Samsung protsessorlar taqchilligi sababli yangi smartfon ishlab chiqarish rejasidan voz kechishi mumkin

Fan-texnika 18:31 / 17.03.2021 9093

Samsung protsessorlar yetishmovchiligi sababli bu yil Galaxy Note turkumidagi smartfonlarini yangilash rejasidan voz kechishi mumkin, deb yozadi Bloomberg. Agentlikning ma'lumot berishicha, bu haqda aksiyadorlarning yillik yig‘ilishida kompaniya bosh direktorlaridan biri Dong Jin Ko aytgan.

Kompaniyaning bildirishicha, yarimo‘tkazgichlar bozoridagi «muvozanatning buzilishi» yilning ikkinchi choragida qiyinchiliklar keltirib chiqarishi mumkin. Dong Jin Ko Samsung xorijiy hamkorlar bilan ish olib borayotgani, ammo «muammo 100 foizga hal bo‘lishini oldindan aytish qiyin»ligini ma'lum qilgan.

Galaxy Note — kompaniyaning eng katta foyda keltiradigan smartfonlar turkumi bo‘lib, uning sotuvdagi ulushi ancha katta, chunki u eng qimmat telefonlardan hisoblanadi, deya qayd etadi Bloomberg.

Bosh direktorning so‘zlariga ko‘ra, Galaxy Note 2022 yilda yangilanishi mumkin.

Samsung protsessorlarni o‘zi ishlab chiqaradi va ularni ishlab chiqarishda kerak bo‘ladigan xomashyoga ehtiyoji bor. Fevralda yuz bergan qor bo‘ronlari va sovuq sababli elektr energiyasi o‘chishi oqibatida Texasdagi Samsung fabrikasining faoliyati buzildi.  

Protsessorlar yetishmovchiligi haqida birinchi bo‘lib avtomobil ishlab chiqaruvchilar bong urdi. 17 mart kuni Honda protsessorlar yetishmovchiligi sababli AQSh va Kanadadagi zavodlari faoliyati vaqtincha to‘xtatilishini ma'lum qildi. Toyota, Ford, Fiat Chrysler ham xuddi shu sabab bilan ishlab chiqarishni qisqartirdi.

Ko‘proq yangiliklar: