Moliya vazirligi jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i bo‘yicha 2020 yildagi tushumlar hisobotini e'lon qildi.
Hisobotga ko‘ra, o‘tgan yili aholi 15,1 trillion so‘m (YaIMning 2,6 foizi) daromad solig‘i to‘lagan. Bu 2019 yil oxirida prognoz qilingan miqdordan (16,1 trillion so‘m) 1 trillion so‘mga kamdir.
Ma'lum qilinishicha, tushumlar kamayishi pandemiya davridagi cheklovlar sabab tadbirkorlik sub'yektlarining iqtisodiy faolligi pasayishi, 2020 yilda soliqqa tortilmaydigan moddiy yordam miqdorining eng kam ish haqining 4,22dan 7,5 barobarga oshirilishi, budjet tashkiloti xodimlarini moddiy rag‘batlantirish uchun xarajatlarning ayrim turlarini qisqartirish bilan bog‘liq.
Shu bilan birga, 2020 yilda ijtimoiy soliq stavkasining mikrofirma va kichik korxonalar uchun 12 foizdan 1 foizgacha pasaytirilishi ish haqi fondini va ishchilar sonini qisman saqlashga imkon berdi.
Ijtimoiy soliq stavkasining pasaytirilishi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi daromadlarining taxminan 900 milliard so‘mdan ziyod qisqarishiga olib keldi. Aksariyat yuridik shaxslar uchun ijtimoiy soliq stavkasi 12 foizgacha pasaytirildi, fuqarolarning shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvaraqlariga ajratmalar miqdori 2 dan 0,1 foizgacha kamaytirildi.
Bundan tashqari, aholini tadbirkorlik faoliyatiga yanada keng jalb qilish va qonuniy mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun qo‘shimcha shart-sharoitlarni yaratish maqsadida 2020 yil iyun oyida o‘zini o‘zi ish bilan band qilganlar shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat turlari ro‘yxati tasdiqlandi. 2021 yil 1 yanvardan boshlab soliq organlari tizimida 560 mingdan ortiq kishi ro‘yxatga olingan.
Manbaga ko‘ra, soliq to‘lovchilar soni 2020 yil noyabr oyida 2018 yil noyabrga nisbatan 12,2 foizga o‘sgan. Bunda 2 - 4 million so‘m oralig‘ida ish haqi oladigan soliq to‘lovchilar soni (oyiga hisoblab chiqilganda) 491 ming kishidan 987 ming kishigacha (o‘sish 1,78 marta), 4 – 5,5 million so‘m oralig‘ida ish haqi oladigan soliq to‘lovchilar 54 ming kishidan 212 ming kishigacha (o‘sish 3,4 marta), 5,5 million so‘mdan ortiq ish haqi oladigan soliq to‘lovchilar 81 ming kishidan 254 ming kishigacha (o‘sish 2,7 marta) o‘sdi.
Ma'lumot uchun, 2019 yildan boshlab barcha fuqarolar uchun jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i stavkasi 12 foiz miqdorida joriy etilgan.