadagi diqqat-eʼtiborini YPG’ga qaratadi.

«Zaytun novdasi» va «Furot qalqoni» operatsiyalari Suriyaning havo hududini nazorat qilayotgan Rossiyaning yashil chiroqlarni yoqishi ortidan o‘tkaziladi.

2015 yil 30 sentyabr – Rossiya urushda bevosita ishtirok eta boshladi

AQSh, Turkiya va Eron aralashgan Suriya urushining to‘rtinchi yilida Rossiya Damashqqa berayotgan qo‘llab-quvvatlov shaklini o‘zgartiradi va havo bombardimoni bilan urush maydoniga kirib keladi.

Rossiya havo kuchlarining aralashuvi esa urushning Asad foydasiga hal bo‘lishini tezlashtiradi.

«Mamlakatdagi jihodchilar Rossiyaga tahdid solayotgani va ushbu guruhlarga g‘ov bo‘lish uchun urushga kirayotganini» aytgan Putin 12 oktabr kuni BBC’ga bergan intervyusida shunday deydi: «Bizga o‘zga davlatning yerlari kerak emas. Sovet ittifoqini qayta tiklash singari niyatimiz ham yo‘q. Ammo mustaqilligimiz va suverenitetimizni himoya qilishimiz kerak».

Rossiyaning aralashuvidan so‘ng, 21 oktyabrda Asad ilk marta Suriyadan tashqarida – Moskvada ko‘rinish beradi.

Bir oy o‘tib, 24 noyabr kuni Turkiya havo hududini buzgani ma'lum qilingan Rossiya harbiy samolyoti turklar tomonidan urib tushiriladi.

Moskva va Anqara o‘rtasida bir necha oy davom etgan keskinlikdan so‘ng, Erdo‘g‘an rossiyalik hamkasbi Vladimir Putinga uzr xati yo‘llaydi. 9 avgust kuni Sankt-Peterburgda uchrashgan ikki davlat rahbari o‘rtasidagi ziddiyat yaqin hamkorlikka yo‘l ochadi. Bu paytda YPG’ni qo‘llab-quvvatlash masalasi sabab Turkiya va AQSh orasidagi masofa tobora olislashib borayotgan edi.

Oradan bir oy o‘tib-o‘tmay, Turkiyaning «Furot qalqoni» operatsiyasi boshlanadi.

2015 yil oxirida Halabda sulh e'lon qilinadi. Muxoliflar Idlibga chekinadi. Asad yillar o‘tib, rossiyalik jurnalistga bergan intervyusida urushning burilish nuqtasi haqida berilgan savolga «Halabning qaytarib olinishi», deb javob qaytaradi.

Bu orada Turkiyada ikkita jiddiy voqea sodir bo‘ladi. 19 dekabr kuni Rossiyaning Anqaradagi elchisi Andrey Karlov Anqarada uyushtirilgan suiqasd natijasida vafot etadi.

22 dekabr kuni esa ikki turk askari IShID vakillari tomonidan yoqib yuborilgani va ular shu taxlit o‘lim topgani aks etgan tasvirlar internetda tarqaladi. Tasvirlar bloklab qo‘yiladi. Askarlardan birining oilasi necha oy o‘tgach, turk matbuotiga «Bizga o‘g‘limizning shahid bo‘lgani aytildi», deydi.

Rossiya AQSh bilan to‘qnashuvning oldini olish uchun YPG mintaqalariga yaqinlashmaydi. Shuningdek, AQSh ham uch yil davomida faqat IShID mintaqalarini nishonga oladi.

Ammo Donald Tramp prezident bo‘lganidan so‘ng, 2017 yilning aprel oyida amerikalik harbiylar birinchi marta Suriya armiyasi bazasiga raketa uchiradi. 2018 yil aprel oyida esa Asadning bazalariga yana bir bor zarba beriladi.

Qochqinlar muammosi

Urushlardan qochgan kichik guruh ilk bor 2011 yil aprel oyida Turkiya chegarasiga keladi, bir necha yil o‘tgach esa suriyalik qochqinlarning soni milliondan oshib ketadi.

Dastlabki bosqichda Livan, Iordaniya, Turkiya va Iroq kabi qo‘shni davlatlardan boshpana topgan va chodirlarga vaqtincha joylashtirilgan suriyaliklar ko‘radiki, urush yaqin orada tugamaydi.

Chunki endilikda fuqarolar urushi Turkiya, Fors ko‘rfazi mamlakatlari, Eron, Rossiya va AQSh kabi davlatlarning manfaatlari to‘qnashgan urushga aylanib ketgandi. Isroil ham Suriyada o‘z chegaralariga yaqin joylarda Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan «Hizbulloh» va boshqa qurolli kuchlarni nishonga olgan raketa hujumlarini boshlaydi.

