AQSh sanksiyalari to‘xtatilganidan so‘ng Xiaomi asoschisining boyligi 1,4 mlrd dollarga ko‘paydi

Fan-texnika 15:57 / 15.03.2021 7844

Xiaomi kompaniyasi asoschisi va bosh direktori Ley Tszyunning boyligi miqdori 1,4 mlrd dollarga ko‘payib, 23 mlrd dollarga yetdi. Bu haqda Forbes Real-Time reytingida ma'lum qilindi.

Milliarderning boyligi kompaniya aksiyalari narxi qimmatlashishi hisobiga oshdi. Dushanba kuni Hongkong birjasida Xiaomi aksiyalari narxi 12 foizga o‘sib, bir donasi narxi 24,35 hongkong dollarini (3,14 dollar) tashkil etdi. 

 Aksiyalar Xiaomi Amerika sudi orqali AQSh hukumatining qora ro‘yxatidan chiqarilishga erishgani bois qimmatlashdi. 

Yanvar oyida Pentagon Xiaomi va Xitoyning yana sakkizta kompaniyasini qora ro‘yxatga kiritgandi. AQShning fikricha, bu kompaniyalar Xitoy maxsus xizmatlari va harbiy-sanoat majmuasi bilan hamkorlik qiladi. Shu sababli bu kompaniyalarga AQSh investitsiyalari kiritilishi taqiqlangan, amerikalik investorlar mazkur ro‘yxatdan o‘rin olgan kompaniyalardagi aktivlaridan 11 noyabrga qadar xalos bo‘lishi kerak edi.

 Shundan so‘ng Xiaomi Pentagon va AQSh moliya vazirligini sudga berdi. Xiaomi o‘z shikoyat arizasida Pentagonning qora ro‘yxatiga kiritilishini konstitutsiyaga zid deb atagan va uning bekor qilinishini talab qilgandi.

12 mart kuni AQSh okrug sudyasi Rudolf Kontreras Pentagonning Xiaomi milliy xavfsizlikka tahdid solishi mumkinligi to‘g‘risidagi xulosasini asossiz deb topdi.

Ko‘proq yangiliklar: