16 mart kuni «O‘zbekiston eksportini yanada qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish» mavzusida bo‘lib o‘tgan xalqaro davra suhbatida Eksportchilar uyushmasi raisi Muxtor Umarov eksportchi tadbirkorlarni qiynayotgan dolzarb muammolar haqida gapirdi.
Maxsus bank xizmatlarining yo‘qligi
Uyushma raisining ta'kidlashicha, eksport sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan tadbirkorlarni qiynayotgan eng dolzarb masalalardan biri banklarda eksport uchun maxsus bank xizmatlari yo‘qligidir.
«Bu esa bizning tashqi bozorlarda raqobatbardoshligimizni keskin tushirib yubormoqda. Misol uchun, sug‘urtalash asosida mahsulotni 3 oydan - 6 oygacha bo‘lib to‘lash sharti bilan sotish mexanizmi bizda mutlaqo ishlamayapti. Faktoring, diskaunting kabi mexanizmlar bizning banklarda deyarli yo‘qligi ham achinarli holat»,- deydi u.
Eksport qiluvchilarga jarimalar qo‘llash amaliyoti mavjudligi
Muxtor Umarov to‘xtalib o‘tgan ikkinchi dolzarb muammo bu yuklab jo‘natiladigan tovarlar va ko‘rsatilgan xizmatlar uchun tushumlar eksport qiluvchi korxonaning hisob raqamiga vaqtida va to‘liq kelib tushishi uchun javobgarlik belgilanganligi. Bu pandemiya sharoitida qiynalib qolgan tadbirkorlarni jarima qo‘llash orqali yanada og‘ir ahvolga solib qo‘ymoqda.
«Ma'lumki, eksport-import operatsiyalari uchun valuta nazorati to‘g‘risidagi nizom talablariga ko‘ra, yuklab jo‘natiladigan tovarlar va ko‘rsatilgan xizmatlar uchun tushumlar eksport qiluvchi korxonaning hisob raqamiga o‘z vaqtida va to‘liq kelib tushishi uchun javobgarlik belgilangan.
Amaldagi tartib-qoidalarga ko‘ra, muddati o‘tgan debitorlik qarzlariga yo‘l qo‘ygan ya'ni eksport qilgan mahsulot yoki xizmati uchun 180 kun davomida pul mablag‘lari kelib tushishini ta'minlamagan eksport qiluvchiga kelib tushmagan pul mablag‘lari summasining 10 foizi, keyinchalik, ya'ni 365 kun o‘tgandan so‘ng, 20, 70, 100 foizlik jarimalar belgilangan. Ya'ni eksportyor o‘z mahsulotini eksport qildi va ma'lum sabablarga ko‘ra, chet eldagi kompaniya unga mahsulot pulini bermasa, shu muddatlardan keyin ularga jarima yozilishni boshlaydi. Deylik, 100 ming dollarlik pul kelmagan bo‘lsa, bir qancha bosqichda 20 foiz (20 ming dollar), 30 foiz (30 ming dollar) va nihoyat 100 ming dollargacha jarima belgilanishi mumkin.
Hozirgi pandemiya sharoitida ko‘p tadbirkorlarni bu masala qiynamoqda. O‘zi chet eldan pullarini ololmay xunobi chiqib turgan odamga yana jarima qo‘llash mexanizmi bu to‘g‘ri emas. Turkiya, Malayziya tajribasini o‘rgandik, albatta valuta nazorati muhim, lekin jarimalar qo‘yilishini bu davlatlarning hech birida ko‘rmadik»,- dedi Muxtor Umarov.
Sovet davridan qolgan «eksport rejasi»
Uyushma raisi, hokimliklardagi sovet paytidan qolgan «eksport rejasi» tizimi tadbirkorlarni qiynayotgan og‘riqli muammolardan yana biri ekanligini ta'kidladi.
«Eksport rejasi shunday tizimki, tadbirkorlarga sen bu yil mana buncha mahsulotdan eksport qilishing shart degan reja qo‘yiladi. Bu rejalar tufayli aksar tadbirkorlar ko‘p xatoliklarga yo‘l qo‘yadi, ularning mahsulotlarini xorijga pulini olmasdan chiqarib yuborishlariga olib kelmoqda. Natijada, byurokratiya va ko‘plab korrupsion holatlarni keltirib chiqarmoqda»,- dedi Umarov.
Avvalroq, 2021 yilda eksport salohiyatini oshirish bo‘yicha yangi qaror imzolangani ma'lum qilingan edi.
Unda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining hududiy bo‘linmalarida doimiy faoliyat yurituvchi hududiy eksport shtablari tashkil etilishi, 1 fevraldan boshlab eksportchi tashkilotlarga eksportoldi moliyalashtirish ajratilishi ko‘zda tutilgan edi.