O‘z vatanini bir umrga tark etgan suriyaliklar Yevropadan boshpana so‘raydi. Egey dengizi orqali Gretsiyaga muhojirlar oqa boshlaydi.

2015 yilda ko‘chish va odam savdosi shu darajaga yetadiki, suriyaliklar tomonidan ochilgan eshikdan foydalanishni istagan Iroq, Afg‘oniston va Osiyo mamlakatlaridan kelgan ko‘plab boshpanasizlar minglab kilometrlik saf hosil qiladi.

Xalqaro migratsiya tashkiloti ma'lumotlariga ko‘ra, 2015 yilda 821 mingdan ortiq kishi Turkiya orqali Gretsiyaga o‘tgan. Egey dengizida esa 706 kishi halok bo‘lgan. Ular orasida jasadi Bodrum qirg‘oqlariga chiqib qolgan uch yoshli bolakay Aylan Kurdi ham bor edi.

O‘n minglab muhojirlarni o‘z chegarasida ko‘rgan Yevropa 2016 yil mart oyida Turkiya bilan qayta qabul qilish to‘g‘risidagi bitimga erishadi. Ushbu bitim ortidan Turkiya chegarada keskin choralar ko‘radi, noqonuniy ko‘chib o‘tishlar soni kamayadi. Biroq 2020 yil fevralida Yevropa Ittifoqi va Turkiya o‘rtasida ziddiyat yuzaga kelgach, Erdo‘g‘an Yevropa eshiklarini muhojirlarga ochishini e'lon qiladi: «Bir necha oy oldin nima degan edik? Agar shunday davom etsa, eshiklarni ochishga majbur bo‘lamiz. Ular ishonishmadi. Biz kecha nima qildik? Eshiklarni ochdik. Bundan keyingi davrda ham bu eshiklarni yopmaymiz va bu davom etadi».

Chegarani kesib o‘tish uchun Edirnaga borgan ko‘plab muhojirlar Gretsiya politsiyasining qattiq qarshiligiga duch keladi va ortga qaytarib yuboriladi.

2017 yil 4 may – mojarosiz hududlar e'lon qilinadi va muxoliflar Idlibga qaytib ketadi

2017 yil Turkiya tomonidan qo‘llab-quvvatlangan muxoliflar asosan Idlib va ​​ Tserablus-Mare mintaqasida qoladi.

4 may kuni Rossiya, Eron va Turkiya Qozog‘iston poytaxti Astana (Nur-Sulton)dagi yig‘ilishda muxolifat qo‘nim topgan hududlarda «To‘rt mojarosiz hudud yaratish» haqidagi qarorni qabul qildi.

Birinchisi, Idlib mintaqasi; ikkinchisi 150 mingdan ortiq tinch aholi istiqomat qiladigan Rastan va Telbise; uchinchisi, radikal guruhlarni hisobga olganda 700 ming aholisi bo‘lgan Sharqiy Guta va to‘rtinchisi Dera va Kuneytra edi.

Ushbu mintaqalar uchun Misr, Iordaniya va AQSh ham «oraga kirgani» uchun alohida bitimlar imzolanadi va 2018 yil iyulgacha Sharqiy Guta, Rastan-Telbise va Kuneytra-Dera mintaqalaridan minglab jangchilar avtobuslarga chiqarilib, oilalari bilan Idlibga jo‘natiladi.

Shunday qilib, 2011 yilda Asadga qarshi kurashni boshlagan raqiblar mamlakatning shimoli-g‘arbiga chekinadi.

Idlib aholisi uch milliondan oshadi. Suriya armiyasi va Rossiya bu safar so‘nggi «mojarosiz hudud» bo‘lgan Idlibga yuzlanishadi.

Suriya va Rossiya armiyasining operatsiyalari vaqti-vaqti bilan shu kungacha davom etib kelmoqda. 2018 yil sentyabr oyida Rossiya, Turkiya va Eron memorandum imzolash orqali Idlibdagi muxoliflar va Suriya armiyasi o‘rtasida bufer zonani hosil qiluvchi kuzatish punktlarini tashkil etadi.

Memorandumning «vaqtincha» ekanini ta'kidlagan Bashar Asad esa «Hukumatimizning asosiy maqsadi Suriyaning har bir mintaqasida nazoratni saqlab qolishdir», deydi va Idlibdan voz kechmasligini e'lon qiladi.

Nihoyat, 2020 yil 5 martda Rossiya bilan Turkiya yangi kelishuvga erishgan hududda Asad armiyasi ilgarilaydi, muxolifat esa tor doirada qolib ketadi. Hujumlarda o‘nlab askarlarini yo‘qotgan Turkiya Damashq armiyasi nazorati ostida qolgan mintaqadan ba'zi kuzatuv nuqtalarini ko‘chirishga majbur bo‘ladi.

Idlibning katta qismi bugun «Hayyat Tahrir ash-Shom» (Suriyadagi fuqarolar urushida qatnashgan faol Salafiy tashkilot – tahr.) nazorati ostida.

2018 yil dekabr – IShIDning qo‘l ostida biror hudud qolmagani e'lon qilinadi

AQShning o‘sha paytdagi prezidenti Tramp 2018 yil dekabrda IShID nazorati ostida birorta hudud qolmaganligini va AQShning Suriyadan chiqib ketishini e'lon qiladi. Biroq bildirilgan e'tirozlar natijasida ming nafar askarnigina chaqirib oladi.

Furotning narigi tomonida esa rus yollanma askarlari va Eron qurolli kuchlari bilan birgalikda IShIDga qarshi kurashni davom ettiradi.

Tramp Obamaning YPG’ga yordam berishni boshlaganidan besh yil o‘tib, 2019 yil oktyabr oyida Erdo‘g‘an bilan bo‘lib o‘tgan telefon suhbatidan so‘ng Suriyadan chiqib ketishini yana bir bor e'lon qiladi.

Bu bayonot uzoq vaqtdan beri Furot sharqidagi YPG’ga qarshi harbiy harakatlarni rejalashtirayotgan Anqara uchun yashil chiroqlarning yonishidan darak edi. Erdo‘g‘anning «Qarori berib bo‘lingan va allaqachon boshlangan tinchlik bulog‘ining ko‘zini ochish jarayoni ehtimol bugun, balki ertaga deydigan darajada yaqindir», degan gaplari ortidan Turkiya 9 oktyabr kuni YPG’ga qarshi «Tinchlik bulog‘i» operatsiyasini boshlaydi.

Mazkur operatsiya avval AQSh, keyin esa Rossiya bilan kechgan kelishuvlar bilan yakunlanadi. YPG’ni chegaradan 30 kilometr ichkariga chekintirishga va ushbu hududda Rossiya va Suriya qo‘shinlari tomonidan nazorat o‘rnatilishiga qaror qilinadi.

Ta'kidlash joizki, YPG shu paytgacha tom ma'noda to‘liq ortga qaytarilgani yo‘q. Mintaqada yaqin mavqega ega bo‘lgan SDF (Syrian Democratic Forces– Suriya Demokratik kuchlari) va Damashq ma'muriyati o‘rtasida Rossiya vositachiligi ostida hamkorlik bo‘yicha muzokaralar davom etmoqda.

Baas ma'muriyatini tan olmaydigan mamlakatlar Asadga yashil chiroq yoqishni boshladi

Urushning aksariyat qismida hukmronlik qilgan IShID muammosi bartaraf etilgach, avval arab davlatlari, keyin esa Yevropa davlatlari Asad va Baas partiyasiga nisbatan o‘z yondashuvini o‘zgartira boshladi.

Anqara va Damashq o‘rtasida ham «terroristik tashkilotlarga qarshi» hamkorlik qilish, «agar suriyaliklar demokratik saylovlarda uni tanlasa» Asad bilan ishlash mumkinligi haqidagi gap-so‘zlar paydo bo‘ldi. Ikki mamlakat razvedka rahbarlari Xoqon Fidan va Ali Mamluk 2020 yil yanvar oyida Moskvada uchrashdilar.

Bu orada Eronning ta'sir doirasini cheklamoqchi bo‘lgan va muxolifatni qo‘llab-quvvatlashdan allaqachon voz kechgan Ummon, Iordaniya, BAA va Bahrayn kabi arab davlatlari ham Damashqdagi diplomatik vakolatxonalarini qayta ochishdi va ba'zilari o‘z elchilarini yuborishdi.

Va nihoyat, AQShning yangi prezidenti, demokrat Jo Bayden Oq uyda ish boshladi. Bayden 2021 yilning fevralida Suriyada Asadni qo‘llab-quvvatlayotgan Eron qurolli kuchlariga o‘zining ilk zarbasini berdi.

«Biz armiyamizni kuchaytirishga ikki yil oldin qaror qilgandik. Albatta, buni Rossiya Mudofaa vazirligi bilan birgalikda amalga oshiramiz». Asad ushbu bayonotni urush boshlanganiga 10 yil to‘lishi arafasida berdi va u garchi hozir Rossiya va Eronga qaram bo‘lsa-da, hokimiyatda qola bildi.

Amalda uch qismga bo‘lingan Suriya esa 10 yildan keyin ham «yulduzlar jangi»ning sahnasi bo‘lib qolmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: