Ekspertlar foydalanuvchilarning shaxsiy ma'lumotlarini uchinchi shaxslarga faollik bilan tarqatadigan ilovalarni aniqlashdi. Kiberxavfsizlik bilan shug‘ullanadigan pCloud kompaniyasi bu boradagi hisobotni e'lon qildi.
Hisobotga ko‘ra, shaxsiy ma'lumotlarni eng ko‘p tarqatadigan ilova Instagram ilovasi bo‘lib, u foydalanuvchilarga tegishli ma'lumotlarning 79 foizini tarqatadi.
Keyingi o‘rinlarda ma'lumotlarning 57 foizini bo‘lishadigan Facebook hamda 42 foiz ma'lumotni boshqalarga uzatadigan YouTube ilovalari turadi.
pCloud mutaxassislarining aniqlashlaricha, ilovalarning 80 foizi foydalanuvchilarning shaxsiy ma'lumotlarini yig‘ish bilan shug‘ullanadi.
Kompaniya shuningdek, o‘z foydalanuvchilariga tegishli ma'lumotlarni kamroq tarqatadigan yoki umuman tarqatmaydigan ilovalarni ham ma'lum qilishgan. Bular Skype, Microsoft Teams, Clubhouse, Netflix, Signal va Telegram ilovalaridir.