Qozog‘iston poytaxtida 18 martdan karantin qoidalari kuchaytiriladi

Jahon 13:57 / 16.03.2021 19268

Tengrinews.kz xabariga ko‘ra, Qozog‘iston poytaxti aholisi va mehmonlariga qator talablarga rioya qilishni davom ettirish majburiyati yuklandi.

Xususan, ommaviy tadbirlar, shu jumladan uyda oilaviy tadbirlarni (ziyofat, to‘y, yubiley, marosim va boshqalarni) o‘tkazish hamda ularda ishtirok etish, shuningdek bayram korporativ tadbirlarni, mitinglar, yig‘ilishlarni tashkil etish va o‘tkazish taqiqlandi. 

Bundan tashqari, faoliyati tiklanmagan obektlar (bouling markazlari, kompyuter klublari, kinoteatrlar, bilyardxonalar, karaoke, batutlar, tungi klublar, bukmekerlik idoralari, o‘yin maydonchalari)ga tashrif buyurish man etildi.

Shuningdek, Ashyq pilot loyihasida ishtirok etadigan tadbirkorlik obektlariga kirish uchun App Store va Play Market’da yuklab olish mumkin bo‘lgan Ashyq mobil ilovasidan foydalanish lozim.

Jamoat joylari, shu jumladan shahar jamoat transporti va faoliyatiga ruxsat berilgan obektlarga tashrif buyurganda, shuningdek ochiq havoda joylashgan jamoat joylarida bo‘lganda (5 yoshgacha bo‘lgan bolalar va ochiq havoda sport bilan shug‘ullanish bundan mustasno) niqob taqish, masofa saqlash va antiseptiklardan foydalanishga qo‘yiladigan talablarga qat'iy rioya etish shart bo‘ladi.

Qaror 2021 yil 18 mart soat 00:00dan kuchga kiradi. Hujjatning to‘liq matni Nur-Sulton hokimligi saytida e'lon qilingan. 

Avvalroq, O‘zbekistonda kunlik kasallanish holatlari orta boshlagani, Toshkent shahri hokimi maxsus yig‘ilish o‘tkazgani xabar berilgandi.

Ko‘proq yangiliklar: