Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi O‘zbekistonning JSTga a'zoligi natijalarini dastlabki baholashni o‘tkazdi

Iqtisodiyot 20:30 / 18.03.2021 8989

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktorining o‘rinbosari Umid Obidxo‘jayev respublikada eksportni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha ma'lumot berdi.

Mutaxassisning ta'kidlashicha, 2016—2019 yillar davomida O‘zbekiston eksporti hajmi 12,6 milliard dollardan 17,9 milliard dollargacha yoki 42 foizga oshgan. Biroq 2020 yilda koronavirus pandemiyasi eksport ko‘rsatkichlariga salbiy ta'sir ko‘rsatib, eksport hajmi 15 foizga kamaygan.

«Shuni ta'kidlash kerakki, eksport tarkibining taxminan 50 foizi xomashyoga to‘g‘ri keladi. Shu munosabat bilan, so‘nggi yillarda O‘zbekiston iqtisodiyotning yuqori qo‘shilgan qiymatga ega tayyor mahsulot ishlab chiqaradigan tarmoqlarini jadal rivojlantirish yo‘lidan boradi. Joriy yilda hukumat oldiga tovar va xizmatlar eksporti hajmini kamida 20 foizga oshirish vazifasi qo‘yilgan», — dedi Umid Obidxo‘jayev.

Mutaxassisning ma'lum qilishicha, Xalqaro savdo markazi metodologiyasi asosida olib borilgan tahlillar shuni ko‘rsatadiki, O‘zbekiston mahsulotlarning ayrim turlari uchun foydalanilmagan eksport salohiyatiga ega, xususan:

  • 986,7 million dollarlik meva-sabzavot mahsulotlari;
  • 686,6 million dollarlik to‘qimachilik mahsulotlari;
  • 56,6 million dollarlik elektrotexnika mahsulotlari.

Shuningdek, hozirda Jahon savdo tashkilotiga a'zo bo‘lish borasida muzokaralar olib borilmoqda. O‘tkazilgan dastlabki tahlillarga ko‘ra, JSTga kirish va bojxona to‘lovlarining 50 foizga pasayishi bilan bog‘liq ssenariy buyicha dastlabki empirik hisob-kitoblarga ko‘ra, O‘zbekistonga import hajmi o‘rtacha 5 foizga, ayrim sanoat mahsulotlari uchun esa 2 foizdan 13 foizgacha o‘sishi mumkin.

«O‘zbekistonning JSTga qo‘shilishidan eksportga ta'sir odatda ijobiy bo‘ladi, chunki JSTga a'zo davlatlar O‘zbekistonga JST doirasida kelishilgan import bojlari stavkalarini qo‘llashadi va bu stavkalar hozirgi paytda O‘zbekistonga nisbatan qo‘llanilganidan past bo‘ladi», — deb ta'kidladi ITIM direktori o‘rinbosari.

  • Ma'lumot uchun, O‘zbekiston JSTga a'zo bo‘lish uchun 1994 yil 21 dekabrda ariza topshirgan va ishchi guruh tuzilgan, lekin 2005 yilga kelib ushbu muzokaralar to‘xtab qolgan. Shunday bo‘lsa-da, 2019 yil boshiga kelib, ushbu ishchi guruh hukumat tomonidan jonlantirilgan. 2020 yil 7 iyulda O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a'zo bo‘lishi bo‘yicha qo‘shma ishchi guruhning yig‘ilishlari qayta tiklandi.
  • Vazirlar Mahkamasi 2020 yil 28 may kuni «Jahon savdo tashkiloti bilan ishlash bo‘yicha idoralararo komissiya to‘g‘risida»gi nizomni tasdiqlash haqida qaror qabul qilgan.
Ko‘proq yangiliklar: