Sarmoyadorlar Durovdan o‘n millionlab dollarlik zararlarni qoplab berishni talab qilishmoqda

Fan-texnika 14:19 / 02.03.2021 18812

Fevral oyi oxirlarida Da Vinci Capital fondi huquqshunoslari Telegram asoschisi Pavel Durov, Telegram vitse-prezidenti Ilya Perekopskiy va TON’ning boshqa top-menejyer va huquqshunoslariga TON Inc. va Telegram Inc.ga qarshi da'vo kiritish niyatlari borligi haqida ogohlantirish jo‘natishgan, deya xabar bermoqda Forbes nashrining fondga yaqin manbalari.

Maktubda muvaffaqiyatsizlikka uchragan loyiha uchun 100 million AQSh dollari miqdorida kompensatsiya talabi qo‘yilgan. Bu ma'lumotni jamoaviy da'vo kiritayotgan sarmoyadorlardan biri bilan tanish bo‘lgan odam tasdiqlagan. Telegram top-menejmentiga yaqin bo‘lgan ikki manba ham bu ma'lumotni tasdiqlashdi. Lekin bu manbalar da'vo qilinayotgan pul miqdori 20 million dollar ekanini aytgan.

Sarmoyadorlar zararni qoplash uchun Telegram’ga ikki hafta muddat berishgan va rad etilgan taqdirda sudga murojaat qilishlarini aytib ogohlantirishgan. Fondga yaqin manbaning so‘zlariga ko‘ra, letter before claim – bu da'vogar da'vo kiritilishidan avval sudga yo‘llanadigan xat.

«Ikkinchi tarafga oxirgi ogohlantirish beriladi. Ba'zida esa, bu shunchaki texnik holat bo‘ladi va xat, odatda, katta syurpriz bo‘lmaydi.

Hozircha sud bo‘ladigan joy London, keyinchalik boshqa yurisdiksiyalar qo‘shiladi», deydi Forbes manbasi.

Da Vinci Capital egalaridan biri va boshqaruvchi hamkori Oleg Jyelezko izoh berishdan bosh tortdi. Ilya Perekopskiy ham Forbes savollariga javob bermadi.

«Odatda qarzdor tarafga javob berish uchun ikki hafta muhlat beriladi, keyin qarz beruvchi sudga murojaat qilish huquqiga ega bo‘ladi. Zero, u qarzdorlikni undirish uchun sudgacha bo‘lgan rasman barcha choralarni qo‘llab bo‘lgan bo‘ladi», deydi «Ikkert va hamkorlari» yuridik kompaniyasining boshqaruvchi hamkori Pavel Ikkert. Uning so‘zlariga ko‘ra, Buyuk Britaniyada bunday xat majburiy, qarzdor risklarni bo‘yniga olishga tayyor bo‘lsa unga javob berish shart emas.

2020 yilning may oyida Pavel Durov TON blokcheyn platformasi va Gram kriptovalutasi loyihalari tugatilganini rasman e'lon qilgandi. Bu loyihalarga butun dunyodan 171 nafar sarmoyador 1,7 milliard dollar miqdorida investitsiya kiritishgandi. Sarmoyadorlar orasida milliarderlar Roman Abramovich, Yuriy Milner, Qiwi asoschisi Sergey Solonin, tadbirkor Said Gutseriyev, «Vimm-Bill-Dann» hammuassisi David Yakobashvili kabilar ham bor.

Da Vinci Capital boshqaruvidagi Disruptive Era Fund TON’ning eng yirik sarmoyadorlaridan biri edi. «Fondning Telegram bilan tuzgan shartomasiga ko‘ra, u 72,1 millionlik tokenlar olishi kerak edi va 2018 yili sotuvchi taraf hisobiga 45,4 million dollar o‘tkazib bergan», deyiladi SEC hujjatlarida.

TON’ning yana bir yirik sarmoyadori Space Investmens kompaniyasidir. AQShning qimmatli qog‘ozlar va birjalar bo‘yicha Komissiyasi (SEC) ma'lumotlariga ko‘ra, Space Investmens Sergey Azatyanning InVenture Partners kompaniyasi bilan bog‘liq. Sergey Azatyan ham Forbes’ning savollariga javob bermadi.

SEC Gram kriptovalutasini qimmatli qog‘oz sifatida tan olmadi va uning chiqarilishini taqiqladi. Loyihani tugatishga to‘g‘ri keldi va kompaniya pulni darhol olmoqchi bo‘lganlarga sarmoyaning 72 foizini, kredit berib, 2021 yilning apreligacha kutmoqchi bo‘lganlarga 110 foizini qaytarish majburiyatini oldi. Amerikalik sarmoyadorlarda faqat bir variant bor edi – sarmoyaning 72 foizini olish.

«Telegram 2021 yilning apreli so‘ngiga qadar investorlarga 600 million dollardan ziyod pulni qaytarishi kerak», deyiladi 2018-2020 yil Telegram guruhining hisobotlari bilan tanishgan VTimes nashrida.

«Qarzni to‘lash uchun Telegram investorlardan 1 milliard dollar olmoqchi», deyilgandi The Information va Kommersant' nashrlarida.

Telegram’ning moliyaviy hisobotlariga ko‘ra, obligatsiyalarni sotishdan tushgan mablag‘ning 684 millioni qarzlarni to‘lashga sarflanadi. Qarzlarning katta qismi (2020 yilga ko‘ra 625,7 million dollar) – 2021 yilning 30 apreliga qadar to‘lanishi shart bo‘lgan ochiq kredit liniyalari bo‘yicha olingan qarzlar.

Sarmoyadorlarga atalgan hujjatlarda Telegram’ni monetizatsiya qilish haqida gap boradi. Monetizatsiya asosida Telegram kanallariga reklama qo‘yish yotadi. Kompaniya hisob-kitoblariga ko‘ra, messenjerda oyiga o‘rtacha 350 milliard ko‘rishlar bo‘ladi va 42 million faol kanallar mavjud. Messenjer auditoriyasiga yiliga 40 foizga o‘sgan taqdirda, 2025 yilga borib ko‘rishlar soni 2 trilliondan oshib ketadi va har o‘ninchi ko‘rish reklama bo‘lishi mumkin.

Qarzlarni to‘lash uchun Durov nimadan pul ishlamoqchi?

Pavel Durov chiqarilgan obligatsiyalardan tushgan mablag‘ hisobiga qarzlarni to‘lagach, Telegram jamoasi turli usullar bilan messenjer monetizatsiyasini yo‘lga qo‘yishni va'da qilgan. Investorlarga atalgan hujjatda e'lon qilingan rejalardan tashqari yangi g‘oyalar ham bayon etilgan. 2023 yilga qadar Telegram quyidagi loyihalarni yo‘lga qo‘ymoqchi:

  • asosiy – reklamadan daromad: Telegram kanallarda reklama postlari orqali pul ishlash.

Daromad olishning boshqa imkoniyatlari:

  • Telegram ning alohida do‘konida premial stikerlar sotish;
  • o‘yin ishlab chiqaruvchilarning chat o‘yinlarida qo‘yilgan reklama orqasidan tushgan daromadni bo‘lish modeli;
  • korporativ mijozlar uchun qo‘shimcha xizmatlar joriy qilish: messenjerlar foydalanuvchilari Telegram’da alohida ishchi kenglik va xodimlarni boshqarish instrumentlarini tashkil qilinishidan manfaatdor. 2021-2022 yillarda Telegram shu yo‘nalishga sarmoya kiritib, kelajakda korporativ foydalanish uchun to‘lov undirish niyatida;
  • daromadni guruh ma'murlari bilan baham ko‘rish modeli: Telegram guruh chatlarida reklama qo‘yishni istamayotgani bois, tushgan pulni messenjer guruh ma'murlari bilan bo‘lishmoqchi. Aynan guruh ma'murlari reklama qo‘yishdan manfaatdor bo‘lishadi;
  • reklamani integratsiya qilgan holda qisqa videolar qo‘yish;
  • savdo uchun platforma yaratish: Telegram messenjer ichida internet savdoni rivojlantirish. Bunda savdogarlarga optimallashtirilgan to‘lov usullari va yetkazish variantlari bilan tovarlar kataloglarini joylashtirish imkonini yaratish. Kompaniya messenjer platformasidan foydalangani uchun hozircha savdogarlardan komissiya olmasligi, ulardan potensial reklama beruvchi sifatida foydalanib turishini ma'lum qilgan.
Ko‘proq yangiliklar: