«Ijtimoiy tarmoqning faoliyati mobil qurilmalarda 100 foiz, statsionar kompyuterlarda esa, 50 foizga sekinlashtiriladi», deyilgan «Roskomnadzor» (Rossiya OAVni nazorat qiluvchi federal xizmat) bayonotida.
«Twitter internet xizmatida 2017 yildan beri shu kungacha voyaga yetmaganlarni suiqasd qilishga undovchi, ichida bolalar pornografiyasi bor, shuningdek, narkotik vositalar foydalanilgan informatsiya mavjud kontent o‘chirilmagani bois «Roskomnadzor» tomonidan qonunga qarshi havola va publikatsiyalarni o‘chirishni so‘rab 28 ming marta birlamchi va takroriy talablar jo‘natilgan», deyiladi muassasa bayonotida.
Regulyatorning xabariga ko‘ra, Twitter «Roskomnadzor» o‘chirishni talab qilgan 3168ta taqiqlangan ma'lumotni, shu jumladan, 2569ta «voyaga yetmaganlarni o‘zini o‘zi o‘ldirishga chaqiruvchi», 450ta bolalar pornografiyasi bor, 149ta giyohvand moddalar haqidagi ma'lumotni o‘chirib tashlamagan.
«So‘nggi yorqin misol qilib regulyatorning 2021 yilning 3 martida voyaga yetmaganlarni o‘zini o‘ldirishga chorlovchi chaqiriqlarni o‘chirish haqidagi talablarini namoyishkorona pisanda (huquqni muhofaza qiluvchi organlarning ma'lum qilishicha, voyaga yetmaganlarning suitsid qilishga bir necha urinishlari bartaraf qilingan) qilmaslikni keltirish mumkin (boshqa ijtimoiy tarmoqlardan farqli o‘laroq Twitter o‘chirmadi)», deyilgan bayonotda.
«Twitter’ning Rossiyadagi ishlashi sekinlashishi «voyaga yetmaganlarni suitsidga chorlash, bolalar pornografiyasi va giyohvand moddalarni iste'mol qilish haqidagi ma'lumotlar o‘chirilmagunga qadar» (hatto bloklanishgacha) davom etadi», deya ta'kidlashgan «Roskomnadzor»da.
«Roskomnadzor» Twitter’ning ishlashi sekinlashishini e'lon qilishidan ko‘p o‘tmay, muassasaning sayti ishlamay qoldi (material tayyorlanayotgan paytda ham ishlamayotgandi - tahr). Shuningdek, Kreml, davlat Dumasi va boshqa bir nechta davlat idora va organlarining saytlari ishlashdan to‘xtadi. Moskva, Sankt-Peterburg va Rossiyaning boshqa shaharlari aholisi mamlakatning eng yirik internet provayderi «Rostelekom»ning faoliyatida uzilishlar sodir bo‘layotganidan shikoyat qilishgan.
«Roskomnadzor» va ijtimoiy tarmoqlar
5 martda «Roskomnadzor» Twitter, Facebook, Instagram, TikTok, «VKontakte», «Odnoklassniki», Telegram va YouTube’ga qarshi ma'muriy bayonnomalar tuzgandi. Bunga ushbu tarmoqlar «o‘smirlarni sanksiyalanmagan ommaviy tadbirlarda qatnashish»ga undagan ma'lumotlarni o‘chirmagani yoki vaqtida o‘chirmagani sabab bo‘ldi.
Bir kun avval esa, Mail.ru Group ’ga 4 million rubl miqdorida jarima solingandi. Bunga sabab esa «Odnoklassniki» ijtimoiy tarmog‘idagi ma'qullanmagan aksiyalarda voyaga yetmaganlarning ishtirok etishi haqidagi kontent o‘chirilmagani bo‘lgandi